Islom sivilizatsiyasi markazi Anqarada Boburiylar merosining tarixiy talqini bo‘yicha ilmiy masalani ko‘tardi
Turkiya poytaxti Anqarada Bobur va Boburiylar sulolasining tarixiy ildizlari va jahon tarixshunosligidagi nomlanishi xalqaro ilmiy muhokamaga qo‘yildi. 20–21 noyabr kunlari G‘oziy universitetida Turkiya Fanlar akademiyasi hamkorligida Zahiriddin Muhammad Bobur va uning boy merosiga bag‘ishlangan xalqaro simpozium bo‘lib o‘tmoqda. Unda Turkiya, O‘zbekiston, Hindiston va boshqa mamlakatlardan 50 nafardan ortiq olim va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.
Simpoziumning ochilish marosimida Turkiya Fanlar akademiyasi prezidenti Muzaffar Shekar hamda G‘oziy universiteti rahbariyati vakillari so‘zga chiqdi. Anjuman doirasida Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va faoliyati, Boburiylar davridagi davlat boshqaruvi islohotlari, madaniy aloqalar, adabiyot va san’at taraqqiyotiga bag‘ishlangan ma’ruzalar taqdim etilmoqda.
Tadbirda O‘zbekistondan ham o‘nga yaqin olim, jumladan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Samarqand davlat universiteti va boshqa ilmiy muassasalar vakillari qatnashmoqda.
Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov “Boburiylar sulolasining tarixiy ildizlari, turkiy o‘zligi va xalqaro tarixshunoslikdagi “Buyuk mo‘g‘ullar” atamasining tarixiy asoslari” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzachi Boburiylar sulolasining kelib chiqishi, uning Temuriylar bilan nasl-nasab va madaniy aloqalari, sulola vakillarining o‘z tarixiy o‘zligini qanday ifoda etgani xususida muhim tarixiy manbalar asosida fikr yuritdi. Xususan, Boburning “Boburnoma” asari, uning turkiy tili va adabiyotiga qo‘shgan hissasi, avlodlari tomonidan ham bu an’ananing davom ettirilgani haqida ma’lumotlar keltirildi.
Shuningdek, xalqaro tarixshunoslikda keng qo‘llaniladigan “Buyuk mo‘g‘ullar” atamasining kelib chiqishi va uning tarixiy asoslari tahlil qilindi. Rustam Jabborov mazkur atama Yevropa manbalarida, jumladan, XVI asrda portugal sayyohlari va diplomatlari tomonidan qo‘llanila boshlanganini ta’kidlab, sulolaning asl tarixiy va madaniy o‘zligini belgilashda Temuriylar merosini e’tibordan chetda qoldirmaslik zarurligini asoslab berdi.
Rustam Jabborov ma’ruzasida Boburning shaxsiy asarlari va tarixiy manbalardagi ma’lumotlarga tayanib, uning turkiy o‘zligi, Temuriylar sulolasi bilan bog‘liqligi hamda Boburiylar davlatida bu tarixiy an’analarning davom etganini alohida ta’kidladi.
Bugun O‘zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan buyuk ajdodlarimiz ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini xolisona ochib berish va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham aynan shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Markaz faoliyatida Amir Temur va Temuriylar davri, Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Boburiylar sulolasining jahon tarixi va madaniyatiga qo‘shgan hissasini ilmiy asosda o‘rganish va namoyon etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Bizning vazifamiz nafaqat tarixiy obidalar, qo‘lyozmalar va moddiy merosni asrab-avaylash, balki ajdodlarimizning haqiqiy tarixiy qiyofasini, ularning davlatchilik an’analari va madaniy o‘zligini xalqaro ilmiy jamoatchilikka to‘g‘ri yetkazishdan ham iborat. Shu nuqtai nazardan, Boburiylar sulolasini faqat “Buyuk mo‘g‘ullar” nomi bilan atash uning tarixiy ildizlari va Temuriylar bilan uzviy bog‘liqligini to‘liq ochib bermaydi. Biz “Hindiston Temuriylari” yoki “Buyuk Temuriylar” kabi tarixiy haqiqatni aks ettiruvchi tushunchalarni xalqaro ilmiy muhokamaga olib chiqishimiz zarur. Bu biror xalqning tarixini inkor etish emas, balki tarixiy voqelikka xolis yondashish, buyuk ajdodlarimiz merosini o‘zining haqiqiy nomi va mazmun-mohiyati bilan jahonga tanitishdir, — dedi Rustam Jabborov.
Shuningdek, simpozium doirasida markaz ilmiy xodimi Matluba Rahmonqulova tomonidan Boburiylar davridagi kitobat san’atiga bag‘ishlangan ma’ruza ham taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur simpozium Turkiya va O‘zbekiston olimlari o‘rtasidagi ilmiy muloqotni kengaytirish, Temuriylar va Boburiylar merosini yangi tadqiqotlar asosida o‘rganish hamda uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rnini yanada keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.





