O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va "As-salom" qasri muzeyi: yangi hamkorlik va madaniy aloqalar
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchisi Ayubxon Yunusov “As-Salom" qasri muzeyi direktori Shayxa Muna Saboh bilan uchrashdi. Muzey bilan tanishuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi va uning ekspozitsiyalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shayxa Muna Saboh O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga yuksak baho berib, ushbu Markazning islom olamida muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv davomida “As-Salom" qasri muzeyida qo‘llanilgan innovatsion texnologiyalar, ekspozitsiya konsepsiyasi va muzey yaratilish jarayoni haqida fikr almashildi. O‘zbekiston delegatsiyasi muzeydagi media kontent va interaktiv yechimlarni yuqori darajada tashkil etilganini alohida ta’kidladi.
"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan madaniy-ma’rifiy islohotlar va islom merosini asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlarni yuqori baholaymiz. Ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlikni kengaytirish bizning umumiy maqsadimizdir. “As-Salom" qasri muzeyi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga va tajriba almashishga tayyormiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning buyuk g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligimizni bildiramiz. Bu kabi tashabbuslar nafaqat O‘zbekiston va Kuvayt, balki butun islom dunyosi uchun muhim ahamiyatga ega”, — dedi Muna Saboh.
Uchrashuv so‘ngida Firdavs Abduxoliqov muzey rahbariyatiga Markaz tomonidan chop etilgan "Uchinchi Renessans — Yangi O‘zbekiston" kitob-albomini, xattot Habibullo Solih tomonidan papirus qog‘oziga tushirilgan Muhammad (s.a.v.) muhri aks etgan maktub nusxasini taqdim etdi. Ushbu tashrif O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.





