Dinlararo bag‘rikenglik: O‘zbekiston tajribasi xalqaro muloqot maydonida
Diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash uchun xalqaro konferensiyalarning o‘zi yetarlimi yoki turli e’tiqod vakillarining kundalik hayotdagi hamkorligi ham zarurmi? Bu masala 17-noyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilgan «Dinlararo bag‘rikenglik» xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining muhim muhokama yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. AQSh, Shvetsiya, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Rossiya, Hindiston va boshqa mamlakatlardan kelgan diniy soha vakillari, diplomatlar hamda ekspertlar O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 diniy konfessiya vakillarining hamjihatlikda yashash tajribasi, dinlararo ishonchni mustahkamlash, radikallashuvning oldini olish va yoshlar tarbiyasida ma’rifatning o‘rnini muhokama qildi.
Bugungi globallashuv sharoitida turli millat va din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikni qaror toptirish barqaror taraqqiyotning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Dunyoda turli qarama-qarshiliklar kuzatilayotgan bir paytda tinchlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib etish, millatlar va konfessiyalar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning 17-noyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining anjumanlar zalida o‘tkazilgan xalqaro konfrensiya ham ushbu maqsadlarga qaratildi.
Tadbir ochilishida YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili Baxtiyor Namozov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov hamda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev kirish so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
O‘zbekistondagi bag‘rikenglik muhiti — amaliy tajriba
Anjuman doirasida O‘zbekistonda shakllangan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhiti, uning jamiyat barqarorligi va mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov o‘z chiqishida yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari hamda 16 ta diniy konfessiyaning tinch-totuv hayot kechirayotgani mamlakatimizdagi bag‘rikenglik muhitining amaliy ifodasi ekanini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, bugun O‘zbekistonda har bir inson millati va diniy mansubligidan qat’i nazar, jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida qadr topmoqda. Bu esa asrlar davomida shakllangan o‘zaro hurmat va hamjihatlik an’analarining davomidir.
130 dan ziyod millat va elatlar istiqomat qilayotgan mamlakatimizda bir oilaning farzandlaridek hayot kechirmoqdamiz. Bugun xalqaro miqyosda ham O‘zbekistondagi millatlararo va dinlararo totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhitini o‘rganish, uni dunyoga namuna sifatida ko‘rsatish mumkinligi e’tirof etilmoqda.
Mamlakatimizda har bir inson O‘zbekiston fuqarosi sifatida o‘z qadrini topadi. Bunday tinchlik va osoyishtalikni asrash, uni kelgusi avlodlarga yetkazish esa barchamizning vazifamizdir. Bugungi anjumanda turli mamlakatlar vakillari, yurtimizda yashayotgan turli millat va diniy konfessiya namoyandalarining bir maydonda jam bo‘lishi ham o‘zaro hurmat va hamjihatlikning yorqin ifodasidir, — dedi Zayniddin Eshonqulov.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor Yunusov ham yurtimizda turli konfessiya vakillarining o‘zaro hurmat va hamkorlik asosida faoliyat yuritayotganiga e’tibor qaratdi.
Bugun Vatanimiz tinch, xalqimiz farovon, osmonimiz musaffo. Yangi O‘zbekistonda bag‘rikenglik masalasi eng yuqori darajaga ko‘tarilganini nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo e’tirof etmoqda.
Dunyoning turli hududlarida kelishmovchiliklar va ziddiyatlar kuzatilayotgan bir sharoitda mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiyaning o‘zaro hurmat va yaxshi munosabatlar asosida faoliyat yuritishi katta ahamiyatga ega. Ularning barchasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyoti va ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda, — dedi Abduqahhor Yunusov.
Xalqaro hamkorlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash
Xorijiy ishtirokchilar ham O‘zbekistondagi bag‘rikenglik muhiti, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va xalqaro muloqotni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni yuqori baholadilar.
Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligining dinlararo va madaniyatlararo muloqot bo‘yicha maxsus vakili Kristian Kamil O‘zbekiston bilan Shvetsiya o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda jadal rivojlanayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, ikki mamlakat o‘rtasida migratsiya, radikallashuvning oldini olish va dinlararo muloqot yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalari kengaymoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Biz migratsiya sohasida ikki tomonlama kelishuvga erishdik, radikallashuvning oldini olish va dinlararo muloqot yo‘nalishlarida ham hamkorlik qilmoqdamiz.
Joriy yil mart oyida O‘zbekistondan yuqori darajadagi delegatsiyani Shvetsiyada qabul qilgan edim. Ushbu tashrif doirasida Shvetsiya parlamentida diniy bag‘rikenglik va radikallashuvning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan seminar ham o‘tkazildi. Bugungi konferensiya esa ana shu muloqotning mantiqiy davomidir.
Madaniyat va din mamlakatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan bugungi tadbir ham ikki mamlakat o‘rtasidagi ijobiy munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, deb ishonaman, — dedi Kristian Kamil.
