Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Yangi Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasidan xabardormisiz?

 

"Yangi Oʻzbekiston - yangi Renessans poydevori" ekspozitsiyasi

 

Oltin medallar, startaplar, qamrab olingan millionlab loyihalar… Bu tasodifmi yoki chuqur oʻylangan davlat siyosati natijasimi? Oʻzbekiston aholisining 60 foizini tashkil etgan kuch ortida Yangi Renessans poydevori qoʻyilayotgani rostmi?

 

Bugun Oʻzbekiston aholisining  60 foizini 30 yoshgacha boʻlganlar tashkil etadi. Bu raqam oddiy statistika emas, balki mamlakat kelajagini belgilovchi ulkan kuch va salohiyatdir. Shu bois Yangi Oʻzbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Chunki barqaror taraqqiyot, millatning ertangi kuni va Uchinchi Renessans poydevori aynan bilimli, ijodkor va tashabbuskor yoshlar bilan chambarchas bogʻliq.


Soʻnggi yillarda yoshlarning qalbida sanʼatga mehr uygʻotish, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish yoʻlida ulkan ishlar amalga oshirildi. Bugun respublika boʻylab 840 ta madaniyat markazi, 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi va 10 mingdan ortiq umumtaʼlim maktablarida 93 mingdan ziyod toʻgaraklar faoliyat yuritmoqda. Ushbu ijod maskanlariga 12 million 400 ming nafar yoshlar jalb etilgani bejiz emas. Mahalladan respublika darajasigacha besh bosqichda oʻtkaziladigan “Besh tashabbus olimpiadasi” esa 13 milliondan ortiq yoshlarning isteʼdodini kashf etish va namoyon qilish uchun keng maydonga aylandi.

 

 

Bu yerda Oʻzbekiston yoshlari va sportchilari yutuqlarini aks ettiruvchi dinamik videomateriallar namoyish etilgan


Yoshlarning kuch-gʻayrati va irodasi sport maydonlarida ham yorqin namoyon boʻlmoqda. 

 

2024 yil Parij shahrida boʻlib oʻtgan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston tarixda ilk bor 90 nafar sportchi bilan 19 ta sport turi boʻyicha qatnashdi. Natijada 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medal qoʻlga kiritilib, mamlakatimiz umumjamoa hisobida 13-oʻrinni egalladi. Paralimpiya oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan 26 ta medal esa Oʻzbekiston sport tarixidagi eng yuqori natija sifatida qayd etildi. 

 

Futbol boʻyicha milliy terma jamoaning Jahon chempionatiga ilk bor yoʻllanma olishi, U-17 terma jamoasining Osiyo kubogidagi gʻalabalari yoshlar sportida yangi davr boshlanganini yaqqol koʻrsatmoqda.

 

Raqamli texnologiyalar va IT sohasida yaratilgan imkoniyatlar esa yoshlarning intellektual salohiyatini dunyo miqyosida namoyon etmoqda. IT Park rezidentlari tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar hajmi bir necha barobar oshib, IT xizmatlar eksporti 140 million dollarga yetdi. 

 

“Bir million dasturchi” loyihasi, sunʼiy intellekt boʻyicha oliy taʼlim dasturlarining joriy etilishi, yosh dasturchilar uchun grant va subsidiyalar ajratilishi raqamli avlodni shakllantirish yoʻlida mustahkam poydevor boʻldi. Oʻzbekiston yoshlarining xalqaro robototexnika va kibersport musobaqalaridagi yutuqlari ushbu islohotlarning amaliy samarasi ekanini tasdiqlaydi.

 

 

Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish ham eʼtibordan chetda qolmadi. “Maʼrifat karvoni” tadbirlari doirasida millionlab kitoblar yoshlar qoʻliga yetkazildi, “Yosh kitobxon” tanlovi orqali minglab isteʼdodli yoshlar kashf etildi. Audio va elektron kitoblarning keng joriy etilishi esa mutolaani zamonaviy va ommabop jarayonga aylantirdi.

 

Xotin-qizlar bandligi va ijtimoiy faolligini oshirish borasida erishilgan natijalar ham alohida eʼtiborga loyiq. Minglab yangi ish oʻrinlari yaratildi, xotin-qizlar uchun imtiyozli kreditlar, grantlar va taʼlim kvotalari joriy etildi. “Raqamli avlod qizlari” loyihasi orqali minglab qizlar IT, sunʼiy intellekt va «yashil» iqtisodiyot yoʻnalishlarida oʻz startap gʻoyalarini hayotga tatbiq etmoqda.


Shu bilan birga, yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Taʼlim tizimidagi tub islohotlar natijasida maktabgacha va oliy taʼlim qamrovi sezilarli darajada oshdi, yuzlab yoshlar dunyoning nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda. 

 

Startaplarni qoʻllab-quvvatlash, venchur sarmoyalar va “Yoshlar biznesi” dasturlari orqali minglab yoshlar oʻz mehnati evaziga barqaror daromad manbaiga ega boʻlish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

 

Sharofat Yunusova, Markaz ilmiy xodimi:

 

– Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans poydevori” boʻlimida namoyish etilayotgan “Yoshlar – Yangi Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi” ekspozitsiyasi ana shu gʻoyaning hayotdagi amaliy ifodasidir. U soʻnggi yillarda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, keng qamrovli islohotlar va erishilgan yutuqlar manzarasini bir butun holda ochib beradi.


Mazkur ekspozitsiya Yangi Oʻzbekistonda yoshlar kelajak va bugunning hal qiluvchi kuchi ekanini, Uchinchi Renessans poydevori aynan bilimli, tashabbuskor va vatanparvar yoshlar tomonidan barpo etilayotganini bilan namoyon etadi.

 

Shahnoza Rahmonova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin 

carousel image 1
carousel image 2
carousel image 3

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.