Rasulullohning 5 maktubi: islom tarixida ilk diplomatik xalqaro muloqot namunasi

Milodiy VII asrda yuborilgan beshta tarixiy maktub bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ilk bor yagona ekspozitsiyada taqdim etilmoqda. Tashrif buyuruvchilar Rasululloh (s.a.v.)ning dunyo hukmdorlariga yoʻllagan diplomatik xatlari orqali ilk xalqaro muloqot va tinchlik siyosati bilan yaqindan tanishadi.
Islom dinining dunyo boʻylab keng yoyilishi, insoniyatni tavhid – yagona Allohga eʼtiqod qilish gʻoyasi atrofida birlashtirish jarayonida Rasululloh Muhammad (s.a.v.) tomonidan yuborilgan diplomatik maktublar alohida tarixiy ahamiyatga ega. Bu maktublar Islom tarixida ilk xalqaro diplomatiya, siyosiy muloqot va masʼuliyatning yorqin namunasidir. Bugun ana shu bebaho tarixiy hujjatlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans boʻlimi ekspozitsiyasida ilk bor yagona konsepsiya asosida keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.
Ushbu ekspozitsiya orqali tashrif buyuruvchilar Islom tarixining muhim burilish nuqtalaridan biri Rasululloh (s.a.v.)ning dunyo hukmdorlariga yoʻllagan oltita mashhur maktubi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻladi.
Birinchi maktub
Rasululloh (s.a.v.) tomonidan Rim imperiyasiga qarashli Misrda hukmronlik qilgan Muqovqiyus nomiga yuborilgan maktub islomiy diplomatiyaning yorqin namunalaridan biridir. Maktub Madinada yozilib, sahobiy Hotib ibn Abi Baltaʼa orqali yetkazilgan.
Unda Islomga daʼvat bilan birga, hukmdorning xalqi oldidagi masʼuliyati, Ahli Kitob yahudiy va nasroniylarni yagona eʼtiqodga chaqirish gʻoyasi ilgari surilgan. Ushbu maktub Madina davri diplomatik epizodlariga kiradi. Koʻp manbalarda hijriy 6, milodiy 627–628 yillarga oid deyiladi.
Ikkinchi maktub
Bahrayn mintaqasi hokimi al-Munzir ibn Soviyga yuborilgan maktubda ijtimoiy barqarorlik, diniy bagʻrikenglik va adolat masalalari alohida taʼkidlangan. Rasululloh (s.a.v.) musulmonlarga eʼtiqod erkinligi berilishini bayon etgan.
“Ey, Ahli Kitoblar! Keling, barchamiz yagona maqsad sari birlashaylik. Faqat, Allohgagina qulluq qilaylik.”
Elchi sifatida yuborilgan Al-Aʼla ibn al-Hadramiy orqali yetkazilgan ushbu maktub natijasida Munzir ibn Soviy islomni qabul qilgan va mintaqada tinch yoʻl bilan islomiy tartiblar joriy etilgan.
Uchinchi maktub
Rim (Vizantiya) imperatori Hiraqliyusga yoʻllangan maktubda Rasululloh (s.a.v.) uni islom taʼlimotiga daʼvat etib, Ahli Kitobni yagona Allohga ibodat qilishga chorlaydi. Maktubda diniy mushtaraklik, eʼtiqod masʼuliyati va tarixiy javobgarlik masalalari ilgari surilgan.
Maktub quyidagi soʻzlar bilan boshlanadi:
“Bismillahir rohmanir rohim Allohning bandasi va Uning elchisi Muhammaddan Rim imperatori Hiraqliyusga: hidoyat taʼlimotiga ergashganlarga tinchlik tilayman. Ammo baʼd, albatta men sizni islom taʼlimotiga targʻib etaman.”
Tarixiy manbalarga koʻra, Hiraqliyus islom haqida chuqur mulohaza yuritgan hukmdorlardan biri boʻlgan.
Toʻrtinchi maktub
Rasululloh (s.a.v.) tomonidan Ummon hukmdorlari Jeyfar va Abd Julandiyga yuborilgan maktub mazmunan qatʼiy ruhda yozilgan.
Maktubda Rasululloh (s.a.v.)ning daʼvati quyidagi iboralarda ifoda etilgan:
“Sizlarni islomga daʼvat qilaman. Islomni qabul qilinglar – najot topasizlar...”
Elchi Amr ibn al-Os (r.a.) orqali yetkazilgan ushbu maktub natijasida Julandiy oʻgʻillari islomni qabul qilgan. Shundan keyin Ummon xalqi Rasulullohga itoat qilib, Islom davlatiga qoʻshildi.
Beshinchi maktub
Habashiston hukmdori Najoshiyga yoʻllangan maktub oʻzining nozik aqidaviy mazmuni bilan ajralib turadi. Unda Iso (a.s.) va Maryam (a.s.) haqidagi islomiy eʼtiqod bayon qilinib, nasroniy hukmdor bilan umumiy diniy mushtaraklik asosida muloqot olib borilgan.
Maktubda quyidagi mazmundagi murojaat oʻrin olgan:
“Sizni va lashkarlaringizni Allohga itoat etishga targʻib etmoqdaman. Nasihatimni qabul qilgʻaysizlar. Hidoyat taʼlimotini qabul qilganlarga doim tinchlik va omonlik tilayman!”
Koʻpchilik muhaddis va tarixchilarga koʻra, Najoshiy Islomni qabul qilgan. Rasululloh (s.a.v.) uning vafoti xabarini olgach, Madinada gʻoibona janoza namozi oʻqiganlar. Bu voqea islom fiqhida muhim dalil sifatida eʼtirof etiladi.
Muhammad (s.a.v.)ning bu besh maktubi Islom tarixida ilk xalqaro diplomatiya maktabining poydevorini yaratdi. Ular zoʻravonlik emas, daʼvat, muloqot orqali jamiyatlar bilan aloqalar oʻrnatish mumkinligini koʻrsatdi.
Bugungi kunda ushbu maktublar nafaqat diniy hujjat, balki insoniyat tarixidagi adolat, tinchlik va eʼtiqod erkinligi gʻoyalarini targʻib etuvchi bebaho meros sifatida qadrlanadi.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin









