Javdat Yilmaz: «Islom sivilizatsiyasi markazi — mushtarak tariximiz va madaniyatimizning betakror timsoli»
Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmon Markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishib, ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy meros, uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan o‘rni hamda bugungi O‘zbekistonda tarixiy merosni asrab-avaylash va keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.
Tashrif davomida Javdat Yilmaz Markazning nafaqat tarixiy merosni namoyon etuvchi muhtasham majmua, balki o‘tmish, bugun va kelajakni o‘zaro bog‘lovchi betakror ma’rifiy makon ekanini alohida ta’kidladi. Uning e’tirofida, ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi qat’iy siyosiy irodasi, keng ko‘lamli islohotlari va mazkur ulug‘vor loyihaning amalga oshirilishiga qaratgan e’tibori alohida o‘rin tutdi.
Javdat Yilmaz, Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti:
«Biroz avval yangi bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. Aytishim kerakki, bu nihoyatda muhtasham maskan ekan. Haqiqatan ham, barchamiz juda katta taassurot oldik.
Bu yerda uch Renessans davri — Birinchi Renessans, ya’ni ilk ma’rifiy yuksalish, Ikkinchi Renessans hamda bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti nihoyatda go‘zal va ta’sirchan tarzda namoyish etilgan.
Markaz o‘tmish, bugun va kelajakni o‘zaro bog‘lovchi betakror maskanga aylangan. U, bir tomondan, yosh avlodga tarixiy meros va qadriyatlarni yetkazsa, ikkinchi tomondan, kelajak avlodlar oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yishga undaydigan mazmunga ega.
Avvalo, hurmatli davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga hamda ushbu ulug‘vor maskanning bunyod etilishiga hissa qo‘shgan barcha insonlarga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.
So‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekiston, ayniqsa, ulkan o‘zgarish va yangilanish jarayonini boshdan kechirdi. Albatta, bu o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan sodir bo‘lgani yo‘q. Ularning ortida kuchli siyosiy iroda va samarali boshqaruv turibdi. Bu — hurmatli davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevdir.
U kishi dadil va jasorat bilan islohotlarni amalga oshirib, O‘zbekistonni iqtisodiy taraqqiyot va xalqaro maydondagi mavqei jihatidan ancha yuqori bosqichga olib chiqdi. Bu jarayon izchil davom etadi. Ishonchim komilki, kelgusi yillarda O‘zbekistonni iqtisodiyotda ham, ilm-fanda ham, boshqa ko‘plab sohalarda ham juda yuksak marralarda ko‘ramiz.
Turkiyada ham xuddi shunday ulkan o‘zgarishlarni Prezidentimiz Rajab Toyyib Erdog‘an amalga oshirdi. Ochig‘ini aytganda, ikki davlat rahbari bir-biriga juda o‘xshaydi. Har ikkisi ham kuchli, qat’iyatli, o‘z mamlakati iqtisodiyotini rivojlantirayotgan va xalq farovonligini oshirayotgan yetakchilardir. Ular islohotlardan cho‘chimaydigan, yangilanish va o‘zgarishlarga ochiq rahbarlardir.
Ikki davlat rahbari o‘rtasidagi nihoyatda mustahkam muloqot va yaqin hamkorlik barcha ishlarimizga katta kuch bag‘ishlamoqda. Shu bois bunday yetakchilarga ega ekanimizni katta baxt deb bilaman.
Bu — bizning mushtarak tariximiz, mushtarak madaniyatimizdir. Shu yerda ekanimdan nihoyatda baxtiyorman. O‘zbekiston xalqiga butun Turkiyadan samimiy salomlar olib keldik. Barchaga eng ezgu tilaklarimni bildiraman».
Tashrif yakunida Javdat Yilmaz «Faxriy mehmonlar» kitobida o‘zining samimiy taassurotlari va ezgu tilaklarini yozib qoldirdi. Unda Markazni mushtarak tariximiz va sivilizatsion merosimizni munosib aks ettiruvchi noyob maskan sifatida e’tirof etib, uning kelajak avlodlar tarbiyasi va ilmiy izlanishlar rivojidagi ahamiyatiga alohida urg‘u berdi.
«O‘zbekistonga tashrifim munosabati bilan mushtarak tariximiz va sivilizatsion merosimizni munosib aks ettiruvchi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurganimdan katta mamnuniyat his qildim.
Islom olamining ilm-fan, madaniyat va tafakkur taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ushbu zaminning boy merosini kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qilayotgan Markaz mushtarak qadriyatlarimizni yanada yaqindan anglashimizga ko‘maklashishi hamda yangi ilmiy tadqiqotlarga ilhom bag‘ishlashiga ishonaman.
Ushbu bebaho maskanning bunyod etilishiga bosh-qosh bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Shavkat Mirziyoyevni hamda bu ezgu ishga hissa qo‘shgan barcha insonlarni tabriklayman. Markazning barcha xodimlariga muvaffaqiyatlar tilayman».
Tashrif so‘ngida Turkiya Respublikasi vitse-prezidentiga Markaz nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Javdat Yilmazning e’tirofi va «Faxriy mehmonlar» kitobida qoldirgan samimiy satrlari Markazning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va siyosiy irodasi bilan barpo etilgan ushbu maskan bugun nafaqat xalqimizning boy tarixiy merosini dunyoga tanitmoqda, balki mushtarak sivilizatsion qadriyatlar asosida xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.





