Hakim Termiziy merosini o‘rganish va uni dunyoga tanitish yo‘lidagi hamkorlik kengaymoqda
20-noyabr kuni Termiz shahrida buyuk alloma Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari ham ishtirok etib, allomalar merosini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini xalqaro jamoatchilikka yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Anjumanda O‘zbekiston, Malayziya, Misr, Qirg‘iziston, Italiya, Suriya, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlardan tadqiqotchilar qatnashdi. Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Vaqf xayriya jamoat fondi, oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.
Anjuman davomida Hakim Termiziyning boy ilmiy-ma’naviy merosi, uning islom ilm-fani va tasavvuf ta’limoti rivojiga qo‘shgan hissasi, asarlarining bugungi kundagi ahamiyati yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, alloma merosini chuqur o‘rganish, mavjud manbalarni tadqiq etish va uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan vazifalar muhokama qilindi.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi Irgash Daminov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov ma’ruzalar bilan ishtirok etdi. Ularda Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash, ilmiy asosda o‘rganish va uni milliy hamda xalqaro miqyosda keng namoyon etishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiya doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan alloma merosiga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda Hakim Termiziyning yaqinda nashrdan chiqqan «Al-amsol minal kitob vas sunna» («Qur’on va hadislardan ibratli misollar») asari, shuningdek, Markaz va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida tayyorlangan «Ma’rifat ziyosi Imom Termiziy», «Millat hakimi Hakim Termiziy» kitoblari namoyish etildi. Hakim Termiziy maqbarasi, Imom Termiziy maqbarasi va Sulton Saodat majmuasi haqidagi nashrga tayyorlanayotgan risolalar ham ko‘rgazmadan o‘rin oldi.
Ko‘rgazma bilan tanishgan ishtirokchilarga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimlari Abdushukur Murodov va Alimardon Hayitov nashrlar mazmuni, ularni tayyorlash jarayoni hamda Markaz faoliyati haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, konferensiyada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Abdushukur Murodov «Termiziy allomalar merosi bo‘yicha Markazda amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar» mavzusida ma’ruza qildi. Unda Markazda Hakim Termiziy va Termiz zaminidan yetishib chiqqan boshqa allomalar ilmiy merosini o‘rganish, qo‘lyozma manbalarni tadqiq etish, asarlarni tarjima va tabdil qilish, shuningdek, ularni keng jamoatchilikka yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qo‘lyozmalar xazinasida Hakim Termiziy qalamiga mansub bir nechta asar nusxalari saqlanadi. Ayni paytda ushbu manbalarni ilmiy o‘rganish, tarjima va tabdil qilish orqali ularning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik, ayniqsa, yosh avlodga tushunarli shaklda yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xalqaro konferensiya Hakim Termiziyning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur tadqiq etish, uning jahon ilm-fani va madaniyatidagi o‘rnini yanada kengroq ochib berish, shuningdek, bu borada xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.





