
Yangiliklar
Markaziy Osiyoning eng qadimiy va bebaho qoʻlyozmalarini koʻrishni istaysizmi?
🔴 Eng sirli eksponatlar bilan tanishish imkoniyati!
🔴 Oʻtmishning noyob durdonalari namoyishi!
Islom sivilizatsiyasi markazida sizni ulugʻ ajdodlarimizning bebaho merosi kutmoqda. Usmon Mushafining muqaddas sahifalari, Temur tuzuklarining adolatga asoslangan qoidalari, Navoiyning abadiy ijodi... Agar kitoblar gapira olsa, “Usmon Mushafi” qanday ibratlarni aytardi? Yoki “Temur tuzuklari” qaysi qonunlarni eslatardi? Har bir qoʻlyozma oʻtmishning sirli hikoyasini pichirlaydi.
Yaqin kunlarda ochilishi kutilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi jamoatchilikka ana shu tarixiy sirlarni chuqurroq anglash imkonini taqdim etadi. Bu yerda nafaqat asl qoʻlyozmalar, balki ularning faksimilelari va ilmiy tiklangan nodir nusxalari ham jamlangan.
Qurʼon nusxalari – markazning qimmatli durdonalari
Markaz muzeyining eng muhim boyliklari orasida qadimiy Qurʼon qoʻlyozmalari alohida oʻrin tutadi. Jumladan:
◾️ Usmon Mushafi
◾️Shodmalik Xotun Qurʼoni
“Temur tuzuklari” va tarixiy qoʻlyozmalar
Markaz ekspozitsiyasida Temuriylar davlatining siyosiy hayoti va boshqaruv tizimiga oid eng muhim manbalardan biri – “Temur tuzuklari” haqida chet el olimlari va yozuvchilari tomonidan yozilgan asarlarning asl nusxalarini koʻrishingiz mumkin.
Ulardan:
⚫️ Fors va ingliz tillarida yozilgan “Temur tuzuklari” asari,
⚫️ Ingliz tilida 1681 yil Londonda yozilgan Charlz Saundersning “Buyuk Temur” asari,
⚫️ Fransuz tilida 1739-yil Parijda yozilgan Jan Baptist Magnat de Tillining “Amir Temur tarixi” asarlarining ham asl nusxalari namoyish qilinadi.
Ularda davlat boshqaruvi, harbiy tartib va adolat qoidalari batafsil bayon qilingan.
Shuningdek, markazda Temuriy shahzodalar tashabbusi bilan yaratilgan koʻplab qoʻlyozmalar ham oʻrin oladi. Masalan, 1397–1398-yillarda Pirmuhammad tomonidan tayyorlangan ikki jildlik toʻplamda Firdavsiyning “Shohnoma”, shuningdek “Garshaspnoma” va “Bahmannoma” kabi asarlar jamlangan.
Elektron qoʻlyozmalarga zamonaviy yoʻl
Islom sivilizatsiyasi markazi “Ikkinchi Renessans” boʻlimida haqiqiy qoʻlyozmalar bilan birgalikda oʻsha davrning eng noyob asarlarini bir necha tillardagi elektron variantlarini bemalol oʻqish imkoniga ega boʻlasiz.
Bular orasida:
➖ Fransiya milliy kutubxonasi (Parij)da saqlanayotgan Abdurahmon as-Soʻfiyning (vaf. 986) “Suvar al-kavokib as-sobita” asari,
➖ Shohrux Mirzo kutubxonasi uchun tayyorlangan, Toʻpqopi saroyi kutubxonasi (Istanbul)da saqlanayotgan Rashiddinning (1247–1318) “Jomi at-tavorix” asari,
➖ 1400 yilda xattot Ali ibn Sultoniy Tabriziy tomonidan koʻchirilgan, Nyu-York Friir sanʼat galereyasida saqlanayotgan Nizomiyning “Xamsa”si,
➖ Bodlean kutubxonasi (Oksford)da saqlanayotgan Alisher Navoiyning “Hayrat ul-Abror” asari,
➖ XVI asrda Volner (Baltimor)da saqlanayotgan “Boburnoma” asarlarining asl qoʻlyozma nusxalarining elektron variantlaridan foydalanishingiz mumkin.
Xulosa
Islom sivilizatsiyasi markazi — bebaho merosimizni ilmiy asosda oʻrganish va uni xalqimiz hamda jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim koʻprik vazifasini bajaradi. Bu maskan orqali biz ajdodlarimizning ilmga boʻlgan intilishi va sanʼatga muhabbatini yanada chuqurroq anglaymiz.
Laylo Abdukaxxarova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Eng ko‘p o‘qilganlar

Markaz va TURKSOY o‘rtasida miniatyura maktabi ochilishi rejalashtirilmoqda
Turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi.

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashida Prezident qarori asosida ustuvor vazifalar belgilab olindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror ijrosini taʼminlash masalalari O‘zbekistondagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan Kengaytirilgan Ilmiy kengashning ikkinchi yig‘ilishida asosiy eʼtibor markazida bo‘ldi. Yig‘ilishda Prezident qarorida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, joriy yilning 9–10 aprel kunlari Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiyani yuqori saviyada tashkil etish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Amir Temur shaxmatining bugungi shaxmatdan nima farqi bor?
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.


