

Yangiliklar
XV asrda saroy kutubxonasi qanday ishlagan?
Bu savolga javobni benazir hujjat “Arzadosht” va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan animatsion film beradi.
“Arzadosht” hujjati Boysungʻur Mirzo saroy kutubxonasining faoliyatini tarixiy jihatdan yorituvchi va benazir manba hisoblanadi. Boysungʻur Mirzo kutubxonasi nafaqat kitob olami bilan ahamiyatli, balki sanʼatning turli yoʻnalishlari boʻyicha yetuk mutaxassislar toʻplangan, bilim va mahorati birlashgan ustaxona ekanligini ham koʻrsatadi. Bu yerda ustalar faqat bezakli qoʻlyozma yaratish bilan cheklanmay, turli badiiy va amaliy hunarmandchilik mahsulotlarini ham tayyorlashgan. Shu jihati bilan “Arzadosht” nafaqat tarixiy manba, balki Sharq madaniyati va sanʼat merosi sifatida ham yuksak qimmatga ega.
Hujjat kutubxona rahbari Kamoliddin Jaʼfar Boysungʻuriy tomonidan taxminan 1427–1431 yillarda Boysungʻur Mirzo uchun tayyorlangan rasmiy hisobotni oʻz ichiga oladi. Ushbu hisobotda kutubxonada faoliyat yuritgan kitobat ustalaridan 25 nafari aniq qayd etilgan. Bu maʼlumotlar saroy kutubxonasida amalga oshirilgan ishlar va undagi ustalarning koʻpqirrali mahorati haqida bevosita tasavvur beradi.
Boysungʻur Mirzo, kitobat homiysi sifatida tanilgan shahzoda boʻlib, Sharq kitobat taraqqiyotida yangi davrni boshlab bergan saroy ilmiy muassasasi va kutubxonasiga asos solgan. U 1397–1433 yillarda yashab, atigi 36 yil hukmronlik qilgan. Yoshligidan xattotlik va musavvirlikni oʻrgangan, turkiy va forsiy tillarda sheʼrlar ham yozgan.
1420 yilda otasining qoʻllab-quvvatlashi bilan Hirotda oʻz kitobxonasini tashkil etgan. Oʻsha vaqtda Hirotda Shohrux Mirzo saroyida koʻplab xattotlar, musavvirlar, muqovasozlar va naqqoshlar faoliyat yuritgan. Maʼlumotlarga koʻra, Boysungʻur Mirzo kitobxonasida 40 nafar xattot faoliyat olib borgan. Ushbu maskanda Saʼdiyning “Guliston”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Juvayniyning “Tarixi Jahonkusho”, Xoju Kirmoniyning “Humoy va Humoyun” asarlari koʻchirilgan.
“Arzadosht” hujjatining toʻliq nusxasi hozirgacha topilmagan boʻlsa-da, uning mavjud qismlari Boysungʻur Mirzo saroy kutubxonasining faoliyati va sanʼat merosi haqida muhim maʼlumotlar beradi.
1912 yilda shved diplomati Fredrik Martin bu muassasani ilk bor “Boysungʻur akademiyasi” deb taʼriflagan. Bu taʼrif kutubxonadagi faoliyatning ilmiy ahamiyati va uning tarixiy meros sifatidagi oʻrnini koʻrsatadi.
Kitobxonaning bosh xattoti Jaʼfar Ali Tabriziy Boysungʻur Mirzoga ustalar faoliyati va ularning ijodiy yutuqlari haqida doimiy ravishda axborot berib turgan.
Boysungʻur Mirzo saroy kutubxonasi va “Arzadosht” hujjati nafaqat xattotlik va musavvirlik sanʼati, balki badiiy hunarmandchilikning turli yoʻnalishlarida yaratilgan mahsulotlar bilan ham ahamiyatlidir. Ushbu muassasa Sharq kitobat tarixida yangi davrni ochgan, ilmiy va madaniy meros sifatida zamonaviy tadqiqotchilar eʼtiboriga loyiq.
Bugungi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Boysungʻur Mirzo kitobxonasi nomli animatsion film tayyorlanmoqda, bu esa uning ahamiyatini yanada koʻrsatib, yangi avlodga kitobat va saroy madaniyati sirlarini yetkazadi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.

