O‘zbekiston ziyolilari kengashi: milliy taraqqiyot, ma’naviy yuksalish va yangi tashabbuslar
O‘zbekiston ziyolilari kengashining ilk yig‘ilishida milliy taraqqiyot, ma’naviy yuksalish, ona tili va jamiyat hayotida ziyolilarning o‘rni muhokama qilindi.
O‘zbekistonda milliy yuksalishning yangi bosqichida ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at vakillarining jamiyat hayotidagi o‘rni va mas’uliyatini yanada oshirish, ularning salohiyatini mamlakat taraqqiyoti yo‘lida safarbar etish maqsadida O‘zbekiston ziyolilari kengashining ilk yig‘ilishi o‘tkazildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning turli hududlaridan 500 nafarga yaqin olimlar, o‘qituvchilar, shifokorlar, muhandislar, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, jurnalistlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva qatnashdi. U o‘z nutqida Ziyolilar kengashi faoliyati davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotning yangi bosqichini boshlab berganini ta’kidlab, milliy yuksalish jarayonida ziyolilarning o‘rni, ona tili va milliy o‘zlikni asrash, ma’naviy taraqqiyotning uzoq muddatli yo‘nalishlarini belgilash kabi muhim masalalarga to‘xtaldi.
Ziyolilarimizdan xolis fikr va dadil takliflarni kutamiz. Kengash yangi g‘oyalar maydoniga aylanishiga ishonaman, - dedi Saida Mirziyoyeva.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng “Uch ming yillik ziyo tarixi” nomli videorolik namoyish etildi. Unda xalqimizning boy ma’naviy merosi, ilm-fan va tafakkur tarixida tutgan o‘rni, ajdodlarimizdan meros qolgan ma’rifat an’analari hamda Uchinchi Renessans g‘oyasining mazmun-mohiyati aks ettirildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston ziyolilari kengashining hududiy yig‘ilishlari jarayoni aks etgan videorolik namoyish etildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilgan uchrashuvlarda 2 mingdan ziyod ziyoli ishtirok etgani, 3 mingdan ortiq fikr va mingga yaqin taklif bildirilgani qayd etildi. Bu ko‘rsatkichlar hududlardagi ilm-fan, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalar vakillarining mamlakat kelajagiga daxldor masalalar bo‘yicha faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etganidan dalolat beradi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik, O‘zbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov ishtirokchilarni qutlar ekan, bugungi tadbirning tarixiy ahamiyatiga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 500 nafarga yaqin ziyoli vakillarining bir maydonda jam bo‘lishi milliy taraqqiyot masalalari yuzasidan fikr almashish, yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim imkoniyatdir.
Ziyoli so‘zining salmog‘i og‘ir, mas’uliyati ulkan. Ziyoli jamiyatning ko‘zi, qulog‘i va vijdonidir. Xalq undan doim haq gapni aytishni, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishni kutadi. Mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li, yo‘nalishini belgilashda ziyoli qatlami asosiy intellektual kuch sifatida jonbozlik ko‘rsatishi, g‘oyalar generatori sifatida ilg‘or tashabbuslarni ilgari surishi lozim, — dedi Shavkat Ayupov.
U bugungi Kengash faoliyatini Amir Temur davridagi mashvarat va kengash an’analari bilan bog‘lab, har qanday muhim qarorni oqil kishilar bilan maslahatlashib qabul qilish tamoyilining tarixiy ahamiyatini ta’kidladi.
Shuningdek, anjumanning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani ham chuqur ramziy ma’noga ega ekanini qayd etdi. Zero, bu maskan Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, Imom Buxoriy va Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosini o‘zida mujassam etgan.
Shuningdek, yig‘ilishda so‘zga chiqqan Samarqand davlat universiteti rektori, senator Rustam Xolmurodov ziyolilarning milliy istiqlol va mamlakat taraqqiyoti tarixidagi o‘rniga to‘xtaldi. Uning fikricha, bugungi sharoitda ilm-fan va ma’rifat ahli uchun o‘z tashabbuslarini amalga oshirish, mamlakatda kechayotgan islohotlarda faol ishtirok etish imkoniyatlari kengaygan.
