Internet orqali radikallashuvning oldini olish: muammolar va yechimlar muhokama qilindi
Joriy yilning 25-noyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Internet orqali radikallashuv: muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda internet makonida radikal g‘oyalar, soxta diniy da’vatlar va manipulyativ axborotlarning tarqalishi, ayniqsa, yoshlar dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatishi bilan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunday sharoitda axborot xurujlarining oldini olish, ishonchli diniy-ma’rifiy manbalarni keng targ‘ib etish va yoshlarda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish muhim vazifalardan hisoblanadi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, olimlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Anjumanni Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva va Markaz ilmiy xodimlari ham qatnashdi.
Konferensiyada radikallashuvning kelib chiqish omillari, uning ijtimoiy va psixologik jihatlari, raqamli texnologiyalardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, yoshlarni mafkuraviy ta’sirlardan himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Mahsudov radikallashuvni faqat diniy omillar bilan bog‘lash to‘g‘ri emasligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bu jarayon ijtimoiy himoyasizlik, psixologik ehtiyojlar, adolatsizlik hissi, moliyaviy muammolar va axborot muhiti bilan ham chambarchas bog‘liq.
Radikallashuv faqat diniy bilim yetishmasligi oqibati emas, u ko‘pincha insonning ijtimoiy himoyasizligi, psixologik ehtiyojlari, adolatsizlik hissi, moliyaviy muammolari va axborot muhiti bilan bog‘liq murakkab jarayondir, — dedi Davronbek Mahsudov.
Shuningdek, u radikal g‘oyalarga qarshi ishonchli va sifatli ma’rifiy kontent yaratish zarurligini ta’kidlab, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda yoshlar qiziqishiga mos videolar, podkastlar va ilmiy-ma’rifiy materiallarni ko‘paytirishni taklif etdi.
Radikal g‘oyalarga qarshi kurashning samarali yo‘llaridan biri — ularning o‘rnini ishonchli, sifatli va ta’sirchan ma’rifiy kontent bilan to‘ldirishdir, — dedi u.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov internetda tarqatilayotgan yolg‘on axborot va manipulyativ materiallarga qarshi kurashishda sog‘lom tafakkur, ma’rifat va axborot savodxonligining ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, yoshlarni axborotni tahlil qilish, manbalarni tekshirish va tanqidiy fikrlashga o‘rgatish radikallashuvning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
Yolg‘on va radikallikning internet orqali tarqalishi bu zamonaviy axborot muhitining jiddiy sinovidir. Unga qarshi eng kuchli qalqon — teran ilm, sog‘lom tafakkur, ma’rifat, mo‘’tadillik va jamiyatdagi o‘zaro ishonch, — dedi Homidjon Ishmatbekov.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov raqamli muhitda diniy mazmundagi axborotlarning ishonchliligini tekshirish, sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan materiallarni to‘g‘ri baholash va yoshlarni ishonchli manbalarga tayanib fikr yuritishga o‘rgatish masalalariga to‘xtaldi.
Imom Buxoriy avlodlari o‘laroq, biz hech qachon internetda adashmasligimiz kerak, — dedi Uyg‘un G‘afurov.
U diniy ta’limda ustoz, kitob va talaba o‘rtasidagi an’anaviy munosabatlarning ahamiyatini ta’kidlab, onlayn ta’lim imkoniyatlari bevosita ustoz bilan muloqot va ma’naviy tarbiyaning o‘rnini to‘liq bosa olmasligini qayd etdi.
Bizda qadimdan shakllangan uchlik bor: ustoz, kitob va talaba. Mana shu uchlik bo‘lmasa, ta’limda yetarli natijaga erishish qiyin. Onlayn ta’lim ayrim holatlarda qulay imkoniyat yaratadi. Ammo diniy ta’limda ustoz bilan bevosita muloqot, odob-axloq va ma’naviy tarbiyaning o‘rnini to‘liq almashtira olmaydi, — dedi u.
Shuningdek, ma’ruzachi buyuk allomalar asarlarini asl manbalar asosida o‘rganish, xatmul kutub an’anasini tiklash va yoshlarni ishonchli ilm manbalariga tayanib xulosa chiqarishga o‘rgatish muhimligini ta’kidladi.
Konferensiyada internet orqali radikallashuvning oldini olishda diniy-ma’rifiy muassasalar, ilmiy-tadqiqot markazlari, ta’lim tashkilotlari va axborot texnologiyalari mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Tadbir yakunida mazkur yo‘nalishda ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, yoshlarning raqamli va mediasavodxonligini oshirish hamda sohadagi tadqiqotlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Konferensiya materiallari asosida ilmiy ma’ruza va maqolalar to‘plamini nashr etish ham rejalashtirilgan.





