Navoiyning Bodlean kutubxonasida saqlanayotgan bebaho qo‘lyozmasi
Buyuk Britaniyaning tarixiy kutubxona va muzeylari insoniyat sivilizatsiyasining minglab nodir durdonalarini saqlab kelmoqda. Ular orasida o‘zbek madaniy merosiga daxldor osori-atiqalar alohida o‘rin tutadi. Oksford universitetiga qarashli Bodlean kutubxonasida ham Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida O‘zbekiston tarixiga oid yuzga yaqin qo‘lyozmalar mavjud.
1602 yilda kolleksioner Tomas Bodli tomonidan asos solingan ushbu kutubxonada hazrat Alisher Navoiyning hayotlik davrida ko‘chirilgan noyob asarlari saqlanmoqda. Ular orasida to‘rtta devon, “Xamsa”ning “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Sab’ai sayyor” va “Saddi Iskandariy” dostonlari, shuningdek, “Lison ut-tayr” kabi asarlar mavjud. “Xamsa”ning bu dostonlari 1485 yilda bir paytda ko‘chirilgan bo‘lib, qo‘lyozmalar avval bir joyda saqlangani taxmin qilinadi.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya o‘tgan yil noyabr oyidagi Buyuk Britaniyaga safari chog‘ida Bodlean kutubxonasiga tashrif buyurib, ushbu noyob qo‘lyozmalarni o‘rgandi. Safar davomida qo‘lyozmalarning nusxalarini olib, ularni faksimile nashr sifatida chop etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu tarixiy asarlar o‘zbek xalqining madaniy merosini yanada boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.





