Turizm sohasida hamkorlik kengayadi: Markaz va Turizm qo‘mitasi o‘rtasida memorandum imzolandi
O‘zbekistonda turizm sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy sayyohlar oqimini oshirish va yangi turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish maqsadida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat Markazning xalqaro turizmdagi salohiyatini keng namoyon etish, xorijiy sayyohlarni jalb qilish va turoperatorlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Memorandum 25–27 noyabr kunlari CAEx Uzbekistan ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkazilayotgan «Ipak yo‘lida turizm» 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi hamda Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumi doirasida imzolandi. 45 dan ortiq mamlakat vakillari, 600 dan ziyod xorijiy kompaniya hamda 20 ga yaqin xalqaro tashkilot ishtirok etayotgan mazkur tadbir yangi investitsiyaviy va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim xalqaro maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Memorandumda turoperatorlar uchun maxsus chegirmalar taqdim etish, qo‘shma turistik dastur va paketlar ishlab chiqish, shuningdek, Markazni xalqaro turistik yo‘nalishlarga kengroq kiritish kabi vazifalar nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov ushbu kelishuv turoperatorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi va mamlakatimizning turistik salohiyatini kengroq namoyon etishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqovning ta’kidlashicha, Markaz ochilganidan buyon unga tashrif buyurganlar soni bir million nafarga yaqinlashgan. Ularning qariyb 350 ming nafarini xorijiy sayyohlar tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar Markazga xalqaro qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, mavjud imkoniyatlar va turistik salohiyatdan kelib chiqib, xorijiy sayyohlar oqimini yanada oshirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
«Maqsadimiz — kelgusi yilda Markazga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar sonini bir million nafarga yetkazish. Buning uchun keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. CNN, Euronews, Al Jazeera kabi nufuzli xalqaro media platformalarda reklama kompaniyalarini tashkil etmoqdamiz, jahon kino sanoati vakillari hamda xorijiy media guruhlar bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Yaqinda yirik xalqaro media forum ham o‘tkazildi. Bularning barchasi Markazni xalqaro auditoriyaga keng tanitish va O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar sonini ko‘paytirishga qaratilgan.
Imzolangan memorandum esa bu boradagi hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqadi. Eng avvalo, turoperatorlar uchun maxsus chegirmalar taqdim etiladi. Shuningdek, hamkorlikda yangi turistik dasturlar va paketlar ishlab chiqiladi. Zero, xizmatlar narxidagi o‘zgarishlar turoperatorlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi, ular uchun barqaror va qulay shart-sharoitlar yaratilishi muhim. Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda aynan shu yo‘nalishda tizimli ish olib borishni maqsad qilganmiz», — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Markaz direktori, shuningdek, ushbu maskanni nafaqat muzey, balki xalqaro ilmiy, madaniy va ma’rifiy muloqotlar maydoni sifatida rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi. Joriy yilning o‘zida Markazda oltita yirik xalqaro konferensiya o‘tkazilgani ham bu boradagi ishlar ko‘lamini ko‘rsatadi.
Markaz hududida tashkil etilgan turistik xab ham sayyohlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Unda mehmonxonalar, restoranlar va savdo nuqtalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar taassurotlarini yanada boyitish maqsadida mepping-shou ham tashkil etilgan.
Mazkur memorandum Markazning turistik imkoniyatlarini keng targ‘ib etish bilan birga, uni O‘zbekistonning xalqaro turizm xaritasidagi muhim manzillaridan biri sifatida tanitish, xorijiy sayyohlar oqimini oshirish va mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosini jahon miqyosida keng namoyon etishga xizmat qiladi.





