Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Qadimgi Turon ramzi Britaniyadan qaytdi: noyob bugʻu haykali ekspozitsiyada

 

 

Bronza davriga oid, Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy dunyoqarashi va mifologik tafakkurini oʻzida mujassam etgan noyob bugʻu haykali Buyuk Britaniyadan Oʻzbekistonga olib kelindi. Ayni paytda ushbu betakror sanʼat asari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilmoqda.

 

Markaziy Osiyoning qadimiy madaniyatiga oid sanʼat yodgorliklari orasida bugʻu tasviri muhim ramziy ahamiyatga ega. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan bugʻu haykali qadimgi eʼtiqodiy qarashlar, mifologik tasavvurlar va badiiy tafakkurning yorqin ifodasidir.

 

Miloddan avvalgi II–I mingyilliklardan boshlab, yaʼni bronza davrida Markaziy Osiyo va unga tutash hududlarda totem hayvonlar tasviri keng tarqala boshlagan. Bugʻu, kiyik, ot, tuya va arslon obrazlari idishlar, haykalchalar hamda amaliy sanʼat buyumlarida aks etgan. Ayniqsa, shoxlari tarvaqaylab tasvirlangan bugʻu qadimgi xalqlarning dunyoqarashida qut-baraka, kuch-qudrat va hokimiyat ramzi sifatida qaralgan.

 

Mazkur haykal Buyuk Britaniyadagi shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan Markaziy Osiyoga oid noyob sanʼat asarlari sirasiga kiradi. Uning shakli va proporsiyasi bronza davri badiiy tafakkurining yetuk darajasini namoyon etadi.

 

Tarix fanlari doktori, professor Gʻaybulla Boboyorov bugʻu obrazining kelib chiqishi haqida shunday deydi:

 

“Bugʻu, xususan shoxlari tarvaqaylagan ona bugʻu obrazi sak-skiflar davridan boshlab Markaziy Osiyo — Turon xalqlarining tasviriy va amaliy sanʼatida muhim ramz boʻlib kelgan. Bu tasvirlar qadimgi eʼtiqodiy va mifologik qarashlar bilan bevosita bogʻliq”.

 

Professorning taʼkidlashicha, bugungi kunda Amudaryo va Sirdaryo oraligʻida bugʻu va kiyiklar uchramasligi ularning bu hududda hech qachon boʻlmaganini anglatmaydi. Bronza davriga oid qoya tosh tasvirlari bugʻu va kiyiklar qadimda aynan shu hududda yashaganini koʻrsatadi.

 

“Qoya toshlarda bugʻu, kiyik, togʻ echkilari va ov sahnalari koʻp uchraydi. Bu obrazlar oʻsha davr odamlarining tabiat bilan bogʻliq tasavvurlarini aks ettiradi”, — deydi Gʻaybulla Boboyorov.

 

Bugʻu tasvirlari Choch, Yettisuv, Fargʻona va Sugʻd hududlariga oid muhrlar, tangalar, sopol va metall buyumlarda keng tarqalgan. Bu hol bugʻu obrazining uzoq davrlar davomida madaniy xotirada saqlanib kelganini koʻrsatadi.


Turkiy xalqlar mifologiyasida bugʻu muqaddas jonivor sifatida eʼzozlangan. Ayrim urugʻ va qabilalar uni ramziy maʼnoda insonlarga baraka va farovonlik keltiruvchi “Shoxdor ona bugʻu” deb ataganlar. Ajdodlar boshqa hududlarga koʻchganida ham ushbu obraz bilan bogʻliq mifologik tasavvurlar madaniy xotira sifatida davom etgan.

 

Mazkur bugʻu haykali Markaziy Osiyoda shakllangan qadimgi eʼtiqodiy qarashlar, totemistik tasavvurlar va badiiy tafakkur taraqqiyotini anglashda muhim ilmiy manba boʻlib xizmat qiladi.

 

Bugun ushbu noyob yodgorlik Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilib, mintaqaning qadimgi madaniy qatlamlarini keng jamoatchilikka ilmiy asosda taqdim etmoqda.

 

Goʻzal Beknazarova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin

carousel image 1
carousel image 2

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.