Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Moskvalik olima: «Islom sivilizatsiyasi markazi — me’morchilik durdonasi»

Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) dotsenti, yuridik fanlar doktori Yekaterina Torkunova O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini me’morchilik san’atining noyob namunasi hamda islom olami va Markaziy Osiyoning ko‘p asrlik tarixini yaxlit o‘rganish imkonini beruvchi ma’rifiy maskan sifatida yuqori baholadi. U Markazga tashrifi davomida tarixiy merosni izchil va tushunarli shaklda namoyish etish tajribasidan katta taassurot olganini bildirib, mazkur majmuani barpo etish uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik izhor etdi.

MGIMOning Integratsiya huquqi va inson huquqlari kafedrasida faoliyat yurituvchi Yekaterina Torkunova Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalari bilan tanishib, ularning tarixiy voqealar va sivilizatsiyaviy taraqqiyot bosqichlarini yaxlit mazmunda ochib berish imkoniyatlarini alohida ta’kidladi.

Yekaterina Torkunova, MGIMO dotsenti, yuridik fanlar doktori:

«Markaz haqiqatan ham me’morchilik shedevri, san’at asaridir. U betakror maskan bo‘lib, butun islom olamining tarixini batafsil yoritib beradi.

Ikki soatga ham yetmagan vaqt ichida bizga barchasi qanday boshlangani va bugungi taraqqiyot bosqichiga qanday yetib kelganimiz haqida hikoya qilib berishdi. Men juda katta taassurot oldim. Bu yerda ulkan mehnat mujassam. Markaz nafaqat butun musulmon olami, balki zaminimizning tarixi va madaniyatiga qiziquvchi barcha insonlar uchun ham beqiyos ahamiyatga ega. Buning qanchalik foydali ekanini so‘z bilan ifodalash qiyin.

Shunday imkoniyatni yaratib bergani, insonlar kelib, boy merosimiz bilan tanishishi uchun ana shunday muhtasham inshootni barpo ettirgani uchun O‘zbekiston Prezidentiga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komilki, bu yerga oilam va do‘stlarim bilan yana kelaman. Bugungi ekskursiyada bizga yuksak professionallik bilan taqdim etilgan ma’lumotlarni yanada chuqurroq o‘rganish, islom olami va Markaziy Osiyo tarixini kengroq anglash uchun bu maskanga yana tashrif buyuraman.