Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Birinchi Renessans nima va u nega bugun ham dolzarb?

“Birinchi Renessans davri” ekspozitsiyasi

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan “Birinchi Renessans davri” ekspozitsiyasi mintaqamiz tarixida alohida oʻrin tutgan islom uygʻonish davrining ilmiy, maʼnaviy va madaniy yuksalishini keng qamrovda namoyon etadi. Ushbu ekspozitsiya orqali tashrif buyuruvchi islom dinining Markaziy Osiyoga kirib kelishi natijasida bu hudud qisqa fursat ichida musulmon dunyosining yetakchi ilmiy-maʼrifiy va diniy-maʼnaviy markazlaridan biriga aylanganiga guvoh boʻladi.

 

Ekspozitsiyada aks ettirilishicha, aynan shu zaminda aniq va tabiiy fanlar, ijtimoiy-gumanitar sohalar jadal rivojlanib, taʼlim tizimi yangi bosqichga koʻtarilgan. Shaharsozlik, meʼmorchilik va sanʼat sohalarida esa insoniyat sivilizatsiyasi tarixida muhim oʻrin egallagan olamshumul yutuqlarga erishilgan. Bu zamindan yetishib chiqqan buyuk allomalar oʻzlarining ilmiy kashfiyotlari va maʼnaviy merosi bilan jahon taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshdilar.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur masalaning ahamiyatini alohida taʼkidlab, quyidagicha fikr bildiradi:

 

“…xalqimizning yaratuvchilik dahosi bilan bunyod etilgan noyob merosni har tomonlama chuqur oʻrganish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uygʻotish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yoʻlga qoʻyish, bugungi murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish muhim vazifadir.”

 

Maʼlumki, islom dini Arabiston yarimorolida paydo boʻlgan boʻlsa-da, islom ilm-fani va tafakkurining eng yirik namoyandalari bizning zaminimizdan yetishib chiqqan. VIII–XIII asrlarni qamrab olgan mazkur tarixiy davr ekspozitsiyada “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” orqali yoritilgan.


Bu boʻlimda Umaviylar, Abbosiylar, Somoniylar, Qoraxoniylar, Gʻaznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar va Chingiziylar kabi yirik sulolalar hukmronligi davri, ularning siyosiy, ilmiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishish mumkin. Vitrinalarda nodir qoʻlyozmalar, amaliy sanʼat namunalari hamda muhim tarixiy hujjatlar namoyish etilgan.

 

Ikki boshli burgut tasviri tushirilgan Saljuqiylarning hukmdorlik ramzi

 

Ekspozitsiyada sulolalar davriga oid oʻziga xos meʼmoriy va badiiy meros alohida oʻrin egallaydi. Saljuqiylar sulolasi belgisi hisoblangan XI–XII asrlarga mansub ikki boshli burgut tasvirlangan artefakt qadimdan kuch-qudrat, donishmandlik va ilohiy himoya timsoli sifatida eʼtirof etilgan ramzlardan biri hisoblanadi.

 

Ibrohim alayhissalomning turgan oʻrinlari


Shuningdek, ekspozitsiyada Maqomi Ibrohim yopinchigʻi ham namoyish etilgan. Ushbu noyob artefakt 1859 yilda Usmoniylar imperiyasi sultoni Abdulmajid farmoni asosida tayyorlangan.

 

Mahmil - Kisvani tashish uchun bezakli yopinchiq bilan qoplangan maxsus zambil-moslama
 

Eng nodir eksponatlardan yana biri — Kaʼbapoʻshni tantanali tarzda tashish uchun moʻljallangan mahmildir. Ilgari har yili Misrda tayyorlangan kisva katta ehtirom bilan Makka shahriga olib borilgan. 1836 yilda sulton Mahmud II buyrugʻi bilan yaratilgan mazkur mahmil haj anʼanalarining bebaho tarixiy guvohi sifatida eʼtirof etiladi.

 

Kisva - Kaʼba eshigining yopinchigʻi
 

Ekspozitsiyaning markaziy qismi islom dinining eng muqaddas maskani — Kaʼbaga bagʻishlangan. Bu yerda Kaʼbapoʻshning parchalari hamda tarixiy manbalar asosida qayta yaratilgan oltin eshik nusxasi namoyish etiladi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz tomonidan Islom sivilizatsiyasi markaziga hadya qilingan kaʼbapoʻsh parchasi ham alohida qimmatli eksponat sifatida oʻrin olgan. Kaʼba eshigidagi katta kisva esa 1988 yil — qirol Fahd ibn Abdulaziz hukmronligi davriga mansub.

 

Bundan tashqari, XIII asrga oid Kaʼba darvozalarining asl kalitlari ham ekspozitsiyadan oʻrin olgan boʻlib, mamluklar davriga tegishli. 

 

Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) tomonidan yozilgan maktubning aniq nusxalari


Ekspozitsiyada Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) tomonidan turli davlatlar hukmdorlariga yoʻllangan tinchlik, adolat va hamjihatlikka daʼvat etuvchi maktublarning aniq nusxalari ham namoyish etilmoqda.

 

Goʻzalxon Vahobova, katta ilmiy xodim:

 

– Ushbu boʻlim ekspozitsiyasida tayyorlangan “Bayt al-Hikma” — “Donishmandlik uyi” kapsulasida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi keng yoritilgan. Nil daryosi suv sathini oʻlchash uchun yaratilgan nilometr maketi esa ilm-fanning amaliy ahamiyatini yaqqol koʻrsatadi.


Aniq va tabiiy fanlar kapsulasida Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy singari allomalarning noyob qoʻlyozmalari, ilmiy asarlari, shu jumladan, “Tib qonunlari” asari, qibla kompasi va XII asrga oid asturlob namoyish etilgan.


Islom ilohiyoti va hadis ilmiga bagʻishlangan kapsulalarda esa Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning bebaho ilmiy-maʼnaviy merosi keng yoritilib, ularning diniy bagʻrikenglik, ilmiy tafakkur va maʼrifatli jamiyat barpo etishdagi oʻrni alohida taʼkidlanadi. 

 

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Birinchi Renessans” ekspozitsiyasi islom uygʻonish davrining ilmiy, madaniy va maʼnaviy yuksalishini zamonaviy talqinda namoyon etib, oʻtmish bilan bugun oʻrtasida mustahkam maʼnaviy koʻprik vazifasini bajarmoqda.

Shahnoza Rahmonova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin

carousel image 1
carousel image 2
carousel image 3
carousel image 4
carousel image 5
carousel image 6

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.