Yoshlar, tarix va harflar sehri: xattotlik sanʼatiga yangicha nigoh!

🔴 Ajdodlarimiz sanʼati qayta kashf etilmoqda!
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi Xalqaro xattotlik maktabida yoshlar ajdodlar sanʼati bilan yuzma-yuz uchrashdi. Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari ishtirokida madaniy-maʼrifiy suhbat boʻlib oʻtdi. Bu safar nafaqat harf shaklini, balki maʼno mohiyatini his etish darsi boʻldi.
Tadbirda markaz ilmiy xodimlari va maktab ustozlari talabalarga markazning asosiy maqsad va vazifalari, islom va milliy sivilizatsiya merosini oʻrganish hamda targʻib etishdagi ahamiyati haqida atroflicha maʼlumot berdilar.
Mehmonlar markazning meʼmoriy qiyofasi, ekspozitsiya zallari va ilmiy yoʻnalishlari bilan tanishdilar. Shuningdek, ular xalqaro xattotlik maktabidagi oʻquv jarayonlari, amaliy mashgʻulotlar va talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlarni koʻzdan kechirdilar.
Suhbat davomida ustozlar talabalarga xattotlik sanʼatining tarixi, turli yozuv uslublari va ularning maʼnaviy mohiyati haqida soʻzlab berdilar. Dars jarayonida yoshlar amaliy yozuv namunalarini ham kuzatish imkoniga ega boʻldilar.
Xattot ustoz Muhammad Soliyev taʼkidlashicha, xattotlik nafaqat yozuv mahorati, balki inson qalbidagi sabr, nafosat va ruhiy poklik ifodasidir.
“Yoshlar bu sanʼat orqali oʻz millatining madaniy ildizlarini his etadi”, – deydi xattot.
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabasi Ahmadjon Amirjonov bu maktabdagi mashgʻulotlar milliy yozuvga boʻlgan mehrni yanada kuchaytirganini taʼkidladi.
“Har bir harfning ortida tarix va maʼno borligini his qildim. Bu tashrif men uchun katta ilhom manbai boʻldi”, – deydi u.
Tadbir yoshlarda milliy yozuv anʼanalariga qiziqish uygʻotish, xattotlik merosini saqlash va uni zamonaviy ijod orqali davom ettirishga xizmat qildi.









