Qurolli Kuchlardagi renessans: kelajak askari qanday boʻladi?
Universal kamuflyaj, zirhli nimcha va zamonaviy aloqa tizimlari bilan jihozlangan, aql-zakovat va mardlikni uygʻunlashtirgan kelajak himoyachisi – Mudofaa vazirligi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida tashkil etilgan ekspozitsiyada Yangi Oʻzbekiston askarining portreti ana shunday qiyofada namoyish etilmoqda...
Bugungi kunda Oʻzbekistonda Qurolli Kuchlar qudratini oshirish va mustahkamlashga qaratilgan islohotlar izchil va tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Bu keng koʻlamli chora-tadbirlar mamlakat tinchligi va xavfsizligini taʼminlash, xalqning osuda va farovon hayoti uchun mustahkam kafolat yaratadi.
Qoʻshinlarni zamonaviy qurol-aslaha, harbiy va maxsus texnika hamda ilgʻor jihozlar bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar Davlat mudofaa qobiliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Ushbu jarayonlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyalarida ham keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.
Ekspozitsiyada zamonaviy harbiy texnologiyalarga toʻliq javob beradigan professional askar tasviri yaqqol namoyon boʻladi. Universal kamuflyaj kiyimlari, jarohatlardan himoyalovchi bosh kiyimlar, tungi koʻrish moslamalari, maxsus koʻzoynaklar va zirhli nimchalar bilan jihozlangan bunday askar real jangovar sharoitlarda samarali harakatlana oladi. Kelajak askari texnik jihozlangan, aql-zakovat va mardlikni uygʻunlashtirgan yangi avlod Vatan himoyachisidir.
Shuningdek, ekspozitsiyada taniqli tarixchi olimlar va manbashunoslar hamkorligida qayta tiklangan Sohibqiron Amir Temurning jangovar bayrogʻi ham alohida oʻrin egallaydi. Bu ramz milliy harbiy anʼanalarimiz uzviy davomiyligini ifodalaydi.
Qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligi va harbiy anʼanalarni mustahkamlash maqsadida Mudofaa vazirligi miqyosida “Amir Temur jangovar bayrogʻi uchun” nomli musobaqalar muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda. 2016 yildan buyon amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida Qurolli Kuchlarning jangovar shayligi va salohiyati sezilarli darajada oshdi, qoʻshinlarning boshqaruv va harakatlanish imkoniyatlari zamon talablariga moslashtirildi.
Xususan, Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari zamonaviy avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, havo hujumidan mudofaa komplekslari, zamonaviy samolyot va vertolyotlar hamda yangi avlod uchuvchisiz uchish apparatlari bilan taʼminlandi. Yaqin istiqbolda qiruvchi aviatsiya himoyasini uch baravar oshirish, qiruvchi, hujumchi, harbiy-transport va vertolyot aviatsiyalarining jangovar qobiliyatini kamida 1,5 baravarga kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
“Bu ekspozitsiyada shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun interaktiv oʻyinlar namoyish etiladi,” – deydi Markaz ilmiy xodimi Sharofat Yunusova.
Shu tarzda, Oʻzbekistonda Qurolli Kuchlarda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash hamda tinchlik va barqarorlikni saqlash yoʻlidagi muhim qadam sifatida eʼtirof etilmoqda.






