Misrlik olim: “Bu – Oʻzbekistonning buyuk piramidasi!”
Qohira universiteti Adabiyot fakulteti Sharq tillari kafedrasi professori Jalol Said Al-Hafnaviy Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, chuqur taassurotlar bilan oʻrtoqlashdi.
“Bu markaz oddiy majmua emas, — deydi u. — Men dunyoda koʻplab ilmiy va madaniy maskanlarda boʻlganman, ammo bunday joyni boshqa mamlakatlarda koʻrmaganman. Bu yerdagi meʼmoriy sanʼat, Qurʼon oyatlari, Makka haramini eslatuvchi eshiklar — barchasi betakror. Bu maskanda Amir Temur, Ulugʻbek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk ajdodlaringizning ruhi va merosi ulugʻlanadi. Xuddi yangi dunyoga kelgandek his qildim!”
Professorning taʼkidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi — bu nafaqat Oʻzbekiston, balki butun insoniyatning maʼnaviy piramidasidir.
“Bu joy Oʻzbekiston tarixida abadiy bitilib qoladi. Misrdagi piramidalar singari, bu ham Oʻzbekistonning buyuk piramidasi, dunyoda oʻxshashi yoʻq buyuk obida”, — dedi u taassurot bilan.







