Saudiyalik adib O‘zbekiston haqida yozgan to‘rtta kitobini Islom sivilizatsiyasi markaziga hadya etdi
Saudiya Arabistonilik adib Muhammad Hasan ad-Daraziy mamlakatimizga qilgan safarlari davomida olgan taassurotlari, xalqimizning mehmondo‘stligi va boy tarixiy-madaniy merosi haqida yaratgan asarlarini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etdi.
Markazda Saudiya Arabistonining Qatif hududidan tashrif buyurgan Muhammad Hasan ad-Daraziy va Abdulazim Shaliy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muhammad Hasan ad-Daraziy O‘zbekistonga bir necha bor safar qilib, mamlakatimizning qadimiy shaharlari, tarixiy obidalari, milliy an’analari va xalqimizning o‘ziga xos turmush tarzini o‘rgangan. Ushbu safarlar natijasida yozuvchining O‘zbekistonga bag‘ishlangan qator asarlari dunyoga kelgan.
Jumladan, «Ipak yo‘li orqali. O‘zbekiston» kitobida muallif yurtimizning tarixi, madaniyati va sayohat taassurotlarini qalamga olgan. «Samoviy dasturxonlar» asari esa o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, mehmon kutish madaniyati va milliy qadriyatlariga bag‘ishlangan. «Ichan qal’a soyasida» nomli kitobda Xivaning betakror me’moriy qiyofasi va tarixiy muhiti aks ettirilgan. Uchrashuvda taqdim etilgan yana bir asar Buxoroning qadimiy obidalari va boy madaniy merosiga bag‘ishlangani ma’lum qilindi.
Adib muloqot davomida Samarqand haqida ham yangi asarlar ustida ish olib borayotganini, ular nashr etilgach, Islom sivilizatsiyasi markaziga yuborish niyatida ekanini bildirdi. Shuningdek, u 2027-yilda Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan yangi kitob tayyorlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Uchrashuv yakunida muallif o‘zining to‘rtta kitobini Markazga hadya qildi. Mazkur adabiy tuhfa O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy merosi va milliy qadriyatlariga xorijda ortib borayotgan qiziqishning yana bir ifodasi bo‘ldi. Shu bilan birga, bunday tashabbuslar O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.





