Turkiya Adliya vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida mushtarak tarixiy meros bilan tanishdi
«Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rish, balki bevosita his etib, o‘rganish imkoniga ega bo‘ldik». Turkiya Adliya vazirligi huzuridagi Sud-tibbiyot muassasasi raisining o‘rinbosari Muhammad Shimshak O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifini shunday baholadi. Turkiya Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari bosh boshqarmasi rahbari Mehmet Murat Tuzjuning ta’kidlashicha esa vizual namoyishlar va qadimgi turkiy xalqlarga tegishli tarixiy dalillar uning e’tiborini tortgan.
Joriy yilning 17-noyabr kuni Turkiya Respublikasi Adliya vazirligi tizimi vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan delegatsiya a’zolari Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan markazning faoliyati, ekspozitsiyalari va boy tarixiy merosi bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida mehmonlarga markaz ekspozitsiyasi bo‘yicha to‘liq ma’lumot berildi. Ular tarixiy qo‘lyozmalar, noyob eksponatlar, san’at asarlari hamda zamonaviy mulьtimedia namoyishlariga alohida qiziqish bildirdi.
Turkiya Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari bosh boshqarmasi rahbari Mehmet Murat Tuzju markaz ekspozitsiyalarini katta qiziqish bilan tomosha qilganini ta’kidladi.
Men turk tarixi bilan juda qiziqaman. O‘zbekiston tarixini ham yaxshi bilaman. Temuriylar davri va undan oldingi, keyingi bosqichlarga oid tarixiy ma’lumotlarni o‘rganganman. Ushbu davrlarga tegishli asarlarni o‘z joyida ko‘rish men uchun hayajonli bo‘ldi. Ayniqsa, islomning kirib kelishidan keyingi davrga oid eksponatlar, muzeydagi harakatlanuvchi vizual namoyishlar va qadimgi turkiy xalqlarga tegishli tarixiy dalillar e’tiborimni tortdi, — dedi u.
Shuningdek, mehmon Saljuqiylar va Usmoniylar davriga oid eksponatlarni ko‘rish unda alohida taassurot qoldirganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda ayrim umumiy tarixiy tushunchalar va so‘zlarning farqlanib borishiga qaramay, turkiy xalqlarni mushtarak tarixiy ildizlar birlashtirib turadi.
Turkiya Adliya vazirligi huzuridagi Sud-tibbiyot muassasasi raisining o‘rinbosari Muhammad Shimshak ham markaz haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Bu markazni butun dunyoga taqdim etganingiz uchun katta rahmat. Juda go‘zal va puxta tashkil etilgan. Ilk davrlardan bugungi kungacha bo‘lgan turkiy xalqlar tarixi va islom taraqqiyoti juda chiroyli aks ettirilgan. Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rish, balki bevosita his etib, o‘rganish imkoniga ega bo‘ldik. Ham o‘z ildizlarimiz, tarixiy Vatanimizni tanidik, ham turkiy xalqlarning islomni qanday qabul qilgani va uning rivojiga qanday hissa qo‘shganini ko‘rib, bilib oldik, — dedi u.
Muhammad Shimshak, ayniqsa, islom davriga oid san’at asarlari, mohirona ishlangan naqshlar va ekspozitsiyalarning tashrifchilarga tarixni ko‘rgazmali tarzda yetkazish imkoniyatini yuqori baholadi. Uning fikricha, markaz nafaqat turkiy xalqlar, balki butun dunyo vakillari kelib ko‘rishi lozim bo‘lgan muhim madaniy-ma’rifiy maskandir.
Tashrif yakunida delegatsiya a’zolari markaz faoliyatiga yuksak baho berib, uning xalqlarimiz mushtarak tarixini o‘rganish, islom sivilizatsiyasining jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini anglash hamda madaniy-ma’rifiy merosni keng targ‘ib etishdagi ahamiyatini ta’kidladilar.





