
Yangiliklar
Yirik qurilishlar, ilm-fan yuksalishi va siyosiy sinovlar tarixi
🔴Bir davr, bir inson, bir millat bir ekspozitsiyada
🔴“Paxta ishi”dan tashqari nimalar boʻlgan? Rashidov davri haqiqati yangicha talqinda!
🔴Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasida XX asrdagi Oʻzbekistonning global sahnaga chiqishi jarayonlari namoyish etiladi.
XX asrning ikkinchi yarmi Oʻzbekiston tarixida ulkan bunyodkorlik va qurilishlar davri sifatida esda qolgan. Bu davrning eng yorqin timsoli – davlat arbobi va adib Sharof Rashidovdir.
1917 yilda Jizzaxda tugʻilgan Rashidov yoshlikdan sheʼriyatga oshno boʻlgan, xalq, mehnat va vatanparvarlik ruhini qalamida ifodalagan. Ammo u faqat adabiyot maydonida emas, balki davlat boshqaruvi va qurilish ishlarida ham katta iz qoldirdi.
1966 yilgi Toshkent zilzilasidan keyin Rashidov tashabbusi bilan “Toshkentni qayta qurish” dasturi amalga oshirildi. Keng koʻchalar, yangi uy-joylar, madaniy markazlar barpo etildi. 1977 yilda esa Toshkent metrosi ishga tushdi — u nafaqat transport tizimi, balki nafis meʼmorchilik namunasi sifatida ham faxr bilan tilga olinadi.
Bu davrda mamlakatda yirik inshootlar qurildi:
◾️«Oʻzbekiston» mehmonxonasi (1974) – oʻz davrining eng hashamatli maskani
◾️Davlat sirki (1976) – Markaziy Osiyodagi yagona zamonaviy sirk
◾️Xalqlar doʻstligi saroyi (1981) – madaniy muloqot maydoni
Chilonzor massivi, yangi teatrlar, muzeylar, qishloqlarda maktablar, shifoxonalar – aholi turmush tarzini tubdan oʻzgartirgan qurilishlar
Rashidov davri iqtisodiy rivojlanish bilan ham yodda qoldi. Chorvoq GES, Navoiy IES, Muruntov oltin koni, Gazli gaz koni, yirik sanoat korxonalari – respublikaning iqtisodiy salohiyatini oshirdi.
Shu bilan birga, madaniy hayotda ham yuksalish kuzatildi: Abu Rayhon Beruniyning 1000 yilligi nishonlandi, Temuriylar davriga bagʻishlangan simpoziumlar oʻtkazildi, ilmiy institutlar soni ikki barobarga koʻpaydi.
Albatta, bu davr ziddiyatli jarayonlar bilan ham xotirada qolgan. “Paxta ishi” bilan bogʻliq voqealar Rashidov nomini siyosiy tanqid markaziga aylantirdi. Biroq keyingi yillarda uning nomi oqlandi, haykallar oʻrnatildi, koʻchalarga nomi berildi.
Sharof Rashidov – ijodkor va shoir
Sharof Rashidov avvalo adabiyotga shoir sifatida kirib keldi. Uning ilk yirik asari — «Chegarachi» dostoni 1937 yilda nashr etilib, yosh ijodkorning isteʼdodini keng namoyon qildi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Rashidov ham qalami bilan frontga safarbar boʻldi. Fashizmga qarshi nafrat, jasorat va gʻalaba umidi bilan yozilgan «Qaxrim» (1945) toʻplami ana shu davrning ruhini ifoda etdi.
Urushdan keyin u xalqning ogʻir mehnatini, yangi hayot qurish yoʻlidagi iztirob va quvonchlarini adabiyot orqali aks ettirishga intildi. Qoʻriq va boʻz yerlarni oʻzlashtirish mavzusiga bagʻishlangan «Gʻoliblar» qissasi (1953), “Qudratli toʻlqin”, “Boʻrondan kuchli” romanlari oʻsha yillardagi eng dolzarb masalalardan biriga aylandi.
Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazidagi “Sharof Rashidov: davlat arbobi va adib” medialoyihasi ana shu tarixiy davrni qayta his qilish imkonini beradi. Multimedia mahsulotlar, hujjatli filmlar va qimmatli eksponatlar tomoshabinni XX asrga, qurilish va yangilanish ruhiga qayta olib boradi.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Eng ko‘p o‘qilganlar

Markaz va TURKSOY o‘rtasida miniatyura maktabi ochilishi rejalashtirilmoqda
Turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi.

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashida Prezident qarori asosida ustuvor vazifalar belgilab olindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror ijrosini taʼminlash masalalari O‘zbekistondagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan Kengaytirilgan Ilmiy kengashning ikkinchi yig‘ilishida asosiy eʼtibor markazida bo‘ldi. Yig‘ilishda Prezident qarorida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, joriy yilning 9–10 aprel kunlari Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiyani yuqori saviyada tashkil etish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Amir Temur shaxmatining bugungi shaxmatdan nima farqi bor?
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.


