«O‘zbekiston bilan tanishuv aeroportdan emas, Islom sivilizatsiyasi markazidan boshlanishi kerak»
O‘zbekistonga kelgan sayyoh mamlakat bilan tanishuvni qayerdan boshlashi kerak? Rossiya tibbiy va akademik turizm assotsiatsiyasi prezidenti Yevgeniy Chernishov bu savolga o‘ziga xos javob berdi: aeroportdan emas, Islom sivilizatsiyasi markazidan. Uning fikricha, mamlakatni chuqurroq anglash uchun, avvalo, uning tarixi, ma’naviy ildizlari va madaniy merosi bilan tanishish lozim.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan yarmarka va «Turizm yili» tadbirlari ishtirokchilari Markazga tashrif buyurib, uning ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Ular orasida Rossiya tibbiy va akademik turizm assotsiatsiyasi prezidenti Yevgeniy Vladimirovich Chernishov hamda Eron Islom Respublikasi Sog‘liqni saqlash diplomatiyasi strategik qo‘mitasi ijrochi kotibi doktor Ali Moxtaderi Isfahoniy ham bor.
Yevgeniy Chernishov Markaz binosida butun bir mintaqaning ko‘p asrlik tarixi va boy madaniy merosi jamlanganini alohida e’tirof etdi. Unda tarixiy ma’lumotlar asosida yaratilgan videolavhalar, shuningdek, Qur’oni karim zalidagi mashhur Usmon mushafining o‘ziga xos yorug‘lik kompozitsiyasi bilan uyg‘unlashgan holda namoyish etilishi katta taassurot qoldirdi. Mehmonning ta’kidlashicha, Markaz nafaqat tarixiy bilim beradi, balki O‘zbekiston o‘tmishiga nisbatan yanada chuqur qiziqish uyg‘otadi.
«Markaz o‘z ko‘lami bilan meni hayratga soldi. Qaraganda unchalik katta bo‘lmagan binoda ushbu hudud va mamlakatning ko‘p asrlik tarixi mujassam ekan. Tarixiy ma’lumotlar asosida yaratilgan videolavhalarni tomosha qilgach, hatto O‘zbekiston tarixini o‘rganuvchi tarixchi bo‘lish istagi paydo bo‘ldi.
Eng katta taassurotni esa ekskursiya yakunida ko‘rsatilgan mashhur tarixiy Qur’oni karim qoldirdi. Uning namoyishi butun zalni qamrab olgan maftunkor yorug‘lik kompozitsiyasi bilan uyg‘unlashgan edi. Shu bilan birga, Qur’oni karim yorug‘lik ta’sirida zararlanmasligi uchun uning o‘zi qorong‘ulikda saqlangan. Buning barchasi o‘ziga xos, betakror muhitni yaratdi.
Menimcha, O‘zbekistonga tashrif aeroportdan emas, aynan Islom sivilizatsiyasi markazidan boshlanishi kerak. Chunki ushbu maskan xalqning ruhiyati, tarixi va mehmondo‘stligini o‘zida mujassam etgan», — dedi Yevgeniy Vladimirovich Chernishov.
Eronlik mehmon doktor Ali Moxtaderi Isfahoniy esa Markazning ahamiyatini mintaqadagi xalqlarning mushtarak tarixi va madaniy yaqinligi bilan bog‘ladi. Uning fikricha, ekspozitsiyalarda nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo, Eron va Janubiy Osiyo xalqlarining umumiy tarixiy ildizlari va madaniy merosi ham o‘z ifodasini topgan.
«Bu haqiqatan ham ajoyib maskan. Markaz bizning umumiy merosimiz va mushtarak madaniyatimizga oid qadriyatlarni o‘zida jamlagan. Markaziy Osiyo, Eron, hatto Janubiy Osiyo mamlakatlarida yashovchi xalqlarning ham o‘zaro mushtarak jihatlari, umumiy tarixiy ildizlari ko‘p. Menimcha, ushbu Markaz bizni birlashtirib turadigan qadriyatlarni yaxlit tarzda namoyon etgan.
Asrlar davomidagi tarixni namoyish etishda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanilgani ham tahsinga sazovor. Bu maskan O‘zbekistonga tashrifning birinchi kunidayoq borish uchun juda munosib joy. Chunki bu yerga kelib, Markaz bilan tanishgan inson Toshkent, Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarning tarixini ham kashf etishga qiziqib qoladi. Bu yer mamlakat bo‘ylab sayohatni boshlash uchun juda yaxshi nuqta», — dedi doktor Ali Moxtaderi Isfahoniy.
Xorijlik mehmonlarning fikrlari Islom sivilizatsiyasi markazining O‘zbekiston tarixiy-madaniy merosini xalqaro auditoriyaga tanitishdagi ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi. Markaz mamlakatning o‘tmishi va bugungi taraqqiyoti haqida yaxlit tasavvur beradigan, shuningdek, Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalar xalqlarining mushtarak madaniy ildizlarini anglashga xizmat qiladigan muhim ma’rifiy va turistik manzildir.





