Tursunali Qo‘ziyevga Prezident farmoni bilan faxriy unvon berildi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori maslahatchisi Tursunali Qo‘ziyevning 75 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etib, davlatimiz rahbarining Farmoniga muvofiq Tursunali Qo‘ziyevga berilgan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonini topshirdi.
Davlatimiz rahbarining tegishli Farmonida Tursunali Qo‘ziyevning davlat boshqaruvi va madaniyat sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, ilmiy-ijodiy faoliyati, mamlakatimizda tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish, milliy madaniyatimizni jahon miqyosida targ‘ib etish, tarixiy-madaniy merosimizni chuqur o‘rganish hamda yosh iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi xizmatlari alohida e’tirof etilgan.
Shuningdek, san’atkorning o‘zbek badiiy maktabi an’analarini asrab-avaylash va boyitish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qo‘shayotgan hissasi ham yuksak baholangan.
Tantanali tadbirda davlat va jamoat arboblari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, muzeylar direktorlari, rassomlar, shogirdlar, hamkasblar va san’atkorning yaqinlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Tursunali Qo‘ziyevning hayot yo‘li, ijodiy faoliyati va milliy san’at rivojiga qo‘shgan hissasi aks etgan videolavha namoyish etildi. Unda ustozning rassomlik, ilm-fan, ta’lim va jamoatchilik sohalaridagi ko‘p yillik faoliyati, mamlakatimiz madaniy merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etish borasidagi xizmatlari yoritildi.
Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning tabrigi o‘qib eshittirildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev, O‘zbekiston xalq rassomi, Badiiy akademiya akademigi Alisher Aliqulov, san’atshunos Husan Hosilov va boshqalar so‘zga chiqib, Tursunali Qo‘ziyevning milliy san’at va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi, boy ijodiy tajribasi, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va shogirdlar tarbiyasidagi xizmatlarini alohida e’tirof etdilar.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Tretyakov davlat galereyasining sobiq direktori Zulfira Tregulova, Peterburgliklar jahon klubi prezidenti Mixail Piotrovskiy hamda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning san’atkorga yo‘llagan tabriklari o‘qib eshittirildi. Ularda Tursunali Qo‘ziyevning rassom, ustoz va jamoat arbobi sifatidagi faoliyati, xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi yuksak baholandi. Shuningdek, Tursunali Qo‘ziyevga Madaniyat vaziri buyrug‘i bilan "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishoni topshirildi.
Tursunali Qo‘ziyev bildirilgan samimiy tilaklar va ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, hayot yo‘li, ijodiy faoliyati davomida uchratgan ustozlari, hamkasblari va do‘stlari haqida so‘zladi.
Tadbir akademikning milliy madaniyatimiz va san’atimiz rivojiga qo‘shgan hissasi, ko‘p yillik mehnati va yosh avlod tarbiyasidagi ustozlik faoliyatiga bildirilgan yuksak ehtirom ifodasi bo‘ldi.





