Islom sivilizatsiyasi markazi vakili Pokistondagi xalqaro anjumanda ishtirok etdi

Pokistonning Islomobod shahrida "Musulmon hamjamiyati xotin-qizlar ta’lim-tarbiyasi: tajribalar va imkoniyatlar" mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi vakili, Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Gulnora G‘aniyeva ishtirok etdi.
Anjuman doirasida qizlar ta’limidagi asosiy muammolar va ularning yechimi, islomiy ta’limdagi ilg‘or tajribalar muhokama qilindi. Tadbirda islom mamlakatlari ta’lim vazirlari, BMT vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari qatnashdi.
Konferensiya doirasida O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev, Panjob universiteti huzuridagi "Bobur merosi" markazi direktori professor Ruxshana Iftixar va Islom sivilizatsiyasi markazi vakili o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki davlatning ilmiy markazlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalar va tadqiqotlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ruxshana Iftixar "Bobur merosi" markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida birgalikda tadbirlar tashkil etish, Boburiylar tarixi bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar va almashinuv dasturlarini amalga oshirish taklifini bildirdi. Shuningdek, 2024 yilda Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan "Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori" VIII Xalqaro kongressida ishtirok etganini mamnuniyat bilan esladi.
"O‘zbekiston Prezidentining Islom sivilizatsiyasi markazini bunyod etishga oid tashabbusi nafaqat islom olamida, balki xalqaro miqyosda ham islom dinining ezgu g‘oya va qadriyatlarini keng yoyish imkonini berib, madaniyat va ta’lim sohalarida ulkan o‘zgarishlarga olib keladi", – dedi "Bobur merosi" markazi rahbari, — Markazimiz nafaqat Bobur va Boburiylar tarixini tadqiq qilish va ommalashtirishga xizmat qilishi, balki O‘zbekistonning shonli tarixi va boy madaniyati, uning dunyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qiluvchi doimiy targ‘ibot-ko‘rgazma maydoni vazifasini ham o‘tashi mumkin", – deya qo‘shimcha qilgan professor.
Gulnora G‘aniyeva tomonidan "O‘zbekiston madaniy merosi — jahon to‘plamlarida" kitob-alьbomlari "Bobur merosi" markazi rahbariga taqdim qilindi.





