

Yangiliklar
Hech qanday sir yoʻq: Fransiya qiroli Karl VI ning Amir Temurga yoʻllagan maktubi ochiq-oydin taqdim etilmoqda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etilayotgan bir maktub oʻtmish va hozirni bogʻlaydi. U Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI oʻrtasidagi diplomatik muloqotning tirik guvohi hisoblanadi. Buyuk sarkarda Amir Temur tarixda qilich bilan emas, qalam bilan ham gʻalaba qozongan davlat arbobi sifatida namoyon boʻladi.
Sohibqiron Amir Temur nafaqat buyuk harbiy va davlat arbobi sifatida, balki diplomatik mahorati va davlatlararo munosabatlarni samarali rivojlantirish qobiliyati bilan ham tarixda eʼtirof etilgan. Uning diplomatik faoliyati, ayniqsa Yevropaning yirik davlatlari bilan aloqalari, davlatlararo munosabatlarning qonun-qoidalari va savdo aloqalarini tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Buyuk sarkardaning Yevropa qirollari bilan munosabatlari, ayniqsa Fransiya qiroli Karl VI bilan yozishmalari alohida tarixiy ahamiyatga ega. 1394 va 1399-yillarda Amir Temur huzuriga kelgan Vizantiya imperatoriga hamrohlik qilgan Fransuga Sandroning qoʻlida Fransiya qirolining Sohibqiron nomiga yozilgan maktubi bor edi. Karl VI Amir Temur orasidagi yozishmalarning bir qismi hozirda Fransiya hujjatlar arxivida saqlanib qolgan.
Sohibqironning Fransiya qiroliga yozgan, lotincha tarjimasi yetib kelgan ikkinchi maktubi ham 1402 yil 1 avgust sanasi bilan belgilagan. Har ikki maktub arxiyepiskop Ioann III tomonidan Fransiyaga yetkazilgan.
Amir Temurning oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi tashabbusi Fransiya qiroli tomonidan mamnunlik bilan qabul qilingani 1403 yil 15 iyunda Karl VIning Sohibqiron nomiga yoʻllagan maktubida oʻz ifodasini topgan. Amir Temur ham, Karl VI ham oʻzaro doʻstlik va birdamlikdan hamda savdo bitimi tuzishdan manfaatdor boʻlganini mazkur maktublardan anglash mumkin.
Fransiya qiroli Karl VI ning Sohibqironga yoʻllagan maktub nusxasi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin olgan qirol Karl VI ning Sohibqironga yoʻllagan maktub nusxasi ana shulardan biri. Karl VI oʻz maktubida har ikki davlat oʻrtasida hurmat va doʻstlik aloqalarini mustahkamlash istagini bildirib, Amir Temurning Boyazid ustidan qozongan gʻalabasiga xursandchilik bildirgan. Shuningdek, u savdogarlar va fuqarolar uchun tinchlik va xavfsizlik kafolatini berib, davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikning barqarorligini taʼkidlaydi. Karl VI ning bu maktubi Amir Temurning siyosiy va harbiy yutuqlariga nisbatan hurmat va diplomatik munosabatlarni rivojlantirishdagi masʼuliyatni koʻrsatadi.
Unda jumladan shunday soʻzlar yozilgan:
“Amiru kabir Temur Koʻragon, umrlari uzoq boʻlsin! Malik Re De Fransa oʻzining bu doʻstidan yuz minglarcha salom va ezgu niyatlarni bir jahon orzular bilan birga qabul qilgay! Duolarni yetkazgandan soʻng, u ulugʻ amirga maʼlum boʻlgaykim, taʼlim beruvchi (monax) Fri Fransiskos bu tarafga yetib keldi va podshohona maktubni yetkazib, u ulugʻ amirning shuhrati, oliyjanobligi va ulugʻvorligini soʻzlab berdi. Biz gʻoyat xursand boʻldik. U yana sizning koʻp sonli lashkar bilan otlanib, Olloh Taoloning qoʻllarida bizning va sizning dushmanlarimizni zabun etganligimizni aytdi. Soʻngra biz Sultoniyaning mor-xasse-arxiyepiskopi Fri Ioanni huzuringizga yoʻlladik, har neki voqe boʻlgan boʻlsa, xizmatingizga arz qilgay. Bizning u ulugʻ amirdan kutganimiz shuldurki, doimo bizga shohona maktublarni yuborib, salomatliklarini bildirib tursalar, toki biz xotirjam boʻlgaymiz. Yana, sizning savdogarlaringiz bu tarafga qatnab tursalar, biz bu yerda ularni azizu makarram tutgʻumizdir, shuningdek, bizning savdogarlar u tarafga yuborilsa, siz ham ularni azizu mukarram tutsangiz, hech kimsa ularga zoʻrlik qilmasa va zarar-zahmat yetkazmasa! Chunki dunyo savdogarlar bilan oboddir! Bundan ortiq nima taklif qilay?! Davlat koʻp yillar hamkorlikda boʻlgʻay, vassalom! Sakkiz yuz beshinchi hijriy yili muharram oyi boshida (1402 yil 1 avgust) bitildi.
Fransiya qiroli Karl VIning 1403 yilda yozilgan javob maktubi ham diplomatiya tarixida katta ahamiyatga ega. Maktub lotin tilida boʻlib, arxiyepiskop Ioann orqali Samarqandga yetkazilgan.
Amir Temurning Karl VI ga yuborgan maktub nusxasi
Amir Temurning Karl VI ga yuborgan maktublari diplomatiyadagi samarali va strategik yondashuvning namoyon namunasi boʻlib, ular orqali XV asrdagi davlatlararo munosabatlar, savdo va siyosiy aloqalar haqiqiy maʼnoda ochib berilgan.
Shuningdek, bu yozishmalar Amir Temurning diplomatik mahorati, xalqaro siyosatdagi faolligi va davlat arbobi sifatidagi ustunliklarini yaqqol koʻrsatadi. Ular nafaqat tarixiy hujjat sifatida, balki xalqaro aloqalar va diplomatiyani oʻrganishda ham qimmatli manba hisoblanadi. Amir Temurning Fransiya qiroli Karl VI bilan aloqalari XV asrdagi davlatlararo hamkorlik va diplomatik munosabatlarning noyob namunasi sifatida tarixdagi ahamiyatli voqealar qatorida saqlanib qolgan.
Maktublarning Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Ikkinchi Renessans davri” boʻlimi ekspozitsiyasida namoyish etilishi tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, davlatlararo doʻstlik, savdo va hamkorlikning asrlar osha saqlanib kelayotgan qadriyatlari haqida keng tasavvur beradi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.

