The Peninsula: Ammonda «Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston» asari taqdimotlari xalqaro jamoatchilik e’tiborida
Iordaniya poytaxti Ammon shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston» asari hamda mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan ilmiy nashrlar taqdimoti xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Davlat, ilm-fan va diniy soha vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlar, O‘zbekiston–Iordaniya hamkorligining istiqbollari hamda mamlakatimizdagi islohotlarning xalqaro ahamiyati haqida Qatarning nufuzli The Peninsula nashrida maqola e’lon qilindi.
Iordaniya poytaxti Ammon shahrida ikki mamlakatning davlat, ilmiy-akademik va diniy doiralari vakillari ishtirokida qator taqdimotlar va uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbirlarning markaziy voqeasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston» nomli asari hamda xorijlik olimlarning zamonaviy O‘zbekistonga bag‘ishlangan ilmiy ishlari taqdimoti bo‘ldi.
Uchrashuvlar davomida ishtirokchilar davlat rahbarining asarida ilgari surilgan g‘oyalarni muhokama qildilar, shuningdek, mamlakat ijtimoiy hayotida amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarni o‘rganayotgan xalqaro tadqiqotchilarning ilmiy baholari bilan o‘rtoqlashdilar.
Mazkur asarda jahon miqyosida kechayotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik o‘zgarishlar, shuningdek, 2016-yildan buyon O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, institutsional modernizatsiya jarayonlari hamda ularning mamlakat taraqqiyoti va tashqi siyosatiga ta’siri atroflicha tahlil etilgan.
Ushbu o‘zgarishlarning xalqaro ahamiyati, shuningdek, O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ammon shahrida o‘tkazilgan tadbirlar doirasida «Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston» asarining taqdimotlari bir qator nufuzli maskanlarda, jumladan, «Sheraton» mehmonxonasi hamda Iordaniyaning ikki yetakchi oliy ta’lim muassasasi — Al al-Bayt universiteti va Jahon islom ilmlari va ta’lim universitetida (WISE) tashkil etildi.
Asosiy asar bilan bir qatorda, arab tilida nashr etilgan yana to‘qqizta kitob va fotoalьbom ham taqdim qilindi. Ushbu nashrlar O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, boy tarixiy merosi, Uchinchi Renessans g‘oyasi hamda mamlakatning xalqaro tashabbuslariga bag‘ishlangan. Mazkur nashrlar Iordaniya kutubxonalariga hadya etildi.
Iordaniya ilmiy jamoatchiligi va keng aholi qatlamini mazkur asar mazmuni, shuningdek, O‘zbekistonda ro‘y berayotgan zamonaviy o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan tadbirlar turkumi davom etmoqda.
O‘zbekiston–Iordaniya munosabatlarining rivojlanishi haqida so‘z yuritgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va mushtarak sa’y-harakatlari tufayli ikki tomonlama hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchisi Nodirjon Turg‘unov 1993-yilda o‘rnatilgan diplomatik munosabatlar Yangi O‘zbekiston sharoitida sezilarli darajada rivojlangani, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik izchil kengayib borayotganini qayd etdi.
O‘z navbatida, Iordaniya Senatining O‘zbekiston–Iordaniya do‘stlik qo‘mitasi raisi Haysam Ubaydat savdo, investitsiya, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga alohida to‘xtaldi.
Muhokamalarda insonparvarlik, bag‘rikenglik va dinlararo muloqot masalalari ham muhim o‘rin egalladi. Iordaniya Vaqflar, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad al-Xaloyla mo‘’tadillik va bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangan islom dinining asl mohiyatini keng targ‘ib etishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Iordaniya Bosh muftiysi Ahmad al-Hasanat esa ikki mamlakat o‘rtasida diniy va ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, islom huquqshunosligi sohasidagi tadqiqotlarni rivojlantirish hamda zamonaviy muammolarga birgalikda yechim topish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekistonning tarixiy va intellektual merosi, shuningdek, uning xalqaro ilmiy va madaniy muloqotni rivojlantirishdagi ahamiyati ham muhokamalarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining missiyasi va islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etishdagi o‘rni haqida so‘z yuritgan Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov quyidagilarni ta’kidladi:
«Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘ziga xos konsepsiyasi va tashabbusining amaliy ro‘yobidir.
Ushbu loyiha ma’rifatparvarlik, insonparvarlik hamda islom olamining boy intellektual merosiga hurmat tamoyillariga asoslangan.
Davlatimiz rahbari hali 2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi minbaridan turib, jaholatga qarshi bilim va ma’rifat orqali kurashish muhimligini ta’kidlagan edi.
Bugungi kunda bizning maqsadimiz buyuk mutafakkirlar merosini nafaqat asrab-avaylash, balki ilmiy va madaniy muloqotni rivojlantirish orqali uni xalqaro jamoatchilik uchun ham ochiq va foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan merosga aylantirishdan iborat».
Muhokamalar davomida xalqaro jamoatchilikni O‘zbekistonning tarixiy merosi bilan tanishtirishga qaratilgan ilmiy va noshirlik loyihalarining ahamiyati ham alohida ta’kidlandi. Qo‘lyozma manbalar ustida hamkorlikda ishlash imkoniyatlari ayniqsa katta qiziqish uyg‘otdi.
Ilmiy kataloglar tadqiqotchilarga qo‘lyozmalarni aniqlash, ularning kelib chiqishi va turli davrlardagi tarqalish tarixini o‘rganish imkonini beradi. Faksimile nashrlar esa noyob tarixiy yodgorliklarning asl nusxalarini saqlab qolgan holda, ularni chuqur tadqiq etish uchun sharoit yaratadi.
Ammon shahrida o‘tkazilgan taqdimotlar va uchrashuvlar ikki mamlakat olimlari hamda mutaxassislari tomonidan qo‘shma ilmiy-tadqiqot va noshirlik loyihalarini amalga oshirish mumkin bo‘lgan hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Iordaniyaga tashrifi davom etmoqda.





