Ilk kashfiyotlardan yuksalish davrigacha: sivilizatsion taraqqiyotni noodatiy koʻring va his qiling

Neolit davridagi ilk mehnat qurollaridan tortib, Sugʻd va Fargʻona orqali oʻtgan jahon savdo yoʻllarigacha boʻlgan sivilizatsion taraqqiyot “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tarixiy barelefida yaxlit taqdim etilmoqda.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilayotgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” barelef ekspozitsiyasi nafaqat tarixiy faktlarni, balki inson maʼnaviyati va ijodiy salohiyatini ham koʻrsatadigan yirik vizual hujjat sifatida tayyorlanmoqda. Ushbu ekspozitsiya orqali tashrif buyuruvchilar Oʻzbekiston hududida shakllangan sivilizatsiyalar va ularning madaniy, ilmiy va iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini ibtidodan islom davrigacha kuzatishi mumkin.
Ilk inson va madaniy taraqqiyot: neolitdan bronza davrigacha
Barelef tosh asridan boshlanib, neolit, eneolit va bronza davridagi ilk davlatchilik va shaharsozlik jarayonlarini qamrab olgan. Mazkur davrlarda Oʻzbekiston hududi boʻyicha Sopollitepa, Qoʻyqirilgan qalʼa, Zarautsoy kabi arxeologik yodgorliklar paydo boʻlgan. Bu yerda insonning olovni boʻysundirishi, ilk mehnat qurollari va sopolchilik texnologiyalari rivojlanishi hamda gʻildirak, metall eritish va toʻqimachilik kabi ilk texnologiyalar paydo boʻlishi vizual ravishda namoyon etiladi.
Barelefda markaziy obraz sifatida kulol mehnat va ijodning uygʻunligini ifodalaydi. Unga yondosh tasvirlar esa Kaltaminor va Chust madaniyatiga oid kulolchilik buyumlari orqali ilk estetik va maʼnaviy merosni koʻrsatadi. Shuningdek, Siypantosh va Sarmishsoy qoyatosh suratlari (petrogliflar) ilk inson tasavvurlarini va totemistik eʼtiqodlarni aks ettiradi.
Baqtriya sivilizatsiyasi: Sharq va Gʻarbning uchrashuvi
Baqtriya qismida hududda shakllangan madaniy markazlar, zargarlik buyumlari va tangalar orqali aholining estetik qarashlari va diniy marosimlari yoritiladi. Fayoztepa – Buddaviylik ibodatxona majmuasi va Budda triadasi orqali buddaviylik dinining mahalliy anʼanalar bilan uygʻunlashgani koʻrsatiladi.
Barelefning markazida shaxmat oʻyini, Dalvarzintepadan topilgan qadimgi shaxmat donasi namunalari bilan birga, ijodiy va strategik fikrlashni ifodalaydi. Shuningdek, Aleksandr Makedonskiy va Baqtriya sarkardasi Oksiartning qizi Ruxshona bilan birga tasvirlanishi tarixiy tutashuv va geosiyosiy aloqalarni ochib beradi.
Xorazm sivilizatsiyasi: ilm va maʼnaviyat uygʻonishi
Qadimgi Xorazm qismida Avesto kitobidan olingan parcha va Zardushtning tasviri orqali maʼnaviy va axloqiy gʻoyalar namoyon qilinadi. Devorda Qoʻyqirilgan qalʼa astronomik kuzatuv markazi sifatida aks ettirilgan boʻlib, osmon sirlarini oʻrganish va ilmga boʻlgan qiziqish tarixiy voqelik sifatida namoyon boʻladi.
Shuningdek, Oqshaxonqalʼa va Qirqqizqalʼa kabi arxeologik yodgorliklar orqali shaharsozlik, mudofaa tizimi va ilk gidrotexnika texnologiyalari haqida aniq tasavvur hosil qilinadi. Miloddan avvalgi IV–III asrlarga oid ossuariylar va haykallar orqali eʼtiqod va sanʼat darajasi ham namoyon etiladi.
Sugʻd va Fargʻona sivilizatsiyalari: madaniy meros va iqtisodiy aloqalar
Barelefdagi Sugʻd ekspozitsiyasida Spitamen, Varhush va Panjakent kabi markazlar orqali shaharsozlik anʼanalari va madaniy hayot yoritiladi. V–VIII asrlarga oid Kofirqalʼa pannosi va Varxuman tasviri soʻgʻd xalqining hayot tarzi, urf-odatlari va estetik qarashlarini ochib beradi.
Qadimgi Fargʻona va Choch sivilizatsiyalari qismida turkiy xalqlar tarixidagi yilqichilik anʼanalari, ot savdosi va Moʻgʻtepa manzarasi orqali mehnat va qishloq xoʻjaligi tarzi, afrosiyob devoriy suratlari orqali tarixiy muhit namoyon etiladi. Kultegin va Bilga xoqon tasvirlari orqali ruhiy meros va yozuv anʼanalari ham taqdim qilinadi.
Jahon savdo yoʻllari va xalqaro aloqalar
Obidjon Tangirov, Markaz katta ilmiy xodimi:
Barelefda jahon sivilizatsiyalari taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan Buyuk Ipak yoʻli va unga bogʻliq savdo-iqtisodiy aloqalar ham aks ettirilgan. Xaritada savdogarlar va karvonlar harakati koʻrsatilgan, ular orqali qadimiy iqtisodiy hayot va moddiy madaniyat vizuallashtiriladi.
IV–VII asrlarga oid etnografik obrazlar, nefrit va steatitdan yasalgan qadimgi toshtaxtalar vositasida Ipak yoʻlidagi hayotning tarixiy aniqligi va estetik boyligi namoyon boʻladi.
“Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” nafaqat vizual sanʼat asari, balki taʼlimiy va maʼrifiy ahamiyatga ega yirik hujjatdir. Ushbu barelef orqali tashrif buyuruvchilar, ayniqsa yosh avlod, ibtidodan to islomgacha boʻlgan davr sivilizatsiyalarini, ularning madaniy, ilmiy va iqtisodiy rivojlanishini tizimli ravishda anglab oladi. Devor tarixiy fakt va badiiy talqinni uygʻunlashtirib, jamoatchilikda tarixiy xotira, milliy gʻurur va maʼnaviy yuksalish hissini uygʻotadi.