Professor Nursulton To‘xliyev ona tilimizni asrab-avaylash va o‘zbek tilining nufuzini mustahkamlash masalasini ko‘tardi. Uning ta’kidlashicha, xorijiy tillardan kirib kelayotgan yangi so‘z va atamalarga o‘zbekcha muqobil topish, ularni izohlash va til talaffuziga moslashtirish bo‘yicha tizimli ish olib borish zarur.
Notiq bu borada atamashunoslik komissiyasi faoliyatini yanada kuchaytirish, vazirlik va idoralardagi davlat tili bo‘yicha maslahatchilar ishini muvofiqlashtirish hamda barcha ziyolilarni mazkur jarayonga jalb etishni taklif qildi.
Taniqli xattot Habibullo Solih o‘z chiqishida xattotlik san’atining ma’naviy va madaniy merosimizni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi. U oltmish yillik faoliyati davomida Qur’oni Karimni yetti marta katta hajmda ko‘chirish nasib etganini, Usmon Mus'hafini tiklash ishlarida ham ishtirok etganini ta’kidladi. Shuningdek, Markazda xattotlik maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, unda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan qariyb 2 ming nafar ishtirokchi ta’lim olayotganini ma’lum qildi.
Xorazmlik ijodkor Sayyora Samandar esa milliy adabiyot va san’at namoyandalari merosini targ‘ib qilish, ularning yubiley va xotira tadbirlarini tizimli tashkil etish masalasiga e’tibor qaratdi. U har yili o‘tkaziladigan tadbirlarni o‘zaro muvofiqlashtirish, muhim sanalarni qamrab oladigan “Ma’naviyat taqvimi”ni joriy etish taklifini ilgari surdi. Bu orqali Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Amir Temur, Mashrab va boshqa buyuk siymolar merosini keng targ‘ib qilish, tadbirlar qamrovini oshirish mumkinligi qayd etildi.
“Tarixiy darvesh” loyihasi muallifi, “Qurultoy” ilmiy-ma’rifiy podkasti hammuallifi Nodir Nishonov yoshlar va keng jamoatchilik uchun sifatli ilmiy-ommabop kontent yaratish masalasini ko‘tardi. U ijtimoiy tarmoqlarda ishonchli tarixiy va ilmiy ma’lumotlarni tarqatish, bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ijtimoiy grantlar tizimini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Uning fikricha, sifatli kontent tayyorlash uchun ilmiy manbalar, mutaxassislar, ekspeditsiyalar va muayyan moliyaviy imkoniyatlar zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mehrinoz Abbosova yoshlarning ijtimoiy va madaniy hayotdagi ishtiroki, xususiy teatrlarni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy loyihalarni rivojlantirish masalalariga to‘xtaldi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti siyosatshunoslik va ma’naviyat asoslari kafedrasi mudiri Olmagul Bayriyeva esa jamiyatda tinchlik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, ziyolilarning mahallalar hayotidagi ishtirokini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, ziyolilar yoshlar tarbiyasida, mahallalarda ma’naviy muhitni shakllantirishda faol ishtirok etishi, bu borada samarali mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish zarur.
Xalqimizda “bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan dono gap bor. Ziyoli mana shu yetti ma’naviy ota-onaning biri bo‘lishi darkor. Zero, Vatan bu bizga qoldirilgan merosgina emas, u farzandlarga topshiriladigan omonat hamdir, — dedi Olmagul Bayriyeva.
Yig‘ilish davomida bildirilgan fikr va takliflar milliy yuksalish jarayonida ziyolilarning faol ishtiroki, ularning ilmiy, ijodiy va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, jamiyatdagi dolzarb masalalarga yechim topishda intellektual kuchni birlashtirish muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Tadbir yakunida Shavkat Ayupov Kengash faoliyatining asosiy maqsadi ziyolilarning fikr va tashabbuslarini umummilliy taraqqiyot vazifalari bilan uyg‘unlashtirish, ularning takliflarini amaliy qarorlarga aylantirishdan iborat ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston ziyolilari kengashining tashkil etilishi ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at vakillari bilan davlat o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqish, milliy qadriyatlar va ma’naviy merosni asrab-avaylash, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.





