Kuvaytdagi Islom merosi uyi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchisi Ayubxon Yunusov va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Kuvayt Islom merosi uyiga tashrif buyurdi. Kuvayt Islom merosi uyi mamlakatning Madaniyat, san’at va adabiyot bo‘yicha Milliy kengashi nazorati ostida “As-Saboh” islom san’ati to‘plamini namoyish etish uchun tashkil etilgan. To‘plamda Xitoydan Andalusiyagacha cho‘zilgan va hijriy I asrdan — XIII asrgacha bo‘lgan davrlarni o‘z ichiga olgan 20 mingdan ortiq islom san’atining durdonalari mavjud.
Shuningdek, Kuvayt Islom merosi uyida eramizning XIX asriga oid nodir kitoblar to‘plamini o‘z ichiga olgan maxsus kutubxona ham mavjud. Unda islom san’ati va sivilizatsiyasi bilan bog‘liq tadqiqotlarni yorituvchi nashrlar ham o‘rin olgan. Islomiy asarlar uyida marhum shayx Nosir va shayxa Hassa tomonidan yig‘ilgan 30 ming dona qadimiy buyumlarga ega Saboh kolleksiyasi mavjud. Bu kolleksiya mintaqadagi islom va arab madaniy merosini aks ettiradi.
"Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasini qabul qildik. Ushbu markazning joriy yil sentyabrь oyida ochilishi kutilmoqda. Va biz bu jarayonda yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligimizni bildiramiz. 2018 yil marhum Shayx Nosir bilan birga O‘zbekistonga tashrif buyurgan edik. Yurtingiz madaniyati va urf-odatlari, ayniqsa bozorlari bizga juda yoqqan edi. O‘zbekistonga yana borishni intiqlik bilan kutmoqdamiz", — dedi Kuvayt Islom meroslari uyi bosh direktori o‘rinbosari shayxa Anud Ibrohim as-Saboh.
Uchrashuv so‘ngida shayxa Anud Ibrohim as-Sabohga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan chop etilgan "Buxoro" kitob-alьbomi taqdim etildi.
Ma’lumot uchun, Islom san’ati muzeylari kolleksiyasi rang-barang bo‘lib, Qur’on qo‘lyozmalari va ilmiy asarlar, zargarlik, to‘qimachilik, kulolchilik buyumlari, shisha, metalь, tosh, yog‘och, fil suyagi, gilamlar kabi noyob durdonalarni o‘z ichiga oladi. Kutubxonada arab va boshqa tillardagi nodir kitoblar va ma’lumotnomalar to‘plami mavjud.





