Iordaniya delegatsiyasi bilan ilmiy-ma’rifiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yilning 16-noyabr kuni Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi ta’lim va inson resurslarini rivojlantirish vaziri, professor Azmi Mahfaza boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolarini Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi.
Shundan so‘ng mehmonlar Markaz muzey ekspozitsiyalari bilan tanishib, islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalarning jahon ilm-fani va tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasi, noyob qo‘lyozmalar va tarixiy artefaktlar haqida ma’lumot oldilar. Shuningdek, muqaddas Ka’ba kisvasi eksponati bilan ham tanishdilar.
Tashrif doirasida Markazning Anjumanlar zalida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, ta’lim, ilm-fan, madaniyat hamda umumiy tarixiy-ma’naviy merosni o‘rganish yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov uchrashuvda so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Xususan, 2025-yil avgust oyida Iordaniya Qiroli Abdulla II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga tarixiy tashrifi, Samarqand shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan muzokaralar hamda ularning natijalari bo‘yicha imzolangan ikki tomonlama hujjatlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab bergani qayd etildi.
Shuningdek, Markaz direktori Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan majmuaning nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosdagi ilmiy-ma’rifiy ahamiyati, uning turli mamlakatlar o‘rtasida ma’rifiy muloqotni rivojlantirishdagi o‘rniga alohida to‘xtaldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat mamlakatimiz, balki butun islom olamining boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qiladigan yirik ilmiy-ma’rifiy majmuadir. Markazning asosiy maqsadi buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni zamonaviy yondashuvlar asosida namoyon etish, uni jahon hamjamiyatiga yetkazish hamda turli xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida ilm-fan, ma’rifat va madaniyatga asoslangan muloqotni rivojlantirishdan iborat.
Biz uchun Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi bilan hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Zero, O‘zbekiston va Iordaniya xalqlarini mushtarak diniy qadriyatlar, boy tarixiy meros, buyuk allomalar va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shilgan umumiy hissa bog‘lab turadi. Shu bois ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot muassasalari, universitetlari, kutubxonalari va muzeylari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Markazimizda tashkil etilayotgan xalqaro forumlar, konferensiyalar, ilmiy anjumanlar va ko‘rgazmalar ana shu hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilmoqda. Bu jarayonlarda iordaniyalik olimlar, ulamolar va madaniy meros sohasi mutaxassislarining ishtiroki biz uchun juda muhim. Kelgusida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, qo‘lyozma manbalarni o‘rganish va raqamlashtirish, ko‘rgazmalar almashinuvi, ilmiy nashrlar tayyorlash hamda mutaxassislar tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilganmiz.
Ishonchim komilki, bugungi uchrashuv va amalga oshirilayotgan muloqotlar O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlab, ikki xalqning boy tarixiy va ma’naviy merosini xalqaro miqyosda keng namoyon etishga xizmat qiladi, — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Uchrashuvda ikki mamlakatning ilmiy va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish, qo‘lyozma manbalarni o‘rganish va raqamlashtirish, muzeylar o‘rtasida ko‘rgazmalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy nashrlar tayyorlash hamda mutaxassislar malakasini oshirish masalalari ham muhokama etildi.
Shuningdek, Markaz jamoasi tomonidan 19–20-noyabr kunlari Iordaniya poytaxti Ammon shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan taqdimotlarga tayyorgarlik ko‘rilayotgani ma’lum qilindi. Ushbu tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarni mazmunan boyitish, yangi hamkorlik tashabbuslarini ilgari surish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Iordaniya ta’lim va inson resurslarini rivojlantirish vaziri professor Azmi Mahfaza Markaz faoliyati va ekspozitsiyalaridan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. U majmuaning me’moriy yechimi, mazmun-mohiyati va tarixiy merosni namoyon etish imkoniyatlarini yuqori baholadi.
Bu haqiqatan ham mahobatli va go‘zal muzey. Binoning o‘zi, ekspozitsiyalar va bugungi tarixiy sayohat menda katta taassurot qoldirdi. Taqdim etilgan ma’lumotlar juda mazmunli va ta’limiy ahamiyatga ega. Ekspozitsiyalar orqali O‘zbekiston bilan Iordaniya, shuningdek, butun mintaqa, islom va arab mamlakatlarini bog‘lab turgan tarixiy aloqalarning chuqurligini his qilish mumkin.
Biz mushtarak tarixga egamiz, bir xil buyuk ustozlar va olimlar merosidan bahramand bo‘lganmiz. Bu esa o‘zaro munosabatlarimizni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish qanchalik muhimligini eslatadi. Ishonchim komilki, ushbu tashrif ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, — dedi Azmi Mahfaza.
Vazir Markazning milliy tarix, diniy va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash, ularni kelajak avlodga yetkazishdagi ahamiyatiga ham alohida to‘xtaldi.
Menimcha, har bir mamlakatda shunday maskan bo‘lishi kerak. Bunday markazlar milliy ramzlar, tarix va din bilan bog‘liq merosni saqlash hamda yosh avlodga yetkazishda juda muhim. Ular kelajak avlodda milliy g‘urur tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu Markaz O‘zbekiston tarixini yaxlit aks ettiruvchi o‘ziga xos tarix sabog‘idir, — deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Iordaniya vaziri.
Azmi Mahfaza, shuningdek, Iordaniya Qiroli Abdulla II va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, oliy darajadagi tashriflar va erishilayotgan kelishuvlar ta’lim hamda madaniy aloqalarni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Uchrashuv yakunida Iordaniya delegatsiyasi rahbari professor Azmi Mahfazaga Markaz nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, vazir Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z qaydini yozib qoldirdi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi tarixiy-madaniy mushtaraklikni yanada chuqur o‘rganish, ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yo‘lidagi muhim muloqot bo‘ldi.





