

Yangiliklar
ASRLAR BAG‘RIDAN YETIB KELGAN NAFOSAT: XALQ AMALIY SANʼATINING BEBAHO NAMUNALARI NIMADAN DARAK BERMOQDA?
XVIII–XIX asrlarga mansub so‘zanalar orqali o‘zbek xalqining didi, hayot tarzi va badiiy tafakkurini anglash mumkin. Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida saqlanayotgan qadimiy so‘zanalar xonliklar davridagi madaniy hayot, rang tuyg‘usi va badiiy anʼanalar haqida hikoya qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining “Xonliklar davri” bo‘limida saqlanayotgan qadimiy so‘zanalar o‘zbek xalq amaliy bezak sanʼatining bebaho namunalari hisoblanadi. XVIII–XIX asrlarga mansub ushbu asarlar nafaqat badiiy jihatdan, balki tarixiy va maʼnaviy mazmuni bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. So‘zana xalqning hayot tarzi, didi, dunyoqarashi va estetik tafakkurini ifoda etuvchi madaniy yodgorlik sifatida qadrlanadi.
Sariq yulduzsimon naqshli, ranglar muvozanati saqlangan so’zana
Markaz ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan Piskent so‘zanasi rang va uslub jihatidan Toshkent so‘zanalariga yaqin bo‘lsa-da, mato yuzasining to‘liq kashta bilan qoplangani bilan ajralib turadi. Kompozitsiyada har bir gul sariq maydonda alohida joy egallagan bo‘lib, qizg‘ish-binafsha va oltin-sariq ranglarning uyg‘unligi asarga o‘ziga xos joziba bag‘ishlaydi. Keyinchalik kiritilgan ko‘k va to‘q sariq ranglar esa umumiy manzarani yana-da ravshanlashtiradi.
Kashtachi ustalar chuqurlik hissini kuchaytirish maqsadida sariq yulduzsimon naqshlar atrofiga issiq ohangdagi qizil iplar bilan ishlagan. Bu usul ranglar muvozanatini taʼminlab, asarning vizual taʼsirchanligini oshiradi. Pskent so‘zanalarida ipak va jun tolali iplarning aralash qo‘llanilishi ularning yumshoqligi va jilorang ko‘rinishini taʼminlagan. Bu esa o‘sha davr kashtachilik maktablarining yuksak darajada rivojlanganidan dalolat beradi.
Qo’chqor shoxi shaklidagi naqshlar bilan o’ralgan so’zana
Ekspozitsiyadan o‘rin olgan yana bir diqqatga sazovor asar — XIX asr o‘rtalariga oid yirik naqshli so‘zanadir. Unda olti burchakli yirik naqshli bezak tasvirlangan bo‘lib, uning markazida bir-biriga kirishgan doiralar joylashgan. Ushbu bezak atrofi “qo‘chqor shoxi” shaklidagi naqshlar bilan o‘ralgan. Asarda pushti, toq sariq va qizil ranglar muvozanat bilan ishlangan bo‘lib, natijada rang-barang yaxlit kompozitsiya hosil bo‘lgan.
Gullarining atrofi oltin rangli chiziqlar bilan qoplangan so’zana
Markaz to‘plamida XVIII asrga oid yana bir katta naqshli so‘zana ham mavjud. U qizg‘ish va toq sariq ohanglardagi yirik gulguyosh naqshlari bilan bezatilgan. Gullar atrofida oltin rangli chiziqlar, romb va geometrik tasmalar joylashgan. Naqshlarni bog‘lab turuvchi ilonsimon izlar asarga harakat va jonlilik hissini bag‘ishlaydi.
Hajman kichik, ammo ipak iplarning yaltirashi va ranglarning nozik ishlangani bilan ajralib turgan so’zana
Bo‘limdagi muhim eksponatlardan biri — taxminan 1800-yillarga mansub Kattaqo‘rg‘on “nim so‘zanasi”dir. Hajman kichik bo‘lishiga qaramay, u texnik ishlanishi bilan ajralib turadi. Asosiy qismi ko‘k rangning turli ohanglarida “jurma” tikish usulida bajarilgan. Ipak iplarning yaltirashi va ranglarning nozik o‘tishlari asarga yumshoqlik va chuqurlik bag‘ishlagan. Katta bargli, lotos gulini eslatuvchi naqshlar kompozitsiya muvozanatini taʼminlaydi.
Tarix fanlari doktori, professor Dilnoza Jamolovaning taʼkidlashicha, so‘zanalar orqali o‘zbek kashtachiligining hududiy maktablari o‘rtasidagi farqlarni yaqqol ko‘rish mumkin.
“Toshkent va Piskent maktablarida kashta zichligi va ranglarning tiniqligi ustuvor bo‘lgan. Farg‘ona vodiysida esa mayin ranglar va nozik naqshlar ko‘p uchraydi. Kattaqo‘rg‘on so‘zanalarida geometrik tartib kuchli, ranglar esa sokinroq tusda ishlangan. Bu farqlar xalqning turmush tarzi va madaniy muhiti bilan bog‘liq”, — deydi u.
Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etilayotgan ushbu so‘zanalar o‘z davri sanʼat darajasi, rang tuyg‘usi va texnik imkoniyatlarini yorqin aks ettiradi. Ular xonliklar davridagi madaniy hayotda keng qo‘llanilgan bo‘lib, to‘y marosimlari, xonadon bezaklari, sovg‘a-salom va diniy tadbirlarda muhim o‘rin tutgan.
Bugungi kunda bu so‘zanalar xalq amaliy sanʼatining boy tarixini yorituvchi nodir yodgorliklar sifatida qadrlanadi. Ular orqali o‘zbek ayollarining mehnati, sabr-toqati va milliy madaniyatga qo‘shgan hissasi yaqqol namoyon bo‘ladi. Markaz ekspozitsiyasida saqlanayotgan so‘zanalar milliy merosni o‘rganish, yosh avlodda estetik didni shakllantirish va o‘zbek kashtachiligi tarixini tadqiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.




