Turkmanistonlik ijodkor: «Markaziy Osiyo xalqlarining tarixiy ildizlari mushtarak»
Turkmanistondan tashrif buyurgan «Do‘stlik ko‘prigi» ko‘rgazmasi ishtirokchilaridan iborat delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi. Mehmonlar Markaz ekspozitsiyalari orqali mintaqamizda asrlar davomida shakllangan ilm-fan, madaniyat va ma’naviy hayot taraqqiyoti, buyuk allomalar merosi hamda Markaziy Osiyo xalqlarini birlashtirib turuvchi mushtarak tarixiy ildizlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari, ayniqsa, Islom sivilizatsiyasining shakllanish va rivojlanish bosqichlari, Markaziy Osiyo zaminidan yetishib chiqqan mutafakkirlarning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi hamda Renessans davrlariga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarga qiziqish bildirdi. Ularda taqdim etilgan qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar, arxeologik topilmalar va madaniy meros namunalari orqali mintaqaning ko‘p asrlik taraqqiyot yo‘li haqida atroflicha ma’lumot olish imkoni yaratilgan.
Shuningdek, mehmonlar tarixiy ma’lumotlarni zamonaviy mulьtimedia texnologiyalari va interaktiv yechimlar orqali taqdim etish usullari bilan tanishdi. Bu imkoniyatlar o‘tmish voqealarini nafaqat axborot sifatida qabul qilish, balki ularning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Turkmaniston Rassomlar uyushmasi raisi Chorimurod Yazmurodov Markazning nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun ahamiyati katta ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, mazkur maskan mintaqadagi xalqlarning mushtarak tarixi va boy madaniy merosini namoyon etish, ayniqsa, yosh avlodning bilim va dunyoqarashini boyitishda muhim o‘rin tutadi.
«Menimcha, mazkur markaz nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun ham nihoyatda katta ahamiyatga ega. Chunki u bugungi va kelajak avlod uchun ibrat manbai, insonlarni o‘z ustida ishlashga, ilm olishga va yuksak intellektual salohiyatga ega bo‘lishga undaydigan muhim maskandir.
Markazdagi muzey, kutubxona, turli tarixiy davrlar va Renessans bosqichlariga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar yosh avlodning bilimi va dunyoqarashini boyitishda katta ahamiyat kasb etadi. Zero, bugun biz ko‘rib turgan tarixiy obidalar va me’moriy yodgorliklar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Ularning har biri o‘z tarixi, taraqqiyot yo‘li va boy ma’naviy merosiga ega.
Aynan shu tarixiy meros Markaziy Osiyo xalqlarini bir-biriga bog‘lab turadi. Bugun bir-biriga qo‘shni hududlarda yashayotgan xalqlarimizning tarixiy ildizlari mushtarak ekanini ushbu markaz yana bir bor namoyon etmoqda.
Shu bois, mazkur markazni ta’lim, ma’rifat va umuminsoniy madaniyatni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam, deb hisoblayman. U bizga ajdodlarimiz qanday buyuk meros qoldirganini va bugun qanday taraqqiyot bosqichiga yetib kelganimizni anglash imkonini beradi. Bu juda muhim va ayni kerakli vaqtda bunyod etilgan ulkan inshootdir», — dedi Chorimurod Yazmurodov.





