DUNYONING YETAKCHI KINOCHILARI O‘ZBEKISTONDAGI ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZIDAN YANGI ILHOM OLISHDI
Dunyo rejissyorlari, prodyuserlar va animatorlar Toshkentda tarix bilan yuzma-yuz uchrashdi. “Tirik tarix” xalqaro kinofestivali doirasida Islom sivilizatsiyasi markaziga qilingan tashrif kino va madaniy meros o‘rtasidagi yangi muloqotni ochdi.
“Tirik tarix” xalqaro kinofestivali doirasida dunyoning turli mintaqalaridan tashrif buyurgan yetakchi kino ijodkorlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar. Mazkur tashrif madaniy meros, tarix va zamonaviy kino sanʼati o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini jahon auditoriyasiga keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi.
Kinofestival doirasida Rossiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qatar, Turkiya, Xitoy, AQSH va Mongoliyadan kelgan rejissyorlar, prodyuserlar, animatorlar hamda kino va media vakillari Islom sivilizatsiyasi markazining umumiy konsepsiyasi, ilmiy-ekspozitsiya yo‘nalishlari va madaniy-maʼrifiy yondashuvlari bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida ishtirokchilar Markazda yaratilgan nodir artefaktlar jamlanmasi, qo‘lyozmalar fondi, shuningdek, raqamli texnologiyalar asosida shakllantirilayotgan ilmiy va vizual platformalar bilan tanishdilar. Kino ijodkorlari Markazni nafaqat muzey yoki ilmiy muassasa, balki “tirik tarix”, global hikoyalar va madaniy xotirani zamonaviy til orqali ifoda etish imkonini beruvchi noyob maydon sifatida baholadilar.
Umid Mirzayev, Xalqaro Yevroosiyo matbuot fondi prezidenti (Ozarbayjon):
“Bu yerga ilk bor tashrif buyurdim va dastlabki qadamlarimdanoq juda katta hayrat va taassurotni his qildim. Markazning muazzamligi, mazmuni va ruhiy muhiti insonni beixtiyor o‘ziga tortadi. Bu ulkan tashabbus bilan O‘zbekiston xalqini samimiy tabriklayman. Ekspozitsiyalar orqali islom olamining, shuningdek, turkiy dunyoning buyuk hoqonlari, allomalari va davlat arboblari haqida boy maʼlumotlarga ega bo‘ldik. Zaldan zalga o‘tgan sari inson aqli va bunyodkorlik salohiyatining beqiyos qudratini yana-da chuqurroq his qilasan.”
Gu Guoking, Xitoy Kino assotsiatsiyasining Xalqaro kommunikatsiyalar qo‘mitasi raisi:
“Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurganimdan juda mamnunman. Ilk taassurotlarim juda kuchli bo‘ldi. Dastlab bu joyni faqat ilmiy-taʼlimiy markaz deb o‘ylagandim, ammo tashrif davomida insoniyat sivilizatsiyasining eng qadimgi davrlaridan to bugungi taraqqiyotgacha bo‘lgan tarix jonli va aniq shaklda namoyish etilganiga guvoh bo‘ldim. Ekspozitsiyalarda miloddan avvalgi ming yilliklarga oid inson hayoti, mehnat qurollari va sug‘orish tizimlariga doir ilk asboblar, sopol va naqshinkor idishlar, bronza buyumlar namoyish etilgan. Bu esa qadimiy jamiyatlarda nafaqat mehnat, balki sanʼat va estetik tafakkur ham yuksak darajada rivojlanganini ko‘rsatadi.
O‘tgan yili men “Oltin Humo” kinomukofoti hakamlar hayʼati aʼzosi bo‘lgan edim. O‘sha tadbirda O‘zbekiston Prezidentining yoshlarni tarixiy meros orqali tarbiyalash haqidagi fikrlari menga kuchli taʼsir qilgan. Bugungi tashrifim davomida bu g‘oyaning naqadar muhim ekanligini yana bir bor his qildim. Ushbu markaz tashkil etilgani uchun Prezidentingizga samimiy minnatdorchilik bildiraman. Ishonamanki, bu Markaz kelajakda nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo uchun muhim ilmiy va madaniy maskanga aylanadi”.
Tashrif xulosasiga ko‘ra, xalqaro kino yetakchilari tomonidan kelgusida Markaz bilan hamkorlikda xalqaro filmlar, hujjatli loyihalar, animatsion asarlar va keng ko‘lamli media mahsulotlar yaratish uchun mustahkam zamin mavjud ekani taʼkidlandi.








