O‘zbekiston ziyolilari xalqni milliy yuksalish va ma’rifat yo‘lida birlashishga chorladi
O‘zbekiston Respublikasi Ziyolilar kengashining respublika yig‘ilishi yakunida O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma qabul qilindi. O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo tomonidan o‘qib eshittirilgan ushbu hujjatda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, milliy birlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ilm-ma’rifatni yuksaltirish, yosh avlodni zamonaviy bilim va tafakkur asosida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan Ziyolilar kengashining respublika yig‘ilishi mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim, madaniyat va ma’rifat sohalarini rivojlantirish, ziyolilarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Yig‘ilishning yakuniy qismida ikki kun davomida bildirilgan fikrlar, sho‘’balardagi muhokamalar va qabul qilingan Ahdnoma mazmun-mohiyatini mujassam etgan O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma o‘qib eshittirildi. Uni O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo ishtirokchilar e’tiboriga havola etdi.
Murojaatnoma avvalida keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqimizning fidokorona mehnati va aql-zakovati bilan turli soha va tarmoqlarda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar qayd etildi. Shuningdek, yurtimizdagi tinchlik, millatlar va dinlararo do‘stlik, hamjihatlik, dunyoga ochiqlik hamda turli mamlakatlar bilan samarali hamkorlikning beqiyos ahamiyati ta’kidlandi.
Bugungi murakkab xalqaro vaziyat, savdo-iqtisodiy aloqalar va ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar, manfaatlar to‘qnashuvi, ayrim mintaqalarda qurolli ixtiloflar kuchayib borayotgan sharoitda mamlakatimizning ortga qaytmas islohotlar yo‘lidan dadil oldinga borishi muhim vazifa ekani qayd etildi.
Murojaatnomada Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Yangi O‘zbekiston uchun tanlangan Milliy taraqqiyot strategiyasi va uni amalga oshirishdagi qat’iy siyosiy iroda mamlakatdagi o‘zgarishlarning muhim asosi sifatida e’tirof etildi.
«Bizning kuchimiz birlikda, hamjihatlikda», degan g‘oya bugungi taraqqiyot jarayonlarida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlanib, har bir fuqaroning mamlakat taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashashi zarurligiga urg‘u berildi.
Hujjatda Ziyolilar kengashining hududiy yig‘ilishlari ham mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi muhim voqea sifatida qayd etildi. Joriy yil 10–14 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida «Yangi O‘zbekiston ziyolilari — milliy yuksalish tayanchi» shiori ostida o‘tkazilgan hududiy yig‘ilishlarda 1600 nafar ziyoli ishtirok etgani, muhokamalar davomida 3000 dan ziyod fikr-mulohaza va takliflar bildirilgani ta’kidlandi.
Respublika yig‘ilishida esa hududlardan 210 nafar vakil, poytaxtdagi ilm va ijod namoyandalaridan 290 nafar vakil qatnashdi. Ishtirokchilar orasida eng yoshi 17, eng kattasi 88 yoshda bo‘lgani turli avlod vakillarining yurt taqdiriga daxldorligini yaqqol namoyon etdi.
Murojaatnomada ziyolilarning jamiyatdagi o‘rni va mas’uliyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Unda ziyolilik faqat diplom, unvon yoki ilmiy daraja bilan belgilanmasligi, balki tashabbuskorlik, ijtimoiy faollik, fidoyilik va faol fuqarolik pozitsiyasi orqali namoyon bo‘lishi qayd etildi.
«Ziyoli — xalqning uyg‘oq vijdonidir. U jamiyatdagi ma’naviy bo‘shliqlarni ilmu ma’rifat bilan to‘ldiradi, xalq qalbiga nur, yorug‘lik olib kiradi», degan fikr Murojaatnomaning asosiy g‘oyalaridan birini ifoda etadi.
Shu nuqtai nazardan, ziyolilar o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lish bilan birga, jamiyatdagi dolzarb masalalarga befarq bo‘lmasligi, xalqni ezgu maqsadlar atrofida birlashtirishi, ilmiy va ijodiy salohiyatini Vatan ravnaqiga safarbar etishi lozimligi ta’kidlandi.
Murojaatnomada kelgusi o‘n yillikning milliy yuksalish davri sifatida belgilangani va ushbu maqsad yo‘lida yettita milliy dasturni amalga oshirish vazifasiga ham e’tibor qaratildi. Mazkur dasturlarni hayotga tatbiq etishda ziyolilar davlat va jamiyatning muhim tayanchi bo‘lishi zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda iqtisodiy sohada erishilgan yutuqlarni ma’naviy o‘sish, axloqiy kamolot va ilmiy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Murojaatnomada Yangi O‘zbekistondagi islohotlar bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatga tayanishi alohida qayd etildi.
Mamlakat taraqqiyotida milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotira va qadriyatlarni zamonaviy tafakkur bilan uyg‘unlashtirish muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Har bir inson o‘zining kimligi, qaysi maqsad sari intilayotgani va kelajak avlod oldidagi mas’uliyati haqida chuqur mulohaza yuritishi zarurligi qayd etildi.
Murojaatnomada Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda bilim va ma’rifatning o‘rni beqiyos ekaniga alohida urg‘u berildi. Bu borada jadid ma’rifatparvari Abdurauf Fitratning «Miya o‘zgarmaguncha boshqa o‘zgarishlar negiz tutmas», degan fikri keltirildi. Ushbu da’vat bugungi avlodni dunyoqarashini yangilashga, mustaqil fikrlashga, zamonaviy bilimlarni egallashga va taraqqiyotga to‘siq bo‘ladigan eskicha qarashlardan xalos bo‘lishga undaydi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona oila bo‘lib yashayotgani qayd etilib, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini asrab-avaylash har bir fuqaroning burchi ekani ta’kidlandi.
Murojaatnomada O‘zbekistonda shakllangan birlik va hamjihatlik muhitining qadriga yetish, umumiy tarix, mushtarak e’tiqod va yagona Vatan tuyg‘usi atrofida birlashish muhimligi alohida qayd etildi.
Hujjatda ziyolilarning ilmiy, ijodiy va ma’naviy salohiyatini xalq farovonligi va Vatan ravnaqi yo‘lida safarbar etishga tayyor ekani bildirildi. Shuningdek, Ziyolilar kengashi millat oydinlarining fikr va g‘oyalari davlat qarorlariga ta’sir ko‘rsatadigan, ularning ovozi dadil yangraydigan muhim muloqot maydoniga aylanishiga ishonch bildirildi.
Murojaatnoma yakunida barcha yurtdoshlar milliy yuksalish yo‘lida birgalikda harakat qilishga, Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-ma’rifiy qudratini butun dunyoga namoyon etishga chaqirildi.
“Kelinglar, azizlar, milliy yuksalish binosini barchamiz birgalikda yarataylik! Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-ma’rifiy qudratini butun dunyoga namoyon etaylik!”





