TURKSOY bilan hamkorlikning yangi istiqbollari belgilandi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Kelgusi yilda turkiy xalqlarning mushtarak tarixiy-madaniy merosini keng targ‘ib etish, adabiyot, san’at, hunarmandchilik va yoshlar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Bu haqda Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborovning TURKSOY kotibiyatiga tashrifi doirasida tashkilot Bosh kotibi Sulton Rayev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi. Muloqotda Bosh kotib o‘rinbosari Sayit Yusuf ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda Sulton Rayev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga yuqori baho berib, mazkur loyihaning nafaqat mamlakatimiz, balki butun turkiy dunyo uchun ham alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan tarixiy loyiha. Unda mujassam bo‘lgan ilmiy, ma’naviy va madaniy meros nafaqat O‘zbekiston, balki butun turkiy dunyo uchun ham katta ahamiyatga ega. Markaz tomonidan olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovor. TURKSOY ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor, — dedi Sulton Rayev.
Muloqot davomida Andijon shahrining Turkiy dunyo madaniyati poytaxti deb e’lon qilinishi munosabati bilan amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi. TURKSOY Bosh kotibi mazkur maqom doirasida yirik madaniy tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rilayotganini qayd etib, yaqin kunlarda Andijonga tashrif buyurish rejasi borligini ma’lum qildi.
Uchrashuvda kelgusi yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, moda va hunarmandchilik festivallari, turkiy dunyo yoshlari forumi, intellektual musobaqalar hamda madaniy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, adabiy hamkorlikni rivojlantirish, turkiy xalqlar o‘rtasida ijodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida Amir Temur shaxsi va uning tarixiy merosiga bag‘ishlangan kitoblar hamda badiiy asarlar tanlovini e’lon qilish tashabbusi ilgari surildi.
Biz kelgusida madaniyat, san’at, adabiyot va yoshlar yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada faollashtirishni istaymiz. Turkiy xalqlarning umumiy tarixini, buyuk shaxslar merosini va boy madaniyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorligimiz bundan buyon ham izchil davom etadi, — deya ta’kidladi TURKSOY Bosh kotibi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari TURKSOY faoliyati, tashkilot tomonidan turkiy xalqlarning madaniy merosini asrab-avaylash va xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdilar. Shuningdek, tashkilot tomonidan nashr etilayotgan kitoblar va adabiy asarlar ko‘zdan kechirildi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va TURKSOY o‘rtasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, mushtarak tarixiy xotira va madaniy qadriyatlarni xalqaro miqyosda targ‘ib etish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.





