Amerikalik ekspert O‘zbekiston muzey mutaxassislari bilan noyob eksponatlarni saqlash tajribasini o‘rtoqlashdi
Nyu-Yorklik to‘qimachilik merosi eksperti, 45 yildan ortiq professional tajribaga ega mutaxassis Frenk Eyms ishtirokida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. “Islom to‘qimachilik merosi: matolarni ekspozitsiyaga qo‘yish va restavratsiya qilishda xorijiy tajribani qo‘llash” mavzusida bo‘lib o‘tgan o‘quv seminarida O‘zbekistonning yetakchi muzeylari va ilmiy muassasalari restavratorlari tarixiy to‘qimachilik buyumlarini namoyish etish, saqlash hamda tashqi muhit ta’siridan muhofaza qilishning zamonaviy usullarini muhokama qildi.
Seminarda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi restavratorlari va ilmiy xodimlari, mamlakatimizning yetakchi muzey hamda ilmiy muassasalari mutaxassislari ishtirok etdi. Jumladan, tadbirga onlayn formatda Buxoro va Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonalari, I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Termiz muzeyi hamda Arxeologiya instituti vakillari ham bog‘lanishdi.
Seminarda Nyu-Yorklik tajribali, noyob, arxeologik va dekorativ to‘qimachilik buyumlari, islom, Yevropa va Hind amaliy san’ati, shuningdek, gilamlar hamda kashmir shollari bo‘yicha 45 yildan ortiq tajribaga ega mutaxassis-baholovchi va mustaqil tadqiqotchi Frenk Eyms (Frank Ames) o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi.
Shuningdek, Markaz ekspozitsiya zallarida mutaxassislar uchun amaliy mashg‘ulot o‘tkazib, tarixiy matolarni namoyish etish, ularni to‘g‘ri joylashtirish, yoritish va saqlash sharoitlari yuzasidan o‘z tavsiyalarini bildirdi.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida Markazning Birinchi Renessans ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan Maxmili boqi va Maxmil nomli tarixiy yopinchiqlar ham ekspert bilan birgalikda ko‘rib chiqildi. Ularning ekspozitsiyadagi joylashuvi, namoyish etish sharoitlari va uzoq muddatli saqlanishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, ekspert metall iplar bilan tikilgan kashtalarning tashqi muhit ta’sirida oksidlanishi mumkinligiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, yoritish, harorat, namlik, shuningdek, tashrif buyuruvchilar oqimi va ularning nafas olishi natijasida yuzaga keladigan muhit o‘zgarishlari tarixiy matolarning saqlanish holatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois mazkur eksponatlarning holatini muntazam kuzatib borish muhim.
Avvalo, ushbu eksponatlarning holatini keyingi bir yil davomida muntazam kuzatib borish kerak. Agar shu vaqt ichida materialda yoki metall iplarda oksidlanish, yemirilish yoxud boshqa o‘zgarishlar kuzatilsa, shundan keyingina ularni shisha to‘siq ortida namoyish etish yoki alohida mikroiqlim sharoitini yaratish zarurati bo‘yicha qaror qabul qilish maqsadga muvofiq. Chunki bunday nodir to‘qimachilik namunalarini saqlashda harorat, namlik va atrof-muhit omillari juda muhim. Markaz ekspozitsiyasidagi tarixiy ipak liboslar ham alohida e’tiborga loyiq. Menimcha, bu yerdagi ilk davrlarga oid ipak matolar va liboslar to‘plami juda noyob bo‘lib, ularni boshqa muzeylarda ham tez-tez uchratish qiyin. Shuningdek, ekspozitsiyada animatsiya va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgani menda katta taassurot qoldirdi. Bu tarixiy merosni, ayniqsa, yosh avlod uchun yanada qiziqarli va ta’sirchan tarzda namoyish etishning juda yaxshi usuli, — dedi Frenk Eyms.
Frenk Eyms to‘qimachilik tarixi sohasidagi qator fundamental tadqiqotlar muallifi hisoblanadi. Ular orasida The Kashmir Shawl and its Indo-French Influence, Woven Masterpieces of Sikh Heritage va Pashmina Jewels: The Khanuja Family Collection of Kashmir Shawls asarlari alohida o‘rin tutadi. U 2007–2008 yillarda doktor Pratapaditya Pal bilan hamkorlikda Nyu-Yorkdagi Asia Society muzeyida tashkil etilgan “The Arts of Kashmir” ko‘rgazmasining kuratorlaridan biri bo‘lgan. Shuningdek, uning professional faoliyati Metropolitan Museum of Art va Asia Society kabi nufuzli muassasalar bilan ham bog‘liq.
Tadbirning muhim jihatlaridan biri taklif etilgan ekspert va mahalliy restavratorlar, jumladan, hududiy muzeylar hamda ilmiy muassasalar vakillari o‘rtasidagi kasbiy tajriba almashinuvi bo‘ldi. Muloqot davomida to‘qimachilik merosini saqlashga oid dolzarb masalalar muhokama qilinib, amaliy tavsiyalar almashildi va kelgusidagi professional hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr bildirildi.
Mazkur seminar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining muzey faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy etish, restavratsiya va madaniy merosni saqlash usullarini takomillashtirish, shuningdek, xorijiy yetakchi ekspertlar va ilmiy muassasalar bilan kasbiy aloqalarni mustahkamlash borasidagi ishlarining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.





