Muzeyning haqiqiy qiymati uning me’moriy mahobatida emas, insonlar hayotidagi o‘rnida
«O‘zbekistonga kelgan har bir inson bu yerni albatta ko‘rishi kerak». Polsha Respublikasi Seymi Iqtisodiyot va rivojlanish komissiyasi raisi Rafal Pavel Komarevichning bu so‘zlari uning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifidan olgan taassurotlarini yaqqol ifodalaydi.
Rafal Pavel boshchiligidagi delegatsiya Markazning tarixiy ekspozitsiyalari, noyob eksponatlari, me’moriy yechimlari va zamonaviy mulьtimedia texnologiyalari bilan tanishdi. Mehmonlar, ayniqsa, asrlar davomida shakllangan ilmiy-ma’naviy merosning zamonaviy texnologiyalar orqali namoyon etilishiga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan Markaz haqidagi fikrlarini bildirgan Polsha parlamenti vakili uning an’anaviy muzeylardan farqli jihatlarini alohida ta’kidladi.
«Islom sivilizatsiyasi markazida ko‘rganlarim menda juda katta taassurot qoldirdi. Bu maskan nafaqat muzey, balki islom sivilizatsiyasi tarixi va ma’rifati bilan tanishish imkonini beradigan dargoh ham ekan.
Markazning o‘ziga xos jihati shundaki, u zamonaviy mulьtimedia texnologiyalari bilan jihozlangan. Bu oddiy muzey emas, balki tashrif buyuruvchilarga tarixni mutlaqo boshqacha tarzda his qilish va anglash imkonini beradigan maskan.
Bu yerda ko‘plab mulьtimedia materiallari jamlangan. Shuningdek, O‘zbekiston tarixi va madaniyatini interaktiv tarzda o‘rganish uchun ham barcha sharoit yaratilgan.
Ayniqsa, ekspozitsiyalarning yakuniy qismida yorug‘lik va ovoz uyg‘unligiga asoslangan namoyish menda katta taassurot qoldirdi. O‘zbekistonning boy tarixini bu yerga kelgan har bir insonga shu tarzda yetkazish mumkin.
Menimcha, O‘zbekistonga kelgan har bir kishi Islom sivilizatsiyasi markazini albatta ko‘rishi kerak. Bu yerdagi barcha jihatlar — muzey ekspozitsiyalaridan tortib, binoning me’moriy yechimlarigacha — kishini hayratga soladi.
Biroq men uchun eng quvonarli jihat — Markazga odamlar tashrif buyurayotganidir. Bu faqat me’moriy inshoot bo‘lib qolmagan, balki O‘zbekiston aholisi va sayyohlar kelib, tarix va madaniyat bilan tanishadigan maskan ekanini ko‘rish juda yoqimli.
Bu haqiqatan ham ajoyib. Chunki muzeylar, avvalo, insonlar uchun xizmat qiladi», — dedi Rafal Pavel.
Polьsha parlamenti vakilining fikrlarida Markazning yana bir muhim jihatiga urg‘u berilgan: uning qadri faqat me’moriy mahobati yoki zamonaviy texnologiyalari bilan emas, balki insonlarga berayotgan ma’rifiy imkoniyatlari bilan ham belgilanadi. Zero, tarixiy merosning haqiqiy qiymati uni namoyish etish mahorati bilangina emas, balki odamlarni o‘ylashga, anglashga va yangi bilimlarni kashf etishga unday olishi bilan ham o‘lchanadi.





