Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Malayziya Islom san’ati muzeyi direktori Said Muhammad Buxoriy O‘zbekistonning madaniy merosni asrash va Islom sivilizatsiyasiga qo‘shayotgan hissasini yuksak baholadi

Malayziya Islom san’ati muzeyi direktori Said Muhammad Buxoriy O‘zbekistonning madaniy merosni asrash va Islom sivilizatsiyasiga qo‘shayotgan hissasini yuksak baholadi:

“O‘zbekiston haqiqiy sivilizatsiya markazidir. Sizlarda madaniyatga oid ko‘plab jihatlar borki, biz ulardan o‘rnak olishimiz mumkin. O‘zbekiston Prezidentining Malayziyaga tashrifi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng asosiysi, muhtaram Prezidentingiz tarixni chuqur biladi va madaniyatni yuksak qadrlaydi. O‘zbekistonda madaniy hayotda yuz berayotgan o‘zgarishlar va taraqqiyotdan shuni anglash mumkinki, Davlat rahbari madaniy hayotning ajralmas qismi ekanini yaxshi tushunadi. Shu bois u madaniyatni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Men O‘zbekiston rahbarining tashabbus va fikrlariga to‘liq qo‘shilaman", deydi u.



Shuningdek, Said Muhammad Buxoriy O‘zbekistonning bilim va madaniyatni boshqa xalqlar bilan baham ko‘rayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutayotgani va u kelajakda ham xalqaro hamkorlik uchun mustahkam maydon bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

"O‘zbekiston boshqa mamlakatlar uchun ham o‘rnak bo‘lishi mumkin, chunki sizlarda amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak bahoga loyiqdir. O‘zbekiston bilim va madaniyatni atrofdagilar bilan baham ko‘rmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi katta rolь o‘ynamoqda. Biz markaz bilan nafaqat hozir, balki kelajakda ham do‘stona hamkorlik qilishga tayyormiz. Ishonamanki, Malayziya Islom san’ati muzeyi va O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasidagi hamkorlik yanada rivojlanadi”, deya fikrini yakunlagan Buxoriy.