MARKAZIY OSIYO VA KOREYa PARLAMENTLARI RAHBARLARI TOSHKENTDAGI ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZIGA TASHRIF BUYURDI
Toshkent shahri yana bir yirik va nufuzli xalqaro tadbir – xalqaro parlament muloqotiga mezbonlik qildi. Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida delegatsiya aʼzolari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Mazkur delegatsiyaga O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchilik qildi.
Ishtirokchilar markaz ekspozitsiyalarini to‘liq ko‘rib chiqdi. Ular bu yerda Islom dini va sivilizatsiyasining boy tarixiga oid turli eksponatlar, nodir Qurʼon qo‘lyozmasi, meʼmorchilik, nafis yozuv va bezaklar bilan tanishdi. Shuningdek, zaminimizda yetishib chiqqan buyuk allomalar merosi ham taqdim etildi.
Markazda qo‘llangan zamonaviy texnologiyalar, interaktiv ekranlar va vizual yechimlar axborotni tushunarli va taʼsirchan tarzda yetkazish imkonini berishi mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda islomga muhabbat, Vatanga sadoqat, ilm-fanga ehtirom va boy tariximizga hurmat uyg‘unlashgani eʼtirof etildi.
Yaqinda qurilishi va bezash ishlari yakunlangan Islom sivilizatsiyasi markazi menda juda kuchli taassurot qoldirdi. Bu yerda islom dini bilim, nur va ilm-fanga ilhom bag‘ishlovchi buyuk sivilizatsiya sifatida yoritilgan. Markazda qo‘llangan zamonaviy texnologiyalar, interaktiv ekranlar va vizual yechimlar axborotni juda tushunarli va taʼsirchan tarzda yetkazadi. Bu markazni barpo etish uchun ulkan mehnat, chuqur tafakkur va katta saʼy-harakat sarflangani yaqqol seziladi. Hozirgi murakkab iqtisodiy sharoitlarga qaramay, bunday yirik va maʼnaviy ahamiyatga ega loyihaning amalga oshirilgani tahsinga sazovor. Bu tashabbus mintaqamiz uchun ham o‘rnak bo‘ladi. Chunki biz yagona tarix va umumiy sivilizatsion merosga egamiz, — dedi Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majilisining xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Aygul Kuspan.
Islom sivilizatsiyasi markazi so‘nggi yillarda barpo etilgan va omma uchun taqdim qilingan eng muhim markazlardan biri sifatida diqqatimni tortdi. Bu markazda Islom tarixi dastlabki davrlaridan tortib zamonaviy davrgacha har tomonlama namoyon etilgan. Shu jumladan, Qurʼonning turli nusxalari va boshqa diniy kitoblar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik davrida erishgan ilmiy va madaniy yutuqlari ham namoyish etilgan. Men shaxsan bu boy meros va Islomning boy ilmiy va maʼnaviy ahamiyati bilan tanishish imkoniyatidan chuqur taassurot oldim. Markaz olimlar va faylasuflarning, jumladan, Imom Buxoriy, Ibn Sino, Aburayhon Beruniy va VIII–XIV asrlarda o‘z ixtirolari va bilimlarini yevropalik olimlardan avval dunyoga taqdim etgan buyuk shaxslarning faoliyatini yaqindan ko‘rsatadi. Bu markaz taʼlim, ilmiy meros va madaniy boyliklarning uyg‘unligi orqali insonlarda ilm va maʼrifatga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otadi. Shu bilan birga, u O‘zbekistonning ilmiy, diniy va tarixiy merosini global kontekstda anglash va qadrlash imkoniyatini ham beradi. Har bir eksponat va namoyish etilgan asarlar diqqat bilan tanlab olingan bo‘lib, ular orqali tashrif buyuruvchilar nafaqat Islom sivilizatsiyasining boy tarixi, balki uning zamonaviy rivojiga ham guvoh bo‘ladilar, — dedi Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Namoyandalar majlisi aʼzosi Sulhiddin Nido.











