CNN World: Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat va ilhom manbai
CNN World nashri Toshkent shahrida ochilishi arafasida turgan Islom sivilizatsiyasi markazini Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan eng yirik maʼnaviy-maʼrifiy loyihalardan biri sifatida yoritdi. Materialda Markazning islom merosini zamonaviy talqinda namoyon etishga qaratilgan konsepsiyasi, uning meʼmoriy yechimi, nodir qoʻlyozmalar va artefaktlarni asrab-avaylashdagi oʻrni, shuningdek, ilm-fan, taʼlim va madaniyatni birlashtirgan xalqaro intellektual maydon sifatidagi ahamiyati keng yoritilgan.
Qadimiy tarix va zamonaviy taraqqiyot chorrahasi Toshkent shahrida yakunlangan yirik madaniy loyihalardan biri — Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi kutilmoqda, mazkur Markaz Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan eng salmoqli maʼnaviy-maʼrifiy tashabbuslardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Hikmat va maʼrifatga asoslangan markaz
Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy muzey majmuasi emas. U — Islom merosining jahon sivilizatsiyasi rivojidagi oʻrni va ahamiyatini qayta talqin qilishga qaratilgan keng koʻlamli madaniy-maʼrifiy megaloyiha. Markazning asosiy vazifasi — xalqning koʻhna madaniy va tarixiy merosini oʻrganish, saqlash va uni kelajak avlodlarga yetkazishdan iborat.
Markazni barpo etish gʻoyasi ilk bor 2017 yili BMT Bosh Assambleyasi minbaridan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan. Davlat rahbari ushbu tashabbus orqali loyihaning mohiyatini quyidagicha ifodalagan:
“Eng muhim vazifamiz — Islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish. Islom insonni yaxshilikka, tinchlikka, poklik va bagʻrikenglikka chaqirgan dindir.”
Islom sivilizatsiyasi markazi Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻzlagan qarashi mahsulidir.
Maʼno va qadriyatlar meʼmorchiligi
Prezident tomonidan ilgari surilgan bu muhim gʻoya oradan sakkiz yil oʻtib oʻzining ulkan meʼmoriy ifodasiga ega boʻldi. Markaz Toshkent shahrining— Hazrati Imom majmuasi hududida barpo etilgan.
Majmua 65 metrlik asosiy gumbaz va mamlakat hududlarining birligini ifodalovchi toʻrt portaldan tashkil topgan. Majmuaning yuragi — VII asrga oid va YuNESKOning “Jahon xotirasi” roʻyxatiga kiritilgan muqaddam Usmon Qurʼoni saqlanadigan Qurʼon zalidir.
Markaz ekspozitsiyasi zamonaviy raqamli installyatsiyalar bilan boyitilgan boʻlib, xronologik tartibda — islomgacha boʻlgan davrdan boshlab, Birinchi va Ikkinchi Renessanslar, Yangi Oʻzbekiston - Yangi Renessans asosi davrigacha boʻlgan yoʻlni qamrab oladi.
Ilm-fan, sanʼat va taʼlim birlashgan intellektual maydon
Markaz ilm, sanʼat va taʼlimni bir nuqtada jamlagan intellektual maydon sifatida faoliyat yuritadi. 200 mingga yaqin adabiyotni oʻz ichiga olgan kutubxona, Xattotlik maktabi, hunarmandchilik ustaxonalari, restavratsiya laboratoriyasi uning ajralmas qismi sanaladi.
Markazda King's Foundation anʼanaviy sanʼat maktabi, hamda Oʻzbekistonda ilk bor tashkil etilgan Bolalar muzeyi faoliyat yuritadi. Bu yerda bolalar ilm-fan bilan oʻyin, tajriba va multimedia orqali tanishadilar.
Markazning ikkinchi qavatida YuNESKO, ICESCO, IRCICA, Oksford Islom tadqiqotlari markazi va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari joylashgan.
460 oʻrinli xalqaro konferensiya zali esa madaniy va ilmiy muloqotlarni tashkil etish uchun moʻljallangan. Markazda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, kashfiyotlar va madaniy tashabbuslar muzey ekspozitsiyalarida doimiy ravishda yangilanib borib, uni “tirik muzey”ga aylantiradi.
YuNESKO Bosh direktori Xaled El-Ananiy taʼkidlaganidek:
“Ushbu markaz butun insoniyat uchun nur va maʼrifat manbai boʻlib xizmat qilishini tilayman. U madaniy xilma-xillik, bagʻrikenglik, ochiqlik va Oʻzbekistonning insoniyat taraqqiyotidagi oʻrnini yorqin namoyon etuvchi maskandir.”
Xotira va merosni tiklash yoʻlida
Markaz faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri — asrlar davomida turli mamlakatlarga tarqab ketgan milliy meros namunasini yurtga qaytarishdir. Oʻzbekistonlik olimlar va sanʼatshunoslar dunyodagi yetakchi auksion uylari, xususiy kolleksiyalar va galereyalar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Natijada mingdan ziyod noyob eksponatlar mamlakatga qaytarildi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Jahon jamiyati (WOSCU) Markazga mingga yaqin qoʻlyozma va artefaktni taqdim etdi.
Markaz xayriyachilar va xususiy kolleksionerlar bilan hamkorlikni davom ettirmoqda: bu uning xalqaro mezonlarga toʻliq mos ravishda rivojlanishi va tarixiy yaxlitligini taʼminlaydi.
Bugundan boshlangan kelajak
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxolikov taʼkidlaganidek:
“Har kuni Markazga Prezident Shavkat Mirziyoyevga bu ilm-maʼrifat maskanini barpo etgani uchun minnatdorlik bildiruvchi murojaatlar kelmoqda. Ushbu markaz Islom sivilizatsiyasini tinchlik, ezgulik, ilm va maʼrifat manbai sifatida dunyoga toʻgʻri va zamonaviy talqinda tanitmoqda.
Asrlar davomida tarqoq holda saqlangan maʼnaviy va ilmiy meros bugun bir makonda jamlanib, yangi maʼno va birlik kasb etmoqda.
Bizning vazifamiz — ushbu ulkan loyihani izchil rivojlantirib, uni maʼrifatli kelajakni yaratishga xizmat qiluvchi kuchli madaniy-maʼrifiy markazga aylantirishdir.”











