Angolalik mutaxassis Islom sivilizatsiyasi markazining turistik salohiyatini yuqori baholadi
Angola Respublikasi Turizm vazirligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish milliy direksiyasi direktori Dinis Kuikassa O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning boy tarixiy ekspozitsiyalari, me’moriy yechimi va zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan taqdimotlari bilan tanishdi. Mehmon Markazning O‘zbekiston tarixiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda namoyon etish va mamlakatning turistik jozibadorligini oshirishdagi ahamiyatini alohida e’tirof etdi.
Tashrif davomida mehmonga Markazning tashkil etilish g‘oyasi, asosiy maqsad va vazifalari, ilmiy-ma’rifiy faoliyati hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, binoning milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy arxitektura yechimlari uyg‘unligida bunyod etilgani, uning o‘ziga xos me’moriy qiyofasi haqida so‘z yuritildi.
Ekspozitsiyalar bilan tanishish jarayonida Dinis Kuikassa O‘zbekiston hududida shakllangan qadimiy sivilizatsiyalar, ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat rivojiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Tarixiy manbalar, madaniy meros namunalari va turli davrlarga oid eksponatlar orqali mamlakatning ko‘p asrlik taraqqiyot yo‘li haqida atroflicha tasavvur olish imkoniyati yaratilgani mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, tarixiy ma’lumotlarni mulьtimedia vositalari, raqamli tasvirlar va interaktiv qurilmalar orqali taqdim etish usullariga e’tibor qaratildi. Bunday yondashuv ekspozitsiyalarni nafaqat ko‘rgazmali, balki mazmunan tushunarli va ta’sirchan tarzda namoyish etishga xizmat qiladi.
Dinis Kuikassa tashrifdan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, Markazni O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va madaniyatini xorijiy sayyohlarga tanitishda muhim turistik manzil sifatida baholadi.
«Bugungi tashrif men uchun juda mazmunli va unutilmas bo‘ldi. Islom sivilizatsiyasi tarixi, uning boy merosi va insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida ko‘plab yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Markazdagi ekspozitsiyalar, tarixiy manbalar va taqdimotlar menda katta taassurot qoldirdi.
Ayniqsa, O‘zbekiston zaminida shakllangan boy tarixiy va madaniy meros, xalqning asrlar davomida o‘z an’analarini saqlab kelgani e’tiborga loyiq. Bu yerda namoyish etilayotgan tarixiy boyliklar mamlakatning naqadar chuqur ildizlarga ega ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Bugun ko‘rganlarim orqali O‘zbekiston va uning sivilizatsion merosi haqida yanada kengroq tasavvurga ega bo‘ldim.
O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham tahsinga sazovor. Menimcha, Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoning yirik turistik maskanlaridan biriga aylandi. Chunki bu yerda mamlakatning ko‘p asrlik tarixi, boy madaniyati va sivilizatsion merosi yaxlit tarzda namoyon etilgan.
Markazning me’moriy yechimi, zamonaviy infratuzilmasi va tarixiy mazmun bilan uyg‘unlashgan ekspozitsiyalari xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otishi shubhasiz. Bu maskan nafaqat tarix bilan tanishish, balki O‘zbekiston, uning xalqi, madaniyati va qadriyatlarini chuqurroq anglash imkonini ham beradi.
O‘ylaymanki, O‘zbekiston noyob tarixiy obidalari, madaniy boyliklari va zamonaviy turistik infratuzilmasi bilan xalqaro turizm xaritasida yanada muhim o‘rin egallab boradi», — dedi Angola Respublikasi Turizm vazirligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish milliy direksiyasi direktori Dinis Kuikassa.





