Euronews: "Toshkentdan Ammongacha — kitoblar va universitetlar O‘zbekiston va Iordaniyani yanada yaqinlashtirmoqda"
Yevropaning nufuzli Euronews telekanali veb-saytida O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar, ilmiy va ta’lim sohalaridagi hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan «Toshkentdan Ammongacha: kitoblar va universitetlar O‘zbekiston va Iordaniyani yanada yaqinlashtirmoqda» nomli maqola e’lon qilindi. Unda Ammon shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston» asarining arab tilidagi taqdimoti, mamlakat tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan to‘qqizta nashr va fotoalbom namoyishi, «Movarounnahr — asrlar osha taralgan islom sivilizatsiyasi ziyosi» xalqaro konferensiyasi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Shuningdek, maqolada ikki mamlakat universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, Toshkentda o‘tkazilgan rektorlar forumi, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalar, Iordaniya Qiroli Abdulla IIning asari Toshkentda taqdim etilgani kabi muhim voqealar yoritilgan. Nashrda mazkur tashabbuslar O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, ta’lim, ilm-fan va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan.
O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar, ilmiy va ta’lim sohalaridagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan qator xalqaro tadbirlar Ammon shahrida bo‘lib o‘tdi. Ularda Iordaniya jamoatchiligiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning asarlari, xalqaro mualliflarning zamonaviy O‘zbekiston haqidagi tadqiqotlari, shuningdek, mamlakatning tarixiy va madaniy merosiga bag‘ishlangan illyustratsiyali nashrlar taqdim etildi. Dasturdan xalqaro konferensiyalar, kitob taqdimotlari hamda Iordaniya akademik doiralari vakillari bilan uchrashuvlar ham o‘rin oldi.
Ushbu tadbirlar ikki mamlakat yetakchilarining Samarqand va Ostonadagi uchrashuvlari davomida yangi sur’at kasb etgan muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.
2025-yil 26-avgust kuni Iordaniya Qiroli Abdulla IIning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilingan edi. 2026-yil 6-noyabr kuni Ostona shahrida «Aqaba jarayoni» doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda esa O‘zbekiston Prezidenti va Iordaniya Qiroli avval erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilish jarayonini ko‘rib chiqib, ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Yangi O‘zbekiston arab tilida
2026-yil 18-noyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Iordaniyaga tashrifi doirasida «Yangi O‘zbekiston» fenomenining o‘n yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya va taqdimot tadbiri tashkil etildi.
Kitob taqdimotlari dasturining markaziy voqeasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston» asarining arab tilidagi nashri taqdimoti bo‘ldi. Kitobda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, davlat taraqqiyotining strategik maqsadlari hamda dolzarb global muammolarni hal etishga doir yondashuvlar yoritilgan. Ayniqsa, xalq manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, aholi farovonligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Prezident asari bilan bir qatorda, O‘zbekiston tarixi, madaniy merosi va bugungi o‘zgarishlarini keng yorituvchi arab tilidagi yana to‘qqizta nashr va fotoalbom taqdim etildi.
Ular orasida «Shavkat Mirziyoyev: jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi», «Yangi O‘zbekiston: tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik mamlakati», «Mustaqillik zafarnomasi» fotoalbomlari, shuningdek, «O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti» kitobi bor.
Dasturning muhim qismlaridan biri «O‘zbekiston: sivilizatsiyalar, shaxsiyatlar, kashfiyotlar» nomli kitob ko‘rgazmasi bo‘ldi. Unda namoyish etilgan nashrlar Iordaniya kutubxonalariga hadya qilindi. Bundan tashqari, Iordaniya ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy ta’lim muassasalari ko‘magida mamlakat kutubxonalari hamda ta’lim muassasalarida
«Yangi O‘zbekiston» nomli maxsus kitob bo‘limlarini tashkil etish rejalashtirildi.
Shuningdek, Ammon shahrida «Movarounnahr — asrlar osha taralgan islom sivilizatsiyasi ziyosi» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirlarda Iordaniya davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, parlament a’zolari, olimlar, tadqiqotchilar, diniy tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Ishtirokchilarning umumiy soni 1 500 nafardan oshdi.
Universitetlar — hamkorlik maydoni
Ikki tomonlama hamkorlikning ilmiy va ta’lim yo‘nalishidagi ko‘lami Iordaniya universitetlari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar orqali yanada kengaydi.
18-noyabr kuni Al-Ol al-Bayt universitetida Prezident Mirziyoyevning «Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston» asariga bag‘ishlangan ilmiy simpozium bo‘lib o‘tdi. Unda kitobning asosiy g‘oyalari, mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati hamda ikki davlat o‘rtasidagi akademik va ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, 17–18 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston va Iordaniya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining birinchi forumi bo‘lib o‘tdi. Iordaniya delegatsiyasiga mamlakat ta’lim va inson resurslarini rivojlantirish vaziri Azmiy Mahafza rahbarlik qildi. Forumda Iordaniyaning 16 ta universiteti rektorlari hamda O‘zbekistonning 19 ta yetakchi oliy ta’lim muassasasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universitetida tashkil etildi. Unda universitetlararo aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va akademik almashinuvni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar, muhandislik ta’limi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, suv resurslaridan samarali foydalanish, tibbiyot ta’limi va farmatsevtika sohalari belgilandi.
Shu tariqa, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik madaniy-ma’naviy sohalar bilangina cheklanib qolmay, mutaxassislar tayyorlash, ilmiy salohiyatni rivojlantirish va akademik tajriba almashish kabi amaliy yo‘nalishlarni ham qamrab olmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy ko‘prik
Kitoblar o‘zaro almashinuvini to‘ldirgan yana bir muhim voqea Iordaniya Qiroli Abdulla IIning «Bizning so‘nggi eng yaxshi imkoniyatimiz: xavf-xatarlar davrida tinchlikka intilish» (Our Last Best Chance: The Pursuit of Peace in a Time of Peril) nomli kitobining Toshkentdagi taqdimoti bo‘ldi.
Tadbir 2026-yil 13-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘tkazildi. Asarda Iordaniya Qirolining xalqaro munosabatlar, mintaqaviy xavfsizlik, diplomatiya hamda zamonaviy muammolarga tinch yo‘l bilan yechim topish borasidagi mulohazalari o‘rin olgan.
Shu tariqa, kitoblar almashinuvi ikki tomonlama tus oldi: O‘zbekiston Prezidentining asarlari Iordaniyada taqdim etilgan bo‘lsa, Iordaniya Qiroli Abdulla IIning kitobi Toshkentda keng jamoatchilikka tanishtirildi. Bu esa har ikki mamlakat jamoatchiligi va ilmiy doiralari uchun bir-birining siyosiy qarashlari, tarixi va taraqqiyot ustuvorliklari bilan yaqindan tanishish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Kitoblar va universitetlar o‘rtasidagi tashabbuslar O‘zbekiston va Iordaniya munosabatlarini mustahkamlashning muhim vositasiga aylanmoqda. Ular ta’lim, ilm-fan, tarixiy merosni asrab-avaylash hamda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish borasidagi kelgusi hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratmoqda.





