
Yangiliklar
Yevropa ilmiy inqilobining poydevori boʻlgan Fargʻoniy usturlobi Oʻzbekistondagi mega loyiha ekspozitsiyasida!
Usturlob. Markaziy Osiyo. Metall. Diametri: 74.4 sm
Gollandiyadan maxsus olib kelingan usturlob — oddiy muzey eksponati emas, balki asrlar osha sayohat qilgan ilm durdonasidir. Bir vaqtlar osmon sirlarini ochgan, namoz vaqtlarini belgilagan va qitʼalar oʻrtasida ilm koʻprigi boʻlgan bu bebaho asbob bugun Markaz muzeyida insoniyat tafakkurining yuksak darajasini namoyon etmoqda.
Gollandiyadan maxsus olib kelingan usturlob — markaziy ekspozitsiyaning eng muhim eksponatlaridan biri.
Usturlob insoniyat tarixidagi eng qadimiy va muhim ilmiy asboblardan biri hisoblanadi. Uning baʼzi elementlari miloddan avvalgi II asrda yunon olimi Hipparx tomonidan yaratilgan boʻlsa-da, uning mukammal shakli IX asrdan boshlab ilm-fan muhitida rivojlantirilgan.
Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy va boshqa buyuk olimlar usturlobning nazariy va amaliy asoslarini takomillashtirib, uni astronomik hisob-kitoblarda, namoz vaqtlarini aniqlashda, qibla yoʻnalishini belgilashda va geografik masofalarni hisoblashda keng qoʻllashgan.
Islom madaniyati orqali usturlob Yevropaga yetdi. Iberiya yarimorolidan Angliya va Gollandiyagacha tarqalgan bu ilm Yevropaning ilmiy inqilobiga taʼsir koʻrsatdi. Yevropa usturloblarining qurilish qoidalari Fargʻoniyning ilmiy merosiga asoslanardi.
– Bu holat har qanday azimutli aylanalar uchun toʻgʻri. Yunon olimlari Almukantar aylanalarini ishlab chiqqan, lekin ularning usturloblari toʻliq emas edi. Buyuk astronom olim, matematik, geograf Fargʻoniy esa usturlob yasash uchun aniq matematik isbotlar va sonli jadvallarni ham taqdim qilgan. Shu bois Yevropa usturlobi qurilishi asosan Fargʻoniyning qoidalariga tayangan, – dedi tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Faxriddin Ibragimov.
Markaz muzeyining “Birinchi Renessans davri” boʻlimi ekspozitsiyada namoyish etilayotgan zamonaviy usturlob XVI asrda Belgiyaning Lyoven shahrida yasalgan mashhur namuna dizaynidan ilhomlangan. Orqa tomonida anʼanaviy arab usturloblariga xos toʻrtburchak bloklar saqlanib, zamonaviy funksiyalar — uzunlikni tuzatish va vaqt tenglamasi kiritilgan. Diametri — 18 sm. Qiziqarli jihati shundaki, Yer ogʻishi sababli mashhur Antares yulduzi joylashtirilmagan, uning oʻrniga Chayon burjidan Dshubba yulduzi kiritilgan.
Markaz ekspozitsiyasidan oʻrin olgan bu kabi asboblar Markaziy Osiyo olimlarining insoniyat taraqqiyotiga qoʻshgan bebaho hissasini ochib beradi.
Eng ko‘p o‘qilganlar

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.


