Eron vaziri Islom sivilizatsiyasi markazining me’moriy yechimlari va madaniy-ma’rifiy salohiyatiga yuksak baho berdi
Eron Islom Respublikasi Madaniy meros, turizm va hunarmandchilik vaziri Sayyid Rizo Solihiy-Amiriy O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Yuqori martabali mehmon markazning barcha ekspozitsiya zallarini ko‘zdan kechirib, islom sivilizatsiyasi tarixi, buyuk allomalar merosi, qo‘lyozmalar va tarixiy manbalar bilan tanishdi. Shuningdek, muzey ekspozitsiyalarida qo‘llanilgan zamonaviy texnologiyalar, me’moriy yechimlar va markazning ilmiy-ma’rifiy salohiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Tashrif yakunida Sayyid Rizo Solihiy-Amiriy Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi.
Mehmon markazning bunyod etilishi, me’moriy qiyofasi va tarixiy merosni namoyon etishdagi ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Avvalo, ushbu qadrli va faxrli binoni barpo etgan barcha insonlarga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu ulkan ish uchun minnatdorlik bildiraman. Haqiqatan, bu majmua menda katta taassurot qoldirdi va faxr tuyg‘usini uyg‘otdi.
Ushbu majmuada tarixiy merosga, xususan, noyob qo‘lyozmalar va Qur’on xattotligiga alohida e’tibor qaratilgani meni hayratga soldi. Majmuaning go‘zal me’morchiligi va ekspozitsiyalarning o‘ziga xos yechimlari xalqaro miqyosda namuna bo‘la oladi.
Bunday maskanlar yosh avlodning tarixiy xotirasi va madaniy merosga hurmatini shakllantirish, insonparvarlik, tinchlik va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi va kelajak avlodlarimiz o‘z tarixini, madaniy ildizlarini yaxshi bilishlari, ajdodlardan qolgan boy merosni asrab-avaylab, uni yangi avlodga yetkazishlari lozim, — dedi Eron vaziri.
Shuningdek, u O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi madaniy yaqinlik, mushtarak tarixiy meros va hamkorlik imkoniyatlariga to‘xtaldi. Vazirning ta’kidlashicha, ikki mamlakat o‘rtasida madaniy merosni asrash, arxeologiya, tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, turizmni rivojlantirish va hunarmandchilik sohalarida o‘zaro aloqalarni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
O‘zbekiston bilan biz madaniy yaqinlikni his qilamiz. Eron madaniyati va sivilizatsiyasida biz faxrlanadigan qadriyatlar o‘zbek xalqi madaniyati va sivilizatsiyasida ham alohida qadrlanadi. Butun dunyodagi sayyohlar va madaniyat ixlosmandlarining qiziqishlaridan biri — Eron, O‘zbekiston va ushbu mintaqani ko‘rish, uning tarixiy yodgorliklari va qadriyatlari bilan yaqindan tanishishdir.
O‘zbekiston sivilizatsiyasiga oid barcha meros faqat o‘zbek xalqining mulki emas, balki butun insoniyatning umumiy boyligidir.
Haqiqatan, bizda jiddiy va keng ko‘lamli hamkorlik qilish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Ushbu tashrif davomida o‘zbek rasmiylari bilan madaniy meros, arxeologiya, restavratsiya, turizm, turistik aloqalarni kengaytirish va hunarmandchilik sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilamiz. Hunarmandchilikni taraqqiy ettirish bo‘yicha ham qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz, — dedi Sayyid Rizo Solihiy-Amiriy.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, umumiy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib etish hamda madaniy meros, turizm va hunarmandchilik yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.





