«Bu shunchaki muzey emas, balki inson tafakkurini yuksaltiradigan ma’rifat maskani»
21-noyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Zo‘ravonliksiz kelajak!» mavzusida ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari, xalqaro ekspertlar, ta’lim muassasalari vakillari hamda yoshlar ishtirok etib, zo‘ravonlik va ekstremizmning oldini olishda ilm-ma’rifat, madaniy meros va ijtimoiy hamkorlikning ahamiyatini muhokama qildilar.
Anjumanda Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy va madaniy merosni namoyish etuvchi muzey, balki yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirish, milliy o‘zlikni anglash va jamiyatda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ma’rifiy maskan ekani alohida ta’kidlandi.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning Markaziy Osiyoda zo‘ravon ekstremizmning oldini olish loyihasi rahbari Shtefan Buxmayer mazkur mavzudagi ilmiy-ma’rifiy muloqotni aynan shu maskanda o‘tkazish tashabbusini yuqori baholadi.
«Islom sivilizatsiyasi markazi bunday ilmiy-ma’rifiy anjuman o‘tkazish uchun juda munosib maskan. Zo‘ravonlik va ekstremizmning oldini olishda davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi, ta’lim, ilm-fan va madaniyat muassasalarining ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Bugun bu yerda ko‘plab yoshlarni ko‘rib turganimdan mamnunman. Chunki yoshlar jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi o‘rin tutadi», — dedi ekspert.
Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi deputati, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha ekspert, «Ma’rifat targ‘ibotchilari» jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori Jamila Shermuhammedova Markazni milliy o‘zlikni anglash va avlodlar o‘rtasida ma’naviy vorisiylikni ta’minlashga xizmat qiluvchi noyob maskan sifatida ta’rifladi.
«Bu shunchaki muzey emas, balki bilim maskani, inson tafakkurini yuksaltiradigan akademiya. Yoshlarimiz bu yerga kelib, qanday buyuk ajdodlarga avlod ekanini anglashi kerak. Ibn Sino, Beruniy kabi allomalarimizning ilmiy merosi bilan tanishgan farzandlarimizda ilmga intilish, o‘z tarixi va Vatani bilan faxrlanish tuyg‘usi kuchayadi. Men barcha hududlardagi maktablar, mahallalar va oliy ta’lim muassasalari vakillarini bu maskanga kelishga chaqiraman», — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, Markazda jamlangan tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar va ajdodlarimizning ilmiy merosiga oid ekspozitsiyalar yoshlarni nafaqat o‘tmish bilan tanishtiradi, balki ularni yangi kashfiyotlar qilish, ilmiy izlanishlar olib borish va bunyodkorlikka undaydi. Bunday ma’rifiy muhit zo‘ravonlik va jinoyatchilikning oldini olish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashda ham muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining ikkinchi bosqich talabasi Samira Tohirova ham anjuman doirasida yoshlar va mutaxassislar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etilganini alohida qayd etdi.
«Bugungi tadbirda zo‘ravonlik masalasining ochiq muhokama qilingani menda katta taassurot qoldirdi. Mutaxassislar va yoshlar o‘rtasida ochiq va samimiy muloqot kechdi. Bunday uchrashuvlar jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi. Men zo‘ravonlikni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat deb hisoblayman», — dedi talaba.
Mazkur anjuman ilm-ma’rifat, tarixiy xotira va ma’naviy tarbiyaning zo‘ravonlikning oldini olishdagi o‘rnini yana bir bor ko‘rsatdi. Zero, ajdodlar merosini chuqur anglagan, mustaqil fikrlaydigan va ilmga intiluvchan yosh avlodni tarbiyalash bag‘rikeng, tinch va ma’rifatli jamiyat barpo etishning muhim shartlaridan biridir.





