Xalqaro xattotlik maktabida xalqaro hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yilning 28 noyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qoshidagi Xalqaro xattotlik maktabida «Xattotlik maktabi: amaliy mahorat darslari va xalqaro hamkorlik istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Gibrid formatda, ya’ni oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan tadbirda 11 mamlakatdan xattotlar, olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etib, xattotlik san’atining bugungi taraqqiyoti, milliy maktablar tajribasi va xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Tadbirni ochib bergan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Markazda madaniy merosni o‘rganish, asrab-avaylash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan ilmiy-amaliy uchrashuvlar muntazam tashkil etilayotganini ta’kidladi. Xususan, joriy yil aprelь oyida Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan yirik xalqaro konferensiya doirasida Temuriylar davri xattotlik san’atiga bag‘ishlangan maxsus sho‘’ba yig‘ilishi ham Markazda bo‘lib o‘tganini qayd etdi.
Markazimizda xorijiy mutaxassislar ishtirokida muntazam ravishda ilmiy uchrashuvlar, konferensiyalar, davra suhbatlari va ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda. Jumladan, joriy yil aprelь oyida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan yirik xalqaro konferensiya doirasida Temuriylar davri xattotlik san’atiga bag‘ishlangan maxsus sho‘ba yig‘ilishi ham aynan Markazimizda bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjumanda xorijiy olimlar, mutaxassislar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etib, Sharq kitobat san’atining tarixiy taraqqiyoti, uning o‘ziga xos maktablari va bugungi kundagi rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar, — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Markaz direktori, shuningdek, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini o‘rganish bo‘yicha xalqaro markaz — IRCICA rahbari Mahmud Erol Qilich tomonidan ilgari surilgan xalqaro xattotlar ko‘rgazmasini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Markazga turli mamlakatlardan xattotlar, sharqshunoslar, qo‘lyozmashunoslar, noshirlar va madaniy meros mutaxassislarining tashrifi ilmiy hamda ijodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Nutqda Markazning Qur’oni karim qo‘lyozmalari va ularning kitobat san’ati bilan bog‘liq tarixini o‘rganish borasidagi faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Markaz tashabbusi bilan O‘zbekiston va jahonning turli mamlakatlarida saqlanayotgan Qur’oni karimning eng nodir qo‘lyozma nusxalariga bag‘ishlangan ikki jildli kitob-albom nashr etilgani ma’lum qilindi.
Ma’lumki, tarixda har bir sulola, har bir hukmdor o‘z davrining badiiy va xattotlik uslubiga xos Qur’oni karim nusxalarini ko‘chirtirishga alohida e’tibor qaratgan. Bu an’ana asrlar davomida davom etib, hatto XX asr boshlariga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Biz ana shu ulug‘ an’anani zamonaviy davrda qayta tiklash va yangi mazmun bilan boyitishni maqsad qilganmiz. Shu munosabat bilan Markazimiz tomonidan “Yangi O‘zbekiston Qur’oni” nomli yirik xalqaro loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda, — dedi Markaz direktori.
Shuningdek, u Xalqaro xattotlik maktabi faoliyatini yanada rivojlantirish, xorijiy xattotlik markazlari bilan tajriba almashish, mahorat darslari, xalqaro ko‘rgazmalar va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish muhimligini qayd etdi. Bu borada yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ustoz-shogird an’analarini davom ettirish ham ustuvor vazifalardan ekanini ta’kidladi.
Seminarning amaliy qismida eronlik taniqli xattot, Eron Xattotlar uyushmasi ustozi Karimulloh Najafiy ishtirokida nasta’liq va shikasta nasta’liq xat uslublari bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi. U Toshkentdagi Xalqaro xattotlik maktabi faoliyati va yoshlarning ushbu san’atga qiziqishini yuqori baholadi.
Men Eronning Tehron shahridan keldim. Bu yerda ikki nafar mohir ustoz nasx va suls xat uslublaridan saboq berayotgan xattotlik maktabi faoliyati bilan tanishib, qiziquvchi yoshlarga nasta’liq va shikasta nasta’liq uslublarini o‘rgatishdan mamnunman. O‘zbekistonning Toshkent shahrida xattotlik san’atini o‘rganish uchun shunday muhit yaratilgani quvonarli. Xattotlik har kim ham egallay oladigan oddiy mashg‘ulot emas. Bu san’atni davom ettirish uchun insonda kuchli qiziqish, ishtiyoq va sabr bo‘lishi kerak. Bu yerda jamlangan yoshlarning intilishlari meni xursand qildi. Ularning o‘z ustida ishlashda davom etib, ko‘zlagan maqsadlariga erishishlarini istayman, — dedi Karimulloh Najafiy.
Eronlik xattot kelgusida ikki mamlakat xattotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish yuzasidan ham taklif bildirdi. Uning aytishicha, Eron Xattotlar uyushmasining mamlakat shaharlari bilan bir qatorda Yevropa, Amerika va Osiyoning turli davlatlarida ham bo‘limlari faoliyat yuritadi. Ushbu tajriba asosida O‘zbekistonda ham hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish mumkin.
O‘zbekiston, jumladan, Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida ham Eron Xattotlar uyushmasining bo‘limlarini tashkil etish imkoniyati bor, deb o‘ylayman. Bu orqali eronlik ustozlar kelib, mahalliy xattotlik san’atiga qiziquvchi yoshlarga ta’lim berishlari, ularning mahoratini oshirishga ko‘maklashishlari mumkin. Men ham Erondan turib, ushbu maktab va uning jamoasi bilan hamkorlik qilish, o‘z tajribam bilan o‘rtoqlashishga tayyorman, — deya ta’kidladi u.
Mahorat darsi davomida Xalqaro xattotlik maktabi o‘quvchilari nasta’liq xat uslubining o‘ziga xos xususiyatlari, yozish texnikasi va badiiy imkoniyatlari bilan tanishdilar. Shuningdek, metallga naqsh o‘yish san’ati ustasi Husayn Sarjo‘qiyonning xattotlik va rassomlik san’ati o‘rtasidagi uyg‘unlikka bag‘ishlangan taqdimoti ham o‘tkazildi.
Anjumanning ilmiy qismida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Shayx Abdulaziz Mansur, turkiyalik xattot Sayid Ahmad Depeler, qozog‘istonlik xattot Asilbek Orinbasar, tojikistonlik xattot Abduxalil Hakimov, afg‘onistonlik xattot Foiz Qalamkar, pokistonlik xattot Muhammad Abubakr Siddiqiy, AQSh vakili Haj Vafo hamda Toshkent islom instituti prorektori, xattot Yoqubjon Buxorboyevning ma’ruzalari tinglandi.
Mutaxassislar xattotlik san’atining zamonaviy taraqqiyoti, an’anaviy maktablarning o‘ziga xos jihatlari, ustoz-shogird an’analarini saqlash, yosh xattotlarni tayyorlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Ta’kidlash joizki, xattotlik san’ati asrlar davomida Sharq sivilizatsiyasida kitobat, ilm-fan, adabiyot va tasviriy san’at taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq holda rivojlangan. Bugungi kunda ushbu noyob san’atni asrab-avaylash, uning boy an’analarini yangi avlodga yetkazish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur xalqaro seminar Xalqaro xattotlik maktabining xorijiy mutaxassislar bilan aloqalarini mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni shakllantirish va yosh xattotlarning kasbiy mahoratini oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy ekspozitsiyalari bilan tanishdilar.





