O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida xalqaro miqyosda e’tirof etiladigan ilmiy maktabni shakllantirish : imkoniyatlar, ustuvor yo‘nalishlar va istiqbollar
Globallashuv sharoitida tarixiy merosni ilmiy asosda o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, islom sivilizatsiyasining shakllanishi va rivojlanishi jarayonlarini tarixiy manbalar asosida tadqiq etish dolzarb ilmiy vazifalardan biridir. Bu borada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, nodir qo‘lyozma manbalarni ilmiy tadqiq etish hamda xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirishda muhim ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida faoliyat yuritmoqda. Markazni tashkil etish tashabbusi 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan. Mazkur tashabbusning amaliy ifodasi sifatida Markaz 2026-yil 17-mart kuni rasman o‘z faoliyatini boshladi.
Markazning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasida erishilgan ilmiy yutuqlar hamda shakllangan salohiyatni alohida e’tirof etib, quyidagilarni ta’kidladi:
“Xalqaro ekspertlar e’tirof etganidek, bugun O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha o‘ziga xos katta ilmiy maktab yaratishga erishdik. Naqadar katta imkoniyatlarimiz, intellektual salohiyatimiz borligini dunyoga namoyon eta oldik”.
Ushbu e’tirof etilgan ilmiy salohiyatni yanada mustahkamlash, tadqiqotlarni yagona metodologik asosda muvofiqlashtirish hamda ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirish mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasini o‘rganish bo‘yicha yaxlit ilmiy maktabni rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan biridir.
Ilmiy maktabni shakllantirish imkoniyatlari
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida xalqaro miqyosda e’tirof etiladigan ilmiy maktabning shakllanishi uchun, avvalo, mamlakatimizning boy tarixiy-manbaviy merosi, mavjud ilmiy salohiyati va tadqiqot infratuzilmasiga tayanish zarur. Bu borada Markaz muhim ilmiy-tashkiliy imkoniyatlarga ega.
Birinchidan, buyuk allomalar merosi va boy yozma manbalari islom sivilizatsiyasi ilmiy maktabini shakllantirish uchun mustahkam tarixiy asos hisoblanadi. Xorijiy qo‘lyozma fondlaridagi manbalarni o‘rganish va ilmiy muomalaga kiritish yangi tadqiqotlar uchun keng imkoniyat yaratadi.
Ikkinchidan, Markaz tarkibida faoliyat yuritayotgan zamonaviy kutubxona, uning ilmiy adabiyotlar fondi, elektron resurslari, olimlar xonasi va individual ishlash joylari tadqiqotchilar uchun zarur infratuzilmani ta’minlaydi. Ushbu imkoniyatlar tarixiy manbalarni raqamlashtirish, tavsiflash va kataloglashtirish orqali yanada kengaytirilishi mumkin.
Uchinchidan, muzey, kutubxona, ilmiy tadqiqot va raqamli texnologiyalarning uyg‘unligi Markazning o‘ziga xos ilmiy muhitini shakllantiradi. Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov Diplomat Magazine nashridagi maqolasida bu yondashuvni quyidagicha izohlagan:
“XXI asrga xos yangi turdagi sivilizatsion muassasa sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy bilimlar raqamli texnologiyalar bilan integratsiyalashgan, qo‘lyozmalar global raqamli resurslarga aylantirilgan, muzey tadqiqot laboratoriyasi xususiyatini kasb etgan, milliy meros esa xalqaro muloqot va o‘zaro anglashuvning muhim asosiga aylangan”.
To‘rtinchidan, doktorantura, mustaqil izlanuvchilik, ilmiy seminarlar va xalqaro hamkorlik tajribali olimlar hamda yosh tadqiqotchilar salohiyatini birlashtirish imkonini beradi.
Demak, tarixiy meros, ilmiy infratuzilma va kadrlar salohiyati O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy maktabini shakllanishi uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Buning uchun mavjud imkoniyatlarni yagona ilmiy konsepsiya va metodologiya asosida birlashtirish zarur.
Ustuvor tadqiqot yo‘nalishlari
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi maktabi ilmiy maktabining shakllan ishida, avvalo, uning tadqiqot yo‘nalishlari va ilmiy metodologiyasini belgilash muhimdir. Bu borada islom sivilizatsiyasining shakllanishi va rivojlanishi, buyuk allomalar merosi, manbashunoslik va qo‘lyozmashunoslik, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalar hamda tarixiy manbalarni raqamlashtirishga qaratilgan tadqiqotlarni ustuvor yo‘nalish sifatida rivojlantirish maqsadga muvofiq.
Mazkur yo‘nalishlarni rivojlantirish bilan bir qatorda, ilmiy darajali kadrlar tayyorlash va yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash ham muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, Markazda oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini rivojlantirish hamda yosh olimlarning mustaqil izlanishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish ustuvor vazifalardan biridir. 2026-yil 25-noyabr kuni Markazda ilk bor 24.00.01 – “Islom tarixi va manbashunosligi” ixtisosligi bo‘yicha doktoranturaga kirish imtihoni va suhbat o‘tkazilishi ushbu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan hisoblanadi. Bu tashabbus islom tarixi va manbashunosligi bo‘yicha yangi ilmiy darajali kadrlar tayyorlash, mustaqil tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish hamda Markaz ilmiy maktabini shakllan ishiga xizmat qiladi.
Yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashning yana bir muhim mexanizmi – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son qarori bilan tasdiqlangan “Akademik harakatchanlik” dasturi imkoniyatlaridan samarali foydalanishdir. Mazkur dastur doirasida Markazni yosh olimlarni qabul qiluvchi ilmiy tashkilot sifatida jalb etish amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq. Bunda tanlov asosida jalb etilgan tadqiqotchilarning ilmiy loyihalarini Markaz bazasida amalga oshirish, ularga ilmiy rahbar va maslahatchilar biriktirish, kutubxona hamda boshqa ilmiy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini yaratish muhim ahamiyatga ega. Natijada akademik harakatchanlik oddiy ilmiy almashinuvdan amaliy tadqiqotlar, qo‘shma loyihalar va yangi ilmiy natijalar yaratishga xizmat qiluvchi samarali mexanizmga aylanadi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Markazning kelajak avlod olimlarini tarbiyalashdagi vazifasini alohida ta’kidlab, shunday degan edi:
“Markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulug‘beklar, farg‘oniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam ma’naviy maydon bo‘lishi kerak”.
Davlatimiz rahbarining ushbu fikrlari Markaz zimmasiga yuklatilgan muhim vazifalardan biri yosh avlodning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, iste’dodli tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va yangi ilmiy avlodni shakllantirish ekanini anglatadi. Ushbu maqsadni amalga oshirishda yosh olimlarning ilmiy izlanishlarini rag‘batlantirish, ularning mahalliy va xalqaro ilmiy hamkorlikdagi ishtirokini kengaytirish alohida ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, Markazning xalqaro ilmiy aloqalarini kengaytirish, xorijiy mutaxassislarni ilmiy izlanishlarga jalb etish, mahalliy olimlar bilan qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, nodir yozma manbalar asosida ilmiy ishlar tayyorlash hamda tadqiqot natijalarini nufuzli xalqaro ilmiy nashrlarda e’lon qilish imkoniyatlarini rivojlantirish muhimdir. Bunday hamkorlik Markazning xalqaro ilmiy maydondagi mavqeyini mustahkamlash, islom tarixi va manbashunosligi bo‘yicha yangi tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Markazning xalqaro ilmiy maydondagi mavqeini mustahkamlash uchun tadqiqot natijalarining nufuzli xalqaro ilmiy nashrlarda e’lon qilinishiga, olimlarning ilmiy profillari va bibliometrik ko‘rsatkichlarini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Xususan, AD Scientific Index xalqaro ilmiy-tahliliy platformasida Markaz va uning ilmiy xodimlari faoliyatini munosib aks ettirish imkoniyatlarini o‘rganish muhim. Buning uchun ilmiy xodimlarning Google Scholar profillarini tartibga keltirish, ORCID identifikatorlarini shakllantirish, Scopus va Web of Science bazalaridagi nashr hamda iqtibos ko‘rsatkichlarini muntazam monitoring qilish zarur. Bu ishlar olimlarning xalqaro ilmiy maydondagi ko‘rinishini oshirish, Markaz ilmiy salohiyatini tahlil qilish va xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga yordam beradi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 29-oktabrdagi O‘RQ-576-son “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonunining 31-moddasida belgilangan mexanizmlardan kelib chiqib, Markazda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish va iqtisodiy samaradorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Xususan, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, ilmiy tavsiflash, elektron kataloglar va ma’lumotlar bazalarini yaratish bo‘yicha ilmiy ishlanmalarni amaliy xizmatlarga aylantirish, intellektual mulk obyektlaridan foydalanish huquqini shartnoma asosida taqdim etish imkoniyatlarini rivojlantirish maqsadga muvofiq. Bu Markazning ilmiy mahsulotlari va xizmatlari doirasini kengaytirish, tadqiqot natijalaridan samarali foydalanish hamda Markaz faoliyatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha iqtisodiy daromad manbalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Mazkur yo‘nalishlarning o‘zaro uyg‘unligi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqadi .
Ilmiy maktabni rivojlantirish istiqbollari
O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi negizida xalqaro miqyosida e’tirof etiladigan ilmiy maktabning shakllan ishi istiqbollari mavjud ilmiy salohiyatni yagona konsepsiya va metodologiya asosida birlashtirish, tadqiqot yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda yangi avlod oliml arini tayyorlash bilan bog‘liq. Bu jarayonda Markaz muvofiqlashtiruvchi ilmiy platf orma vazifasini bajaradi. Buning uchun yagona ilmiy konsepsiyani ishlab chiqish, ustuvor tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, mamlakatimizdagi ilmiy muassasalar va xorijiy tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni kengaytirish muhimdir. Markaz faoliyati doirasida islom tarixi, manbashunoslik va qo‘lyozmashunoslik bo‘yicha fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish, nodir yozma manbalarning ilmiy tavsiflari va tanqidiy nashrlarini tayyorlash, elektron ma’lumotlar bazalarini yaratish hamda xalqaro ilmiy loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Pirovard maqsad – o‘zining ilmiy konsepsiyasi, metodologik asoslari, ustuvor tadqiqot yo‘nalishlari hamda ustoz-shogird an’analariga ega bo‘lgan, xalqaro miqyosda e’tirof etiladigan ilmiy maktabni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida shakllantirishdan iborat. Ushbu ilmiy maktab islom sivilizatsiyasi merosini chuqur va tizimli o‘rganish, uning ilmiy natijalarini xalqaro akademik muomalaga kiritish hamda jahon ilm-fani taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga xizmat qiladi.
Saidova Gulruh Halim qizi
pedagogika fanlari doktori (DSc), dotsent





