
Yangiliklar
Naqshbandiya taʼlimotining ilk qoʻlyozmasi
Asrlar qaʼridan yetib kelgan har bir qoʻlyozma — bu faqat qogʻoz va siyoh emas, balki butun bir davrning tafakkuri, qalbi va maʼnaviy dunyosi aksidir. XV asrda yaratilgan “Risolayi qudsiya” ana shunday noyob asarlardan biri boʻlib, u Naqshbandiya taʼlimotining ilk nazariy qiyofasini, tasavvufda fikr, sukut va amal uygʻunligini yorqin namoyon etadi. Bugun ushbu qoʻlyozma Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etilar ekan, u nafaqat olimlar, balki maʼnaviy merosga qiziqqan har bir oʻquvchini asrlar osha maʼrifat sayohatiga chorlaydi.
“Risolayi qudsiya” qoʻlyozmasi XV asrda Markaziy Osiyoda tasavvufiy tafakkurni koʻrsatib beruvchi muhim yozma manbadir. Asar Xoja Muhammad Porso tomonidan fors tilida yozilgan boʻlib, mavjud nusxasi 1470 yil bilan sanaladi.
Asar yaratilgan davr Amir Temur hukmronligi bilan bogʻliq boʻlib, bu davrda diniy va dunyoviy ilmlar faol rivojlandi. Islom olamida tarixiy yuksalish jarayoni yuzaga kelib, mutasavvif shayxlar va yetuk olimlar maydonga chiqdi.
Ana shunday muhitda yetishgan Muhammad Porso ilmiy faoliyatini Buxoroda olib borgan. U Ibn Mahmud Hofiziddin Buxoriydan hadis, fiqh va tasavvuf ilmlarini oʻrgangan. Manbalarda Porso “ilmga iqboli boʻlgan, xudojoʻy, taqvodor va pokiza” sifatida tilga olinadi.
Xoja Muhammad Porso Bahouddin Naqshbanddan diniy ilmlarni chuqur egallagan va ustoz vafotidan keyin ikkinchi xalifa sifatida tariqat gʻoyalarini davom ettirgan.
U “dil ba yor, dast ba kor” shiori asosida qalban Alloh zikrida boʻlish, shu bilan birga jamiyat hayotida faol ishtirok etish gʻoyasini targʻib qilgan. Manbalarda u chinakam darvesh (xilvat dar anjuman), viloyat darajasi, sohib karomat shayx sifatida taʼriflanadi. Porso faoliyati faqat diniy soha bilan cheklanmagan: u shayxulislom, sadr va qozilar bilan muloqot qilgan, ijtimoiy hayotda ham muhim rol oʻynagan.
Maʼsudxon Ismoilov, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti:
– Muhammad Porsoning “Risolayi qudsiya” asari aynan shu tajriba va ilmiy muhit mahsuli sifatida yuzaga kelgan. Asarda Xoja Bahouddin Naqshbandning qudsiy kalimalari sharhlanadi. Muhammad Porso bu kalimalarni Naqshbandning oʻz ogʻzidan eshitilgan muborak soʻzlar sifatida qayd etadi va ularni izohlaydi.
Naqshbandiya taʼlimotida fikr, sukut va amal oʻzaro bogʻliq tushunchalar sifatida qaralganini koʻrsatadi. Matnda qudsiy kalimalar Muhammad alayhissalomga ilohiy ilhom tarzida yetgan soʻzlar sifatida talqin qilinadi. Bu yondashuv asarning tasavvufiy emas, balki aniq nazariy va manbaviy asosga ega ekanini koʻrsatadi.
Mazkur risola orqali Xoja Muhammad Porso oʻzini faqat shayx emas, balki ustozidan eshitilgan kalimalarni tartibga solgan va sharhlagan mutafakkir sifatida namoyon etadi. Asar Bahouddin Naqshband hayoti, uning xizmatlari va Naqshbandiya asoslari haqida chuqur maʼlumot beradi.
Shu sababli “Risolayi qudsiya” XV asr tasavvuf tarixini oʻrganishda muhim manba boʻlib, Naqshbandiya tariqatining dastlabki nazariy koʻrinishini aniq matnlar orqali ochib beradi.
Muhammad ibn Hoji Muhammad al-Kalidariy tomonidan Sharq qogʻozida, nastaʼliq xatida koʻchirilgan ushbu qoʻlyozma Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida taqdim etilmoqda.
Eng ko‘p o‘qilganlar

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.


