Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Britaniyadan Oʻzbekistonga qaytgan oʻzbek sanʼatining bebaho durdonasi muzeyda

 

 

Qush shaklidagi koʻza. Markaziy Osiyo, XIII-XIV asrlar

 

Buyuk Britaniyadagi nufuzli DAVID AARON galereyasidan Oʻzbekistonga olib kelingan qush shaklidagi sopol koʻza Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining eng bebaho va mazmunli asarlaridan biriga aylandi. XIII–XIV asrlarga oid ushbu noyob artefakt Markaziy Osiyo kulolchilik sanʼatining yuksak badiiy va falsafiy darajasini, Amir Temur davrida shakllangan hunarmandchilik maktablarining bebaho merosini yaqqol namoyon etadi.

 

XIII–XIV asrlarga oid mazkur noyob artefaktning shakliy yechimi, ranglar uygʻunligi va nafis bezagi oʻsha davr kulollarining yuksak texnik mahorati, kompozitsion didi va chuqur falsafiy qarashlarini namoyon etadi. Amir Temur davri nafaqat siyosiy qudrat, balki ilm-fan, meʼmorchilik, sanʼat va amaliy hunarlarning jadal ravnaq topgan davri sifatida tarixda alohida oʻrin tutadi. Aynan shu davrda gilamdoʻzlik, yogʻoch oʻymakorligi, zardoʻzlik, misgarlik va tosh oʻymakorligi bilan bir qatorda kulolchilik sanʼati ham yangi bosqichga koʻtarildi. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva va Koʻhna Urganch kabi shaharlar hunarmandchilikning yirik markazlariga aylangan.

 

Arxeologik topilmalar bu hududlarda kulolchilik texnikasi, shakliy yechimlar va bezak madaniyatining yuqori darajada boʻlganidan dalolat beradi. Buyuk Britaniyadagi dunyoda oʻz nufuziga ega DAVID AARON galereyasidan olib kelingan bu artefakt ana shunday yuksak badiiy muhit mahsulidir.

 

 

Artefaktdagi qush obrazi bejiz tanlanmagan. Markaziy Osiyo sanʼatida u qadimdan qush — ruh ozodligi va yuksalishga intilish, parvoz — bilim va kamolot sari harakat, sopol esa inson mehnati va yer bilan bogʻliqlik ramzidir. Demak, bu buyum insonning ilohiy va dunyoviy olam oʻrtasidagi uygʻun bogʻliqligini ifodalaydi. 

 

Rustam Jabborov, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kotibi: 

 

– Mazkur asar polixrom texnikada, yaʼni bir necha rangdagi boʻyoqlardan foydalanilgan holda ishlangan. Bu uslub XIII–XIV asrlarda Movarounnahr hududida kulolchilik sanʼatining eng ilgʻor yutuqlaridan biri boʻlgan. Qizil, oq va koʻk ranglarning uygʻunligi buyumga nafislik va jonlilik baxsh etadi. Shu bilan birga, bu ranglar chuqur ramziy maʼnoga ega: oq rang poklik va maʼnaviy tozalikni, koʻk rang samoviylik va ilohiylikni, qizil rang esa hayot, quvvat va joʻshqinlikni anglatgan. Rang va shakl uygʻunligi koʻzani nafaqat estetik jihatdan jozibador, balki maʼnaviy mazmunli sanʼat asariga aylantirgan”.


Manbalarga koʻra, XIII–XIV asrlarda bu hududda bir necha kulolchilik maktablari shakllangan boʻlib, Samarqand maktabi nafis naqsh va sir bilan, Buxoro maktabi geometrik bezaklarga boyligi bilan, Xorazm maktabi esa hayvon va qush shaklidagi idishlar yasashdagi mahorati bilan ajralib turgan.

 

Tadqiqotchilarning fikricha, ushbu koʻza aynan Xorazm kulolchilik maktabi ruhini eslatadi. Bu uslub keyinchalik boshqa hududlarga ham tarqalib, umumiy oʻzbek kulolchilik anʼanalarining ajralmas qismiga aylangan. 

 

Sharq kulolchilik sanʼatining qadimiy namunasi boʻlgan ushbu qush shaklidagi koʻza Islom sivilizatsiyasi markazining “Ikkinchi Renessans” davri boʻlimida namoyish etilmoqda. Bu koʻza nafaqat oʻtmish madaniyatini oʻrganish uchun, balki zamonaviy Oʻzbekiston uchun ham ramziy ahamiyatga ega. Qadim ustalar tomonidan yaratilgan har bir buyum xalqning intellektual salohiyati va estetik tafakkuri mahsuli boʻlib, bugungi avlodni ham ilhomlantiradi.

carousel image 1
carousel image 2

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.