Bahoiylar xalqaro hamjamiyatining BMTdagi bosh vakili Reychel Bayani esa dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlashda jamoalarning kundalik hayotdagi hamkorligi muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Uning fikricha, bu jarayonda mahalla instituti alohida o‘rin tutadi. Chunki turli qarash va e’tiqodga ega insonlarning birgalikda faoliyat olib borishi o‘zaro tanishuv, ishonch va hamkorlikni mustahkamlaydi.
Diniy jamoalar vakillarining faqat konferensiyalarda uchrashishi yetarli emas. Ular kundalik hayotda ham bir-birlari bilan muloqot qilishi va hamkorlikda ishlashi zarur. Bu borada mahalla muhim maydon bo‘la oladi.
Odamlar birgalikda ishlaganda bir-birini yaxshiroq taniydi, jamiyatdagi muammolarni muhokama qiladi va ularga birgalikda yechim topishga harakat qiladi. Ana shu jarayonda noto‘g‘ri qarashlar va bir-birini tushunmaslik holatlari barham topadi. Inson boshqa diniy jamoa vakilini begona emas, balki o‘zining hamkori va yaqin insoni sifatida qabul qila boshlaydi, — dedi Reychel Bayani.
Arman Apostollik cherkovi arxiyepiskopi Yezras Nersisyan ham O‘zbekistonda kechayotgan ma’naviy yangilanish jarayonlarini e’tirof etib, mamlakatda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.
Biz ushbu xalqaro konferensiyada ishtirok etish, quvonchimiz va minnatdorchiligimizni bildirish uchun mehmondo‘st O‘zbekistonga tashrif buyurdik. Yangi O‘zbekistonda kechayotgan ma’naviy yangilanish jarayonlarining guvohi bo‘ldik.
Bu muborak zaminda yashayotgan insonlarning diniy va milliy mansubligidan qat’i nazar, tinchlik va hamjihatlikda hayot kechirayotgani quvonarli. Yaratgandan xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi tinchlik, o‘zaro anglashuv va birdamlikni yanada mustahkamlashini so‘raymiz, — dedi arxiyepiskop Yezras Nersisyan.
MDH Hind forumi va Rossiya Hind Kengashi raisi Sanjiit Kumar Jxa ham konferensiyaning xalqaro ahamiyatiga to‘xtalib, O‘zbekistondagi do‘stona muhitni boshqa mamlakatlar uchun ham o‘rnak sifatida baholadi.
O‘zbekistonda turli millat, madaniyat va din vakillari azaldan ahil-inoq yashab kelgan. Bu an’ananing bugun ham davom etayotgani quvonarli. Mamlakatingizda insonlar do‘stona muhitda, tinchlik va hamjihatlikda hayot kechirmoqda. Bu dunyoning boshqa mamlakatlari uchun ham o‘rnak bo‘la oladigan tajribadir.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazini alohida ta’kidlamoqchiman. Bu betakror me’moriy inshoot. Men ushbu markazda tashkil etilgan xalqaro konferensiya ishtirokchisi bo‘lganimdan o‘zimni baxtli his qilmoqdaman, — dedi Sanjiit Kumar Jxa.
Rossiyadagi Novoapostol cherkovi boshqaruv markazi vitse-prezidenti Vladimir Lazarev ham anjumanning nafaqat konfessiyalararo, balki millatlararo totuvlikni mustahkamlashdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Bugungi tadbir turli din vakillarini bir maydonda jamlagani bilan muhim ahamiyatga ega. Bunday uchrashuvlar insonlar o‘rtasida tinchlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlaydi.
Ayniqsa, yoshlar oldida katta mas’uliyat bor. Chunki ular nafaqat O‘zbekistonning, balki butun dunyoning kelajagidir. Diniy yetakchilar, jamoatchilik va yoshlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro hurmat va birdamlikni asrash barchamizning vazifamizdir.
O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar va turli konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikni alohida e’tirof etaman. Mamlakatingizga tinchlik, xalqingizga farovonlik va yanada yuksak taraqqiyot tilayman, — dedi Vladimir Lazarev.
Ta’lim va ma’rifat — barqarorlik omili
Konferensiya uchta sho‘’ba doirasida davom etdi. Ikkinchi sho‘’bada konfessiyalararo va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, diniy tashkilotlar va milliy madaniy markazlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchinchi sho‘’ba esa ta’lim va ma’rifatning jamiyatda totuvlikni ta’minlashdagi o‘rniga bag‘ishlandi. Unda yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish, ekstremizm va radikalizmning oldini olishda ma’rifatning ahamiyati, shuningdek, ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Sho‘balarda mamlakatimiz va xorijdan tashrif buyurgan olimlar, diniy konfessiyalar vakillari va mutaxassislar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etib, mavzu yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Xalqaro konferensiya turli mamlakatlar vakillari o‘rtasida tajriba almashish, o‘zaro ishonch va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, bunday xalqaro anjumanlarning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi mamlakatimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini, tinchlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga ham xizmat qiladi.





