Iordaniya universiteti o‘zbekistonlik talabalarga 50 foizlik stipendiya taqdim etishni rejalashtirmoqda
Iordaniyaning Ammon Ahliya universiteti o‘zbekistonlik talabalar uchun turli ta’lim yo‘nalishlarida 50 foizlik stipendiyalar taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda universitet vitse-prezidenti Bashar at-Tarovna Iordaniya delegatsiyasining Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida ma’lum qildi.
Bashar at-Tarovna, Iordaniyaning Ammon Ahliya universiteti vitse-prezidenti:
Ushbu go‘zal Markazga tashrif buyurganimizdan juda xursandmiz. Bu yerda O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va islom olamidagi buyuk allomalarning ilmiy merosi bilan yaqindan tanishdik. Ularning barchasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, qalban his etdik.
Biz uchun juda qiziqarli sayohat tashkil etildi. Markaz xodimlari ham o‘z ishining haqiqiy mutaxassislari ekan. Bu yerda tarix haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Toshkentda hali ko‘rishimiz va tanishishimiz kerak bo‘lgan juda ko‘p maskanlar bor. Buning uchun katta rahmat!
Iordaniya ta’lim sohasida ancha katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan. Bugungi kunda mamlakatimizda 27 ga yaqin universitet faoliyat yuritadi. Ularda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan xalqaro talabalar tahsil oladi.
Ushbu tashrifimizdan ko‘zlangan maqsadlardan biri ham O‘zbekistondan talabalarni Iordaniya universitetlariga jalb qilishdir. Men Iordaniyadagi birinchi xususiy oliy ta’lim muassasasi — Ammon Ahliya universiteti nomidan ishtirok etyapman. Universitetimiz QS xalqaro reytingida 643-o‘rinni, Times reytingida esa 400-o‘rin atrofidagi pog‘onani egallagan.
Biz O‘zbekistondan talabalarni universitetimizga o‘qishga taklif qilmoqchimiz. Shuningdek, ularga ta’limning turli yo‘nalishlari bo‘yicha 50 foizlik stipendiya taqdim etishni rejalashtirganmiz.
Menimcha, Markaz jamoasi juda katta ishni amalga oshirgan. Ular tarixiy voqeliklarni qayta gavdalantirish va modellashtirishning ajoyib usulini yaratishgan. Bu yerda minglab va yuzlab yillar avvalgi hayot manzaralarini xuddi o‘sha davrdagidek ko‘rish mumkin.
Biz turli tarixiy maketlar va interaktiv modellar bilan tanishdik. Bu yerdagi yoritish tizimi ham alohida e’tiborga molik. U juda qiziqarli va ta’sirchan yechimlar asosida tashkil etilgan.